Sharqona yangi yil boshlanadigan qutlugʻ kun – Navroʻzi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida beqiyos oʻrin tutib kelmoqda.
Bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan olijanob gʻoyaga hamohang boʻlib, tom maʼnoda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda.
Ushbu ulugʻ faslning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan gumanizm, odamzotni butun borliqning gultoji sifatida eʼzozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon boʻlmoqda.
Aynan ana shunday ezgu qadriyatlar tufayli yurtimizda aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatning hech bir aʼzosini mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan, barcha tabiat neʼmatlaridan oqilona foydalanish ustuvor vazifamizga aylanmoqda.
“Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot” yili»da nishonlanadigan bu yilgi Navroʻz shodiyonalari shu bois yangicha ruh va mazmun kasb etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻzi olamning koʻp millatli jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini, birdamlik ruhini mustahkamlashdagi beqiyos oʻrni va ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu ayyomni Yangi Oʻzbekistonning bugungi salohiyati va nufuziga har tomonlama munosib tarzda nishonlash maqsadida:
1. 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy boʻlsin, Navroʻz!” degan bosh gʻoya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlansin.
2. Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va “Nuroniy” jamgʻarmasining taklifiga koʻra 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramining
gʻoyaviy-badiiy konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
3. 2025-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita (A.N.Aripov) bir hafta muddatda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Konsepsiya asosida ishlab chiqiladigan Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlash boʻyicha tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin, shuningdek, uning amalga oshirilishini taʼminlasin.
4. Joylarda Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan barcha tadbirlarni milliy qadriyat va anʼanalarimiz hamda bugungi islohotlarimizning maʼno-mohiyatiga, Konsepsiyada bayon etilgan asosiy yoʻnalish va tavsiyalarga mos holda, yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
bayram tadbirlarini borliqning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni bugungi tinch va osuda hayotimizni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga undaydigan taʼsirchan mazmun va shakl bilan oʻtkazish;
mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar Navroʻzning insonparvarlik va inklyuzivlik mohiyatiga, azaliy qadriyat va anʼanalariga hamohang ekanini aks ettirish;
bu yilgi Navroʻz bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni yozish hamda turli xayriya tadbirlarini oʻtkazish;
“Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, koʻcha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish aksiyalarini, umumxalq hasharlarini oʻtkazish;
jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish qilish;
bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlari tashkil etish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda bu borada koʻrgazmali savdo va tanlovlarni uyushtirish;
barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hududda uni nishonlash bilan bogʻliq udum va anʼanalarni keng targʻib qilish;
Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish.
5. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O.Hasanov), Yozuvchilar uyushmasi (S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Konsepsiyaga muvofiq Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan asosiy konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
a) bir hafta muddatda Navroʻz umumxalq sayillarini oʻtkazish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutadigan hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, koʻchava xiyobonlarni milliy uslubda bayramona bezatish;
mazkur sayil va tomoshalarni mahalliy tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrish;
bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar, koʻrgazmalar oʻtkazish, bahoriy taomlar sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil qilish;
b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, koʻchalar, maydon va xiyobonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;
v) barcha tadbirlar jamoat xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilingan holda oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlarining xarajatlari:
Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahri mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2025-yil 21-fevral