Bu poliklinikalarda oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki 300 dollar boʻladi. Oilaviy shifokor va hamshira malaka sertifikati olsa, yana shuncha ustama toʻlanadi.

Agar ular mahallada yurib, surunkali kasali borlarga vaqt ajratsa, ularni kasallik bilan yashash va uni boshqarishga oʻrgatsa, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, ogʻir asoratlarning oldini olsa, bularning hisobiga tez yordam va statsionarga murojaatni qisqartirsa, shifokorga yana 500 dollar, hamshiraga esa qoʻshimcha 300 dollar beriladi.

«Bir soʻz bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600-800 dollar oylik oladigan tizim qilamiz. Bu orqali biz shunchaki oylikni emas – inson qadrini oshirgan boʻlamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha boʻlishi kerak», — dedi Prezident.

Endi mahallada bitta boʻlsa ham infarkt, insult, onalar va bolalar erta oʻlimi, surunkali kasallik tufayli orttirilgan nogironlik favqulodda holat deb qabul qilinishi lozimligi qayd etildi.