Bu haqda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov juma kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻzbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga oʻtishi allaqachon ingliz klubiga mintaqadan millionlab yangi muxlislarning qoʻshimcha eʼtiborini tortgan.
“Oʻzbekistonda 37−38 million xalqimiz boʻlsa, Oʻrta Osiyoning boshqa davlatlari ham shu futbolchimiz sabab „Manchester Siti« jamoasini muntazam ravishda kuzatib borayotgan muxlislari qatoriga qoʻshilishdi”, — dedi Umarov.
Uning soʻzlariga koʻra, City Football Groupʼning yana bir oʻzbekistonlik futbolchini taklif qilish va oʻzbek klubini xalqaro guruhga qoʻshish rejalari bor. “Oʻzbekistondan bir sport klubini, ularning hozirgi guruhida 12 ta sport, futbol jamoasi boʻlsa, 13-komandani, Xudo xohlasa, Oʻzbekistondan olish niyatida yurishibdi”, — dedi u.
Umarovning taʼkidlashicha, avgust oyida Oʻzbekiston delegatsiyasi Angliyaga tashrif buyurib, jamoa tayyorgarligi, seleksiya va oʻyinchilarni tayyorlash jarayoni bilan tanishishi rejalashtirilgan.
«Biz bir qator rejalarni belgilab oldik. Bu yoʻnalishda hali qiladigan ishlarimiz koʻp», — dedi MOQ raisining birinchi oʻrinbosari.