Qayd etilishicha, 2024-yil may oyida BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, BMT ayollar tuzilmasi ijrochi direktori Sima Baxusning Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi mobaynida BMT ayollar tuzilmasi ofisini Toshkentda ochish boʻyicha oliy darajadagi kelishuvga erishilgan. Mazkur kelishuv natijasida Toshkentda BMT ayollar tuzilmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ochildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva BMT ayollar tuzilmasi vakolatxonasi ochilishi mamlakatimizda gender tenglik sohasidagi yutuqlar eʼtirofi ekanini qayd etdi. Ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, konstruktiv hamkorlikni izchil rivojlantirib borishda vakolatxona katta rol oʻynaydi.
BMT ayollar tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori oʻrinbosari Eliza Fernandes Sayens ofisning mamlakat ayollari va qizlari uchun sheriklik, taraqqiyot va umid timsoli sifatidagi ahamiyatini taʼkidladi. Tenglikka erishish yoʻli ushbu ofisning ochilishi bilan tugamaydi, balki yangi umid va toʻxtovsiz oldinga intilish ila davom etadi.
BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl ofisning ochilishi mamlakatning inson salohiyatini rivojlantirish va gender tenglikka qatʼiy sodiqligini tasdiqlashi, BMT ayollar tuzilmasi bilan hamkorlik esa ushbu vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.