Har bir mahalla — muhofazalangan hududga aylanadi

    Prezident aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan muhim farmon va qarorlarni qabul qildi.

    Jumladan:

    • “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi Farmon;
    • “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaror;
    • “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaror qabul qilindi.

    Ushbu hujjatlar sohani ilmiy-texnik asosda yangilash, xavfsizlik madaniyatini jamiyatda shakllantirish va har bir mahallani muhofazalangan hududga aylantirishni maqsad qiladi.

    Yangi tizimga koʻra, profilaktika ishlari endilikda 9 ming 8 ta mahalla va 7,5 million xonadon darajasida amalga oshiriladi. Har bir hudud xavf darajasiga koʻra “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi.

    Shu asosda har bir mahallada «mahalla muhofazasi xizmati» tashkil etiladi. Inspektorlar aholi bilan hamkorlikda yongʻin, is gazi va elektr xavfi boʻyicha profilaktik ishlar olib boradi. Tizim 2026-yilda Toshkent viloyatida sinov tariqasida yoʻlga qoʻyiladi.

    Bundan tashqari, mahalliy hokimlar har chorakda favqulodda vaziyatlar boʻyicha Kengashlar oldida hisobot beradi.

    Maktabgacha taʼlim muassasalarida “Xavfsiz harakat koʻnikmalari” darslari yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, 11 mingdan ziyod maktab va kollejlarda amaliy mashqlar oʻtkaziladi.

    “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlari tashkil etilib, faol ishtirokchilarga maxsus imtiyozlar beriladi.

    Sohani raqamlashtirishga qaratilgan qaror asosida 14 ta ustuvor loyiha amalga oshiriladi. “Digital Team” jamoasi 35 ta idora mutaxassislarini birlashtirib, xavfsizlik sohasida zamonaviy yechimlar yaratadi.

    Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti «Ilmiy-innovatsion va sinov-tadqiqot instituti» sifatida qayta tashkil etiladi.

    Raqamli yechimlar va sunʼiy intellekt asosida xavfsizlik tizimini yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilgan.

    Qabul qilingan hujjatlar nafaqat davlat tizimini, balki har bir xonadon darajasida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishni maqsad qiladi. Yaʼni, endi xavfsizlik davlatning emas, balki butun jamiyatning umumiy masʼuliyatiga aylanmoqda.