Uning ta’kidlashicha, yurtimizda yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari ortib bormoqda. Faqatgina bir yilda 24 millionga yaqin qoidabuzarlik qayd etilgan bo‘lib, ularning 19 milliontasi tezlik cheklovlari bilan bog‘liq. «Bu holat tizimda nimadir to‘g‘ri ishlamayotganini ko‘rsatadi», – deydi deputat.

Qodirovning fikricha, tezlik cheklovlari joy, vaqt va zaruratdan kelib chiqqan holda belgilashi shart. Masalan, aholi yashamaydigan magistral yo‘llarda 130 km tezlikda harakatlanish imkoniyatini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, qizil chiroqda o‘tish, xavfli manyovrlar orqali qoidabuzarlik qilish yoki boshqa haydovchilar hayotiga tahdid solish holatlariga nisbatan jazolarni keskin kuchaytirish zarurligini alohida qayd etdi.

Deputat davlat xizmat avtomobili haydovchilariga nisbatan ham adolatli nazorat o‘rnatish vaqti kelganini ta’kidladi. «Tartib hamma uchun barobar bo‘lishi kerak», – dedi u.

Qodirov shuningdek, 40-50-yildan beri harakatda yurgan avtomashinalarni bosqichma-bosqich iste’moldan chiqarish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Uning aytishicha, bu muddatni 25-30-yilgacha qisqartirish ham o‘rinli bo‘lishi mumkin. Ammo aholi uchun qulay shart-sharoitlar va qulay takliflar tayyorlanishi lozim.

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida ichki ishlar tizimi xodimlarini tayyorlash masalasi ham deputat e’tiboridan chetda qolmadi.

«Bu sohada faqat ishini yaxshi biladigan, oliy ma’lumotli, jamiyat uchun namunali bo‘lgan xodimlar xizmat qilishi kerak. Jamiyat formadorlar bilan faxrlanishi kerak», – dedi u.

Alisher Qodirovning ta’kidlashicha, tartib jamiyat uchun hayotiy zarurat hisoblanadi. Ammo unga adolatli yondashmasdan turib, yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Davlat rahbari ishtirokida o‘tgan ochiq va tahliliy ruhdagi yig‘ilishda mazkur masalalar atroflicha muhokama qilindi va qonunchilikka zarur o‘zgarishlar kiritish yuzasidan maslahatlashuvlar boshlandi.