“Toshkent – Andijon” va “Toshkent – Samarqand” pulli yoʻllarning qurilishi 2025-yilda boshlanadi. Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov “Oʻzbekiston 24”ga bergan intervyusida aytib oʻtdi.
Transport vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi transport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Jahon banki koʻmagida yangi “Toshkent – Andijon” tezyurar avtomagistralini qurish loyihasi ishlab chiqildi.
Umumiy uzunligi 314 kilometr boʻlgan bu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkentdan Andijonga yetib borish vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirishi mumkin.
Shuningdek, “Toshkent – Angren – Qamchiq dovoni” uchastkasini qurish ishlarini amalga oshirish yuzasidan xususiy sherikni aniqlash boʻyicha joriy yilning 22-yanvar kuni eʼlon qilingan tenderga koʻplab yetakchi xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirmoqda.
Uchastkaning loyihaviy tavsifi:
- 1A toifasidagi 6 ta harakat polosali uchastka — 138 km
- 1A toifasidagi 4 ta harakat polosali uchastka — 33 km (tonnel qismi)
- Tunnellar soni: 10 ta, shu jumladan eng uzuni — 6,7 km
Loyihaning amalga oshirilishi qulay harakatlanish sharoitlarini taʼminlaydi, yoʻl harakati xavfsizligini oshiradi va hududlararo logistika jarayonlarini sezilarli darajada tezlashtiradi.
Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni yirik transport infratuzilmasi loyihalari boʻyicha hisobot bilan tanishgandi.