Yashab turgan xonadonimda qisqa taʼmirlash ishlarini bajardik. Usta issiq va sovuq suv tarmoqlarini sozlash uchun quvurlarni yangilash kerakligini aytdi. Rozi boʻldim.
“Faqat bir kun vaqt ketadi, suvni tarmoqdan uzib turaman”, dedi u.
“Baraka toping, tuzatib bersangiz boʻldi”, deya bozordan kerakli jihozlarni olib kelishga shoshdim.
Dam olish kuni, usta ishga kirishdi, men yordamchi boʻldim. Ularning ham ishi qiyin ekan, boshida jiddiy kirishgan edim, tushga yaqin holdan toydim. Keyin zeriktirmaslik uchun gapga zoʻr berdim. Uyda bolalar bor, birin-ketin hojatxonaga kirishni boshladi.
Sovuq suv oʻchirilgan, qoʻshnidan suv olib, hojatxona suvdonini toʻldirib qoʻydim. Dastlab ikki-uch marta olib kelganimda bilinmadi. Keyingi safar 10 litr suv bilan suvdonni toʻldirdim, oʻgʻlim kirib chiqdi va tugmachani bosdi, bir deganda 10 litr suv oqib ketdi.
Yana 10 litr suv olib kelib quydim va tugmani bosdim. Buni ongli ravishda tasavvur qilish imkonsiz: bir daqiqada suv oqib ketdi. Boshimda kuchli ogʻriq turdi. Uyga ichish maqsadida 10 litr suv olib kelib qoʻyaman — isteʼmol uchun, bolalar chanqaganda ichib ketaveradi. Bir haftaga yetadi. Hozir esa oʻsha 10 litr suvni bir lahzada tugmachani bosib, yaroqsiz holga chiqarib yubordim. Suv ketdi, men esa...
Darhaqiqat, suv inson hayoti, tabiat va iqtisodiyotning asosiy manbai hisoblanadi. Uning muqobili yoʻq. XXI asrda global iqlim oʻzgarishi, aholi soni ortishi va sanoat rivoji bilan bogʻliq ravishda toza ichimlik suv masalasi butun dunyoda keng koʻlamli ekologik va ijtimoiy muammoga aylandi. Ayniqsa, quruq iqlimga ega va transchegaraviy suv manbalariga bogʻliq mamlakatlarda bu muammo yanada dolzarb tus olmoqda.
Xalqaro meteorologiya tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, 2050-yilga borib Yer yuzi aholisining 5 milliardi ichimlik suvdan yetarli darajada bahramand boʻla olmasligi mumkin. Birgina 2018-yilda 3,6 milliard inson kamida bir oy ichimlik suvsiz qolgan. Mazkur hisobot 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va ilmiy markaz tomonidan berilgan xulosalar asosida qilingan. U taqdim etayotgan raqamlar naqadar xavotirli ekanini koʻrish mumkin.
Biz hali ham yetarli darajada tasavvur qila olmayotgan fojiani misollar bilan asoslashga harakat qilaman. Masalan, sanoatlashtirishgacha boʻlgan davrdan boshlab hozirga qadar namchil hududlarning 80 foizi yoʻq boʻlib ketgan. Shuningdek, oxirgi 20-yilda ichimlik suv zaxirasi har yili bir santimetrga pasayib bormoqda. Bunda yogʻingarchilik, yer osti va yer usti suvi, muzliklarni qoʻshib hisoblash ham kiradi. Qurgʻoqchilikning davomiyligi oxirgi 20-yilda 29 foiz oshgan.
Suvsizlik koʻplab davlatlarda asosiy muammoga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, Afrika uchun bu ogʻir kechishi kutilmoqda. Hozir 2 milliarddan ortiq inson suv tanqis mamlakatlarda yashaydi, ular ichimlik suv va kanalizatsiya muammosidan aziyat chekmoqda.
Mamlakatimizda suv resurslarining katta qismi Amudaryo va Sirdaryo hisobiga toʻgʻri keladi. Ichki suv manbalari cheklangan, asosan, yer osti suvlari va mavsumiy oqimlardan iborat. Ichki suv resurslari yiliga taqriban 15-16 milliard kub metrni tashkil etsa, umumiy suv sarfi 50 milliard kub metrdan oshib ketadi.
Bu holat mamlakatni tashqi manbalarga qaram qilib qoʻyadi. Shu sabab suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni tejash va qayta tiklash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylangan.
Geografik joylashuvi va hududlar taqsimotiga koʻra, Oʻzbekistonning hududlari boʻyicha ichimlik suv yetib borish darajasi juda nomutanosib. Suv xoʻjaligi vazirligining 2023-yilgi maʼlumotlariga koʻra, umumiy aholining 27 foizi toza ichimlik suv bilan doimiy taʼminlanmagan. Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida suv taʼminoti muammolari aholining turmush darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
“Oʻzsuvtaʼminot” raisi oʻrinbosari Xurshid Rahmatullayev joriy yil fevralda oʻtkazilgan matbuot anjumanlaridan birida taʼkidlashicha, bizda standart talablari bir oz yuqori, yaʼni oqova suv tizimlaridan tashlanadigan suvga nisbatan talab katta. Yevropa yoki rivojlangan bir qator davlatlarda tozalangan oqova suv dengiz, daryo yoki okeanga chiqarib yuboriladi. Shu sabab ularda bu talablar bir oz pastroq. Bizda esa oqova suvlar, asosan, yerga yoki keyinchalik foydalaniladigan daryolarga oqiziladi. Mazkur masalada toʻgʻri va yaxshi maʼnodagi bahs-munozaralar ketyapti. Bu ham loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirishga muayyan darajada taʼsir qiladi.
Qoraqalpogʻistonda aholining faqat 40 foizi markazlashtirilgan ichimlik suv tarmogʻiga ulangan. Bu hududda Orol fojiasi tufayli yer osti suvi shoʻrlanishi va xavfli moddalar bilan ifloslanishi aholi sogʻligʻiga tahdid soladi.
Navoiy viloyatida koʻp qishloqlar suv manbalaridan uzoqda joylashgan, aksar hollarda aholi suvni sisternalarda olishga majbur boʻladi. Bu nafaqat texnik muammolar, balki sanitariya va gigiyena xavfini ham keltirib chiqaradi.
Yaqinda feysbukda Saidaxon ismli foydalanuvchining bir postiga koʻzim tushib qoldi. Qiziltepa tumanidagi Yakkatut qishlogʻida yoz mavsumida ichimlik suv topish katta muammoga aylanadi. Aholi har kuni belgilangan vaqtda keladigan avtotsisternadan suv olar ekan.
“Keyingi ikki yilda suv sifatsiz kelayotganini payqadik. Bolalarimni qaynatilgan suv bilan yuvintiraman. Yilda ikki marta hojatxonaning suv oqizish tizimini taʼmirlashga majbur boʻlamiz, chunki qurgʻoqchilik ustiga muhandislar ham yetishmaydi”, deb yozadi u.
Mazkur postga munosabat tarzida boʻlmasa ham “Oʻzsuvtaʼminot” raisi oʻrinbosari Xurshid Rahmatullayevning “2035-yilga borib respublika boʻyicha markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanish darajasini 95 foizga yetkazish reja qilingan. Qolgan 5 foizi olis va togʻli yoki tarmoq tortish ishlari texnik va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlamaydigan hududlarga toʻgʻri keladi. Ularga muqobil manbalar, yaʼni suv tashuvchi mashinalar bilan yoki joyida suv taʼminotini taʼminlash choralari koʻriladi”, degan maʼlumotini ilova qilib qoʻyishni maʼqul topdik.
Ekspertlarning qoʻshimcha qilishicha, infratuzilma va moddiy resurslar yetishmasligi, shuningdek, yetarli darajada moliyalashtirish boʻlmagani sababli bu hududlarda ichimlik suv muammosi uzoq yillar davomida hal etilmagan.
— 2025-2030-yillarda respublika boʻyicha qariyb 45 ming kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmogʻi tortilib, 1,8 mingta inshoot qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, aholini uzluksiz ravishda sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash maqsadida yirik shaharlarimizda davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan qator loyihalar amalga oshiriladi, — deydi “Oʻzsuvtaʼminot”AJ boshqaruvi raisi v.b. Ahmad Suvonqulov.
Mahalliy muhandis va ekspert Sherali Otaxonov bunday yozadi: “Agar biz suv tarmoqlaridagi yoʻqotishlarni kamaytirish, foydalanishda avtomatlashgan tizimlarni joriy etish va monitoringni kuchaytirishni uddalasak, aholining katta qismi qoʻshimcha ravishda suv bilan taʼminlanishi mumkin”.
Suv tanqisligining asosiy sabablari
Suvsizlik va qurgʻoqchilik deganda koʻz oldimizga birdaniga Afrika keladi. Qaqragan yer tasviri koʻz oldimizda muhrlanib qolgan. Hozircha boshqa mamlakatlardagi suvsizlikni bu manzaraga mengzab boʻlmaydi. Lekin Afrikadagi kabi qurgʻoqchilikdan boshqa yerlar zarar koʻrmaydi deyish juda xato boʻladi. Masalan, Braziliya oʻz tarixidagi eng yirik qurgʻoqchilikni boshdan oʻtkazmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, uning energotizimiga ham taʼsir koʻrsatadi. Chunki mamlakatdagi asosiy elektr energiyasi gidroelektrostansiyalarda ishlab chiqariladi. AQSHning Kaliforniya shtatida qurgʻoqchilik sabab keng koʻlamdagi oʻrmon yongʻinlari kuzatilmoqda. Shuningdek, Avstraliya, Fransiya, Turkiya kabi davlatlarda ham qurgʻoqchilik, issiq havo sabab vaqti-vaqti bilan oʻrmon yongʻinlari yuz bermoqda.
Oʻzbekistonda esa suv tanqisligining bir necha asosiy omili bor. Birinchidan, iqlim oʻzgarishi tufayli yogʻingarchilik kamayishi va yoz mavsumi issiqroq va quruqroq boʻlishi suv manbalari qurib qolishiga olib kelmoqda. Bu holat sugʻoriladigan yerda hosildorlikni pasaytiradi va aholi uchun ichimlik suv zaxiralarini kamaytiradi.
Ikkinchidan, qishloq xoʻjaligida suvning 70-80 foizi kanal va ariqlar orqali yetkaziladi, bu esa yoʻqotishlarning katta ¬qismini tashkil etadi. Mutaxassislarning baholashicha, sugʻorish jarayonidagi suv yoʻqotishlari 35-40 foizga yetadi. Masalan, Fargʻona vodiysidagi suv kanallari 50-yildan ortiq vaqt oldin qurilgan, ularda izolyatsiya yoki zamonaviy nazorat mexanizmi mavjud emas.
Uchinchidan, suv resurslarining asosiy qismi (85 foiz) transchegaraviy manbalarga bogʻliq. Amudaryo va Sirdaryo Qirgʻiziston, Tojikiston va Afgʻoniston hududlaridan boshlanadi. Bu davlatlar tomonidan qurilayotgan yangi GESlar va suv omborlari Oʻzbekistonga keladigan suv oqimini kamaytirishi mumkin.
Toʻrtinchidan, aholining oʻsishi va urbanizatsiya jarayonlari ham suv tanqisligiga olib kelmoqda. Oʻzbekiston aholisi birgina 2025-yilning har bir oyida oʻrtacha 51,5 ming kishiga koʻpaymoqda. Bu esa suvga talabni oshiryapti.
Ekolog va muhandis Dilfuza Rahimova bunday deydi: “Suv tejash texnologiyalarini joriy etish — bizdagi eng katta ehtiyoj. Agar biz tomchilatib sugʻorish, qayta ishlash va intellektual boshqaruv tizimlarini keng qoʻllasak, suvdan foydalanishda 30 foizgacha samaradorlikka erishishimiz mumkin”.
Xalqaro tajriba nima deydi?
BMTning suv qoʻmitasi va UNESCO birgalikda tayyorlagan hisobotlarga koʻra, 2050-yilga borib suvga talab 20-30 foiz oʻsishi taxmin qilingan. Buning sababi esa demo-grafik oʻsish, iqtisodiy rivojlanish, isteʼmol tarzining evolyutsiyasi hisoblanadi. Hozir suv tanqisligi xavfi yuqoriligicha qolayotir. Chunki suv resurslari yomon boshqarilmoqda.
“Hokimiyat va keng jamoatchilikni xabardor qilish uchun masʼul boʻlgan milliy meteorologiya va gidrologiya xizmatlarining 60 foizi suv sektori uchun iqlim xizmatlarini koʻrsatish imkoniyatiga ega emas” deb hisoblaydi Xalqaro meteorologiya tashkiloti mutaxassisi Petteri Taalas. 2018-yildan buyon suv resurslarini boshqarish samaradorligi umumiy 10 foiz yaxshilangan boʻlsa-da, tahlil qilingan 166 mamlakatdan 26 tasida yomonlashgan. “107 ta davlat hali ham 2030-yilga borib suv resurslarini barqaror boshqarishga erishishning toʻgʻri yoʻlida emas”, deb xavotirini bildirgan mutaxassis.
Yevropa davlatlarida ham qishloq xoʻjaligidagi isrof boʻlayotgan chuchuk suv zaxiralari katta muammo hisoblanadi. Yevropa hisob palatasi hisobotida taʼkidlanishicha, Yevropa qishloq xoʻjaligi siyosati suv isrofgarchiligiga sabab boʻlmoqda. Chunki asosiy moliyalashtiriladigan mahsulotlar guruch, yongʻoq va meva-sabzavot kabi suvni koʻp talab qiladiganlardir. Shuningdek, bu mahsulotlar yetishtiriladigan hududlar ham suv tanqis joylarga toʻgʻri keladi.
Maqolani yozish jarayonida mavzu boʻyicha qator mamlakatlar tajribasiga diqqat qaratishga toʻgʻri keldi.
Singapurda har bir yomgʻir tomchisi davlat iqtisodiyoti uchun qadrli hisoblanadi. Bu yerda “NEWater” deb ataladigan suvni qayta ishlash dasturi boʻlib, foydalanilgan suv maxsus tizimlar orqali tozalanib, yaxshi sifatda qayta foydalanishga yoʻnaltiriladi. Shu tariqa Singapur oʻz ehtiyojining 40 foizdan ortigʻini qayta ishlangan suv orqali taʼminlaydi.
Avstraliyada qurgʻoqchilikka qarshi milliy strategiya qabul qilingan, unda hududiy suv zaxiralari, nomarkazlashgan tizimlar, suv narxlarini bozor mexanizmlari asosida belgilash va jamoatchilik ishtiroki kabi usullar qoʻllanilmoqda.
BMT va Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar suv resurslarini samarali ¬boshqarish, hududlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va investitsiya jalb etish orqali kam suvli mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlamoqda. Xalqaro ekspert, doktor Lars Petersen bunday taʼkidlaydi: “Oʻzbekiston suv muammosini yechish uchun mintaqaviy sheriklik, ilgʻor texnologiyalar va taʼlimni birgalikda joriy etishi zarur”.
Ichki islohotlar va insoniy burch
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda ichimlik suv bilan bogʻliq muammolarni hal etish maqsadida qator davlat dasturlari va xalqchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2020-yil 10-iyuldagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi. 2023-yil 11-sentyabrda “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilinib, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining 5 ta ustuvor yoʻnalishidan uchinchisi aynan suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga bagʻishlandi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 17-mart kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida bu yil 1619 kilometr ichimlik suv, 521 kilometr oqova suv tarmogʻi tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilganini taʼkidladi. Natijada 715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suv yetib boradi, 135 ming xonadon oqova suv tarmogʻiga ulanadi, 157 ming isteʼmolchiga zamonaviy hisoblagich oʻrnatiladi.
Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga joriy yilgi tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suv boʻyicha 340 million yevrolik 3 ta loyiha kelishilgan edi. Fransiyaning “Suez” kompaniyasi Denov, Shoʻrchi, Sariosiyo va Qumqoʻrgʻondagi ichimlik suv taʼminotini xususiy boshqaruvga olyapti. Natijada viloyatda markazlashgan ichimlik suv qamrovi 90 foizga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, sohani raqamlashtirish boʻyicha sezilarli ishlar qilinmoqda. Buning uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilinishi belgilangan. Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4800 ta “aqlli” hisoblagich, 2800 ta telemetriya tizimi oʻrnatish koʻzda tutilgan. Bu yaqin kelajakda yoʻqotishlarni kamaytirish va resurslardan samarali foydalanishga imkon beradi.
Albatta, bu kabi raqamlar inson hayotidagi eng muhim ehtiyoj — toza ichimlik suv bilan aholini taʼminlash kelgusi yillarda sezilarli darajada oshishidan darak beradi. Ammo masalaning yana bir muhim jihati, ekologik taʼlim va aholi oʻrtasida maʼrifat ishlarini ham keng yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq boʻladi.
Toʻgʻri, maktablar va oliy oʻquv yurtlarida suvni tejash, undan maqsadli foydalanish boʻyicha darslar kiritilgan. Aholi oʻrtasida kam suv sarflaydigan uskunalarni qoʻllash borasida subsidiyalar va tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Shunga qaramay, har kuni sarflanayotgan suv koʻlami, ayniqsa, behuda oqib ketayotgan suv miqdori shunchalar kattaki, uni kichik raqamlarda ifodalab boʻlmaydi. Oddiygina oʻz vaqtida tuzatilmagan suv qurilmalari yoki katta miqdorda yer ostidan otilib chiquvchi suvni yopib qoʻyish uchun buragichlar qoʻyilmasligi yoxud ekinni notoʻgʻri sugʻorish kabilar muammo koʻlamini tobora kuchaytirib yubormoqda.
Suv tanqisligi nafaqat iqtisodiy, balki ekologik va ijtimoiy jihatdan ham jiddiy oqibatlarga olib kelayotir. Qoraqalpogʻiston va Xorazmda Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq ekologik falokat iqlimning isib borishi, yerlar shoʻrlanishi va bioxilma-xillikning yoʻqolishiga sabab boʻldi. Bu, oʻz navbatida, aholi salomatligi, hosildorlik va yashash sharoitiga katta taʼsir koʻrsatmoqda.
Mutaxassislar fikricha, suv manbalarining qurishi hayvon va oʻsimliklar hayot tarziga salbiy taʼsir qiladi. Sirdaryo va Amudaryo havzalaridagi baliqlar populyatsiyasi keskin kamaygan, choʻllanish jarayonlari esa yangi hududlarni qamrab olmoqda.
Oʻzbekistonda ichimlik suv muammosini samarali hal etish uchun kompleks yondashuv zarur. Buning uchun texnik, tashkiliy, huquqiy va taʼlim sohalarida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
Avvalo, suv taʼminoti infratuzilmasini yangilash va modernizatsiya qilishga katta eʼtibor qaratish lozim. Eski va samarasiz tarmoqlarni zamonaviy, izolyatsiyalangan quvurlar bilan almashtirish, tomchilatib sugʻorish va qayta ishlash tizimlarini joriy qilish talab etiladi.
Ikkinchidan, aholini suvni tejashga oʻrgatish va bu boʻyicha keng qamrovli targʻibot qilish zarur. Oliy va oʻrta taʼlim muassasalarida suv resurslarini muhofaza qilish mavzusini majburiy fan sifatida kiritish, ommaviy axborot vositalari orqali targʻibot ishlarini kuchaytirish kerak.
Uchinchidan, suv resurslarini boshqarishda raqamlashtirish va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish lozim. Geoaxborot tizimlari, sensorli monitoring, avtomatlashtirilgan hisoblagichlar orqali suvdan samarali foydalanishga erishish mumkin.
Ichimlik suv muammosi Oʻzbekiston uchun nafaqat ekologik, balki ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega dolzarb masaladir. Mavjud resurslardan tejab foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, iqtisodiy mexanizmlarni ishga tushirish va aholini xabardor qilish muammoni hal etishda asosiy omillar hisoblanadi.
Dunyo tajribasi koʻrsatmoqdaki, suv tanqisligiga qarshi kurashda davlat, jamiyat va xususiy sektor hamkorligi, izchil islohotlar va innovatsion yondashuvlar asosiy rol oʻynaydi. Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishdagi harakatlar kuchaytirilmoqda va bu jarayonda ilgʻor amaliyotlarni tatbiq qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ichimlik suvining bir tomchisi oddiy tabiiy resurs emas, balki inson hayoti, bolalar salomatligi, ona yurtning kelajagi bilan chambarchas bogʻlangan qadriyatdir. Agar bugun suvning qadrini bilmasak, ertaga har bir kunimiz omonat boʻlib qolishi mumkin.
Suv ketyapti. Biz-chi? Biz sukutda yashayverishni tanlaymizmi? Yoki har birimiz — fuqaro, amaldor, oila, yoshlar — oʻz zimmamizdagi masʼuliyatni anglab, suv uchun javobgarlikni his qila boshlaymizmi?
Tomchida hayot yashaydi. Uni saqlash faqat davlatning emas, balki har birimizning burchimizdir. Chunki ertaga farzandlarimiz suv emas, hayotni izlashga majbur boʻlib qolmasligi uchun bugun harakat qilishimiz kerak.
Abu Bakir OʻROZOV,
jurnalist