Samarqanda oʻtkazilayotgan UNWTO Bosh Assambleyasi doirasida “Eng yaxshi turizm qishloqlari” nominatsiyasi boʻyicha taqdirlash marosimi oʻtkazildi.
Unda Navoiy viloyatining Syentob qishlogʻi gʻolib deb topildi. U endi Markaziy Osiyodagi UNWTO roʻyxatiga kirgan ikkita turizm qishlogʻidan biri hisoblanadi.
UNWTO har yili iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan barqaror rivojlanayotgan, shuningdek, mahalliy qadriyatlar va anʼanalarni saqlab qolib, targʻib qilib kelayotgan eng yaxshi qishloq turizm qishlogʻini aniqlaydi.
— Qishlogʻimiz ahli azaldan chorvachilik, bogʻdorchilik, dehqonchilik bilan shugʻullangan, - deydi “Sentob” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Murod Mirzayev.- Bugungi kunda turizm faoliyati ham qoʻshildi va qisqa davrda bu soha aholi bandligini taʼminlash, daromadini oshirish uchun katta imkoniyat ekani namoyon boʻldi. Hozirda qishlogʻimizdagi 2300 aholining aksariyati shu sohada yangi barpo etilayotgan oilaviy mehmon uylari va turizm xizmatlari koʻrsatish tarmoqlarida ishlayapti. Hatto ishlash maqsadida xorijga ketgan migrantlarimiz ham yurtimizga qaytib ishlab topgan daromadiga oilaviy mehmon uyi yoki boshqa turdagi turizm xizmati koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyib, oʻzi va oilasining bandligini taʼminlashga hissa qoʻshyapti. Qishlogʻimizning sayyohlik salohiyati xalqaro miqyosda eʼtirof etilishi bu yoʻnalishdagi ishlarimiz rivojiga turtki boʻladi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanib, yurtimizning turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga oʻz ulushimizni qoʻshamiz.