Oʻzbekiston energetika tizimida birinchi boʻlib “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi GESlarda “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi. Endilikda yashil sertifikatlar birja savdosi orqali mahalliy va xorijiy hamkorlarga sotila boshlaydi, deb xabar bermoqda “Oʼzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati.
2023-yil 1-iyuldan boshlab “Oʻzbekgidroenergo” AJ tizimidagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil energiya” sertifikatlari tizimi joriy etildi. Joriy hisob-kitoblarga koʻra, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tasarrufida 53 ta GES mavjud boʻlib, umumiy gidroenergetik quvvati 2 225 MVtga teng. GESlarda ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmidan kelib chiqqan holda, Jamiyat tomonidan yiliga 7 mln. dona “yashil energiya” sertifikatlari birjaga savdoga chiqarilishi hamda talabgorlarga taqdim qilish imkoniyati mavjud. Bir dona “yashil energiya” sertifikati qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda 1000 kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlaydi).
2030-yilga kelib iqtisodiyotimizda energiya samaradorligi 2 karra oshirilib, qariyb 50 milliard kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.
“Yashil energiya” sertifikati (qayta tiklanadigan energiya sertifikatlari deb ham ataladi) quyosh, shamol, gidroenergetika va boshqa qayta tiklanadigan energiya manbalaridan maʻlum miqdorda energiya ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjatdir. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti (I-REC) bilan kelishuvga erishdi hamda ushbu tizimni tartibga soluvchi masʻul organ (emitent) sifatida ushbu tashkilot akkreditatsiyasidan oʻtgan.
Taʻkidlash joizki, I-REC sertifikatlari (“yashil energiya” sertifikatlari)ni sotish mamlakatga ekologik masʻuliyat va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanishga sodiqligini namoyish etish imkonini beradi hamda tabiiy ravishda Oʻzbekistonning xalqaro darajadagi ekologik reytingini oshiradi.