Oxirgi yillarda yurtimiz bo'ylab dron-shoularni o'tkazish ommalashib boryapti. Katta tadbirlar, bayram sanalarida yuzlab, minglab o'zi uchar qurilmalar ishtirokida ko'rsatilayotgan bunday tomoshalar odamlarga qiziq. Dron nomi bilan tanilgan ixchamgina o'zi uchar apparatlarning imkoniyatlari boshqa yo'nalishlarda ham kishilarni hayratga solishda davom etmoqda. Ushbu qurilma bugungi kunda dunyoni zabt etib bo'ldi va undan deyarli barcha sohada foydalanish mumkin. Jahonga mashhur “Amazon” kompaniyasi yuklarni eltib berishda dronlardan foydalanayotgan bo'lsa, Singapurda, allaqachon, ofitsiant-dronlar paydo bo'lib, mijozlarga xizmat ko'rsatyapti.
Dronlarni asrimizning eng zamonaviy qurilmasi, deyish mumkin. Ma'lumotlarga ko'ra, bunday qurilmalar tarixi 1782-yilda ilk havo sharining osmonga ko'tarilishiga borib taqaladi. Birinchi harbiy dron esa 1849-yilda Venetsiyada ishlatilgan. XIX asr oxirlariga borib Nikola Tesla radio boshqaruvli dronlarni taqdim etdi. 1933-yilda britaniyalik muhandislar dronlarning ancha takomillashgan turini ishlab chiqdilar va o'tgan asr davomida ushbu turdagi qurilmalardan asosan harbiy maqsadlarda, maxfiy texnologiya sifatida foydalanildi.
Bizning asrimizga kelibgina kvadrokopterlar, ya'ni, insonlar ham foydalana oladigan hozirgi ko'rinishdagi zamonaviy dronlar paydo bo'lib, qisqa vaqtda ommalashib ketdi. Vaqt o'tgani sari masofadan boshqariladigan uchar qurilmalar takomillashib, hajmi kichrayib borishi bilan ko'plab davlatlarda ularga qiziqish ortdi. Hozir dronlarga xarita tuzuvchi, yer ostidagi kommunikatsiyalarni monitoring qiluvchi, gaz magistrallarini tekshiruvchi, suv osti obyektlari, to'g'onlarni tadqiq etuvchi, chorva mollarini kuzatuvchi kabi vazifalar bemalol yuklatilyapti.
Mamlakatimizda ham dronlardan foydalanish ko'rsatkichi yil sayin oshib boryapti. Bu yurtimizda jadal kechayotgan raqamlashtirish jarayonlarining bir qismidir. Qolaversa, Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravarga oshirish belgilangan. Yurtimizda dron qurilmalaridan foydalanish bo'yicha bir qator vazifalarni amalga oshirib kelayotgan tashkilot ham bor. Kadastr agentligi direktori o'rinbosari, “Geoinnovatsiya markazi” DUK direktori Abdushukur ABDULLAYEV bilan mamlakatimizda dronlardan qanday maqsadlarda foydalanilayotgani haqida suhbatlashdik.
— Uchuvchisiz uchish apparatlari raqamli texnologiyalarning eng zamonaviy shakllaridan biridir. Bunday qurilmalar keng qamrovli bo'lib, bir qancha turlari bor, ammo ular orasida eng mashhuri dronlar hisoblanadi. Ular ham asosan 3 turga — kopter turidagi, samolyot turidagi hamda gibrid-VTOL turdagi qurilmalarga ajratiladi. Bularning har biri yana alohida turlarga bo'linadi. Vazifalari esa deyarli o'xshash bo'lsada, hajm, dizayn jihatdan bir-biridan farqlanadi.
Yurtimiz hududida asosan dronlarning mul`tikopter guruhiga kiruvchi kvadrokopter turi keng tarqalgan. Ixcham hajmi, operator boshqaruvining qulayligi, optimallashgan konstruktsiya va dizayni, aerodinamik qarshilikni to'g'ri taqsimlash kabi qulayliklari bois aerotasvir va turli video kuzatuvlar olish jarayonlarida foydalaniladi. Qolaversa, sanoatning ko'p tarmoqlarida ham shu turdagi dronlar asqotadi.
Mamlakatimizda uchuvchisiz, ya'ni masofadan boshqariladigan uchish qurilmalari (UUQ)dan foydalanish 2014-yillardan boshlangan. Ammo ularning faol kirib kelishi 2016-yilga to'g'ri keladi. 2018-yilda esa Prezident qarori bilan “Geoinnovatsiya markazi” DUK tashkil etilib, ushbu yo'nalishda bir qator vazifalar yuklatildi. Xususan, iqtisodiyot tarmoqlarida UUQni qo'llash va ulardan foydalanish bo'yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish, ular orqali olingan ma'lumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash, shunday qurilmalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish shular jumlasidan. Bu tashkilot oldida dronlarni o'zimizda ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish va tarmoqlarda ulardan foydalanishni keng ommalashtirish vazifasi turibdi, degani.
Yurtimiz sharoitida dronlardan asosan turli ob'ektlarda aerofoto suratga olish, ularning chegaralarini belgilash yoki tekshirib ko'rish, toposuratlar ishlab chiqish, geodeziya va kartografiya ishlari, kadastr sohasida, kino va videotasvirga olish, yerlar va ekin yer maydonlarini monitoring qilish kabi yo'nalishlarda keng foydalanilyapti. O'tgan yildan boshlab markazimizga teplovizorli dronlar olib kelindi. endilikda, ular yordamida issiqlik ob'ektlari, ayniqsa, teploelektrostantsiya (TES)larda yirik isitish qozonlari, shuningdek, issiqxonalar va ularning tutash hududlarida issiqlik fonini kuzatish, bu ob'ektlarning issiqlik xaritalarini ishlab chiqish va shu orqali issiqlik yo'qotishlarini aniqlash bo'yicha tezkor ma'lumotlarni olish, profilaktika ishlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Dronlardan, ayniqsa, qishloq xo'jaligi sohasida keng foydalanyapmiz. Chunki dala maydonlarida ekinlar holatini tekshirib turish, zarur dori vositalarini yerga sepish va boshqa jarayonlarni tezkor hamda aniq amalga oshirishda dronlarni qo'llash ancha qulay. Ular yordamida yerlarni o'g'itlash yoki dorilashning samaradorligi yuqori bo'lib, dala maydoni va mahsulotga ziyon etmaydi. ekologiya hamda inson salomatligi uchun ham zararsiz.
Sohada dronlardan foydalanishga qaratilgan loyihalarni ko'paytirishdan maqsad ham shu. Masalan, 2021-yilda yurtimizda ilk bor qishloq xo'jaligi faoliyatini zamonaviy dron texnologiyalari asosida raqamlashtirish ilmiy-amaliy loyihasi boshlangan edi. Jarayonda turli hududlarda tajriba-sinov ishlari muvaffaqiyatli olib borildi. Sinov davomida bir dona o'zi uchar dron qurilmasi belgilangan maydonlarda kuzatuv ishlarini atigi 6 daqiqada yakunlaganiga guvoh bo'ldik. Qolaversa, loyiha doirasida dron texnologiyalari orqali qishloq xo'jaligida mavjud muammolar o'rganilib, shudgor qilingan erlardagi tuproqning unumdorligi, g'alla maydonlari, bog'dorchilikda mavjud turli xil kasalliklar, zararkunanda hashoratlar aniqlanib, ular to'g'risida ma'lumotlar bazasi yaratildi. Dronlar orqali olingan va qayd qilingan amaliy ma'lumotlar komp`yuter dasturlari yordamida qayta ishlanib, ular asosida zaruriy echimlar qabul qilinmoqda. Avvallari dala maydonlari holatini kuzatish va monitoring qilish ishlariga bir necha kishi jalb qilinib, jarayonlar kunlab davom etgan bo'lsa, hozir dron apparatlari yordamida ortiqcha vaqt va ishchi kuchi tejab qolinyapti, shu bilan birga moliyaviy xarajatlarni jiddiy kamaytirishga erishiladi.
Umuman, dronlardan istalgan sohada foydalanish mumkin, faqat tegishli tartib va talablarga rioya etgan holda. Gap shundaki, 2021-yil 31-avgustda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan nizomda ushbu turdagi qurilmalardan foydalanish va ro'yxatdan o'tish qoidalari keltirilgan. Shunga ko'ra, hozir yurtimiz bo'ylab 20 dan ortiq tashkilot uchuvchisiz uchish apparatidan foydalanish ruxsatnomasiga ega va ular qonuniy ravishda parvozlarni amalga oshirib kelmoqda. Ammo jismoniy shaxslar dronlardan foydala olmaydi va ularga uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish, mamlakatimiz hududiga olib kirish va saqlash qonun bilan taqiqlangan.
— O'zingiz ham aytganingizdek, yurtimizda dronlardan foydalanishga oid cheklovlar mavjud. Ilg'or texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan asrimizda bu qanchalik to'g'ri va cheklovlar mamlakatimizda uchuvchisiz uchish apparatlari sanoatini to'laqonli shakllantirishga to'sqinlik qilmaydimi?
— Avvalo, bunday cheklovlar nafaqat bizda, balki dunyoning ko'plab davlatlarida mavjud. Chunki dronlar xavfsiz texnikalar qatoriga kirsada, smartfon kabi oddiy o'yinchoq emas. Ularning og'irligi 250 grammdan og'irroq bo'lsa bas, davlat ro'yxatidan o'tishi kerak. Qolaversa, uchuvchisiz uchish apparatlarining imkoniyatlari nihoyatda keng va undan turli maqsadlarda foydalanish mumkin. Shu bois, dunyo bo'yicha ularni qo'llashga oid belgilangan tartib va talablar bor.
O'zimizdagi talablarga keladigan bo'lsak, dronlardan nafaqat foydalanish, balki ularni va ularning butlovchi qismlarini yurtimiz hududiga olib kirish bo'yicha ham cheklovlar o'rnatilgan. Hatto, bunday qurilmalarni transport vositalarida tashish, muddatidan qat'iy nazar davomli saqlashda qat'iy belgilangan talablar mavjud. Bu esa bir qancha sabablar bilan bog'liq.
Birinchi navbatda, aholi va atrof-muhit xavfsizligi masalasi. Oddiy misol, og'irligi bir necha gramm bo'lgan kichik bir parcha qurilma ko'chada turgan avtomobilga kelib urilsa, uning kuzoviga deformatsiya keltirib chiqaradi, agar old yoki orqa oynasiga urilsa, ularni parchalab tashlaydi. Lekin professional dronlar bir necha gramm bo'lmaydi, balki kilogrammlarda o'lchanadigan og'irlikka ega. Ularning nogahon qulab tushishi yoki boshqaruvni yo'qotishi xuddi shu misolda keltirilganidek, katta inertsial quvvatga ega bo'lib, kontakt zarbasi og'ir va yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababdan dronlardan maqsadli foydalanish, ularning boshqaruvi ushbu borada tegishli bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilishi lozimligi qonunchiligimizda qat'iy belgilab qo'yilgan.
Ko'pchilikka ma'lum, hozir qator davlatlar, jumladan, O'zbekistonda ham elektroskuterlar ommalashib boryapti. Ulardan ko'chalarning chetlarida, parkovkalarda foydalanish yo'lga qo'yilyapti. Lekin ularning yetarlicha xavfsiz emasligi bois, bir qancha mamlakatlar, xususan, elektroskuterlardan eng ko'p foydalaniladigan Frantsiyada ham ularga cheklovlar o'rnatila boshladi. Bunga sabab qilib ko'chalarda elektroskuterlar piyodalarning yurishiga xalaqit berayotgani, ayrim hollarda to'qnashuv holatlari kuzatilayotgani, bu esa fuqarolarni tashvishga solayotgani etib ko'rsatilmoqda. endi faraz qilaylik, yurish yo'laklari alohida rang va belgilarda ko'rsatilgan elektroskuterlarda shunday masalalar kuzatilayotgan bo'lsa, fazoviy harakatlanadigan dronlar qanday to'qnashuv va noxush (balki fojiali) holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Qolaversa, dronlarning uchish mumkin bo'lmagan joylarda uchish xavfi ham mavjud. Shu bois, ulardan himoyalanish tartibi bo'yicha mamlakatimizda tegishli organ vakillari o'z faoliyatini olib boradi. Shuningdek, UUQlar uchish zonasi, aeroportlar va ularning atrofida taqiq tizimi qo'yilgan. Uchish mumkin bo'lmagan boshqa joylarda esa antidronlar orqali himoyalanish tizimi mavjud.
— Markazdagi “dronlar parki” ham himoya tizimi vazifasini o'taydimi yoki boshqa maqsadlarga qaratilganmi? Umuman, ushbu park nima uchun kerak?
— Hozir “Geoinnovatsiya markazi”da mingga yaqin turli xil vazifalarni bajaruvchi dronlar mavjud bo'lsa, shundan 9-10 tasi “dronlar parki” lineykasiga joylashtirilgan. Bu yerda turli xildagi dronlarni o'rganish, tahlil qilish, ko'rikdan o'tkazish va mahalliylashtirish ishlari olib boriladi. Ayni paytda maydonchamizda 4 parrakli kvadrokopter Rhantom 4 pro, matrice 30T, 6 parrakli geksakopter, qo'tarilishi va qo'nishi vertikal, uchishi esa samolyot rejimidagi gibrid, vodorod yoqilg'isidagi Hydrogen, suspenziya sepadigan Swift dronlar bor. Dron-shou tadbirlari uchun mo'ljallangan mikro dronlar kompleksi ham shu yerda.
Aytish joizki, dron-shoularni o'tkazish Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib O'zbekistonda, 2018-yildan boshlangan. Hozirgi kunga kelib esa ancha ommalashib boryapti. Odatda “Dron-shou” tadbirlarini o'tkazish uchun minimum 250 dona, maksimum 850 dona mikro dronlardan foydalanamiz. Joriy yil boshidan buyon 8 marotaba ana shunday shoularni o'tkazdik. Hozir bizda mavjud dronlarning eng kichik vazni 450 grammni, eng og'iri esa 7-8 kilogrammni tashkil qiladi. Fermer xo'jaligi erlarini o'g'itlashda ishlatiladigan “Swift” va vodorod yordamida harakatlanuvchi “Hydrogen” bundan mustasno.
Ushbu apparatlarning imkoniyatlari ham turlicha. Ya'ni, dronlar modeliga ko'ra takomillashib boraveradi. Eng zamonaviy o'zi uchar qurilmalar, odatda, avtomatik uchish va qo'nish, belgilangan nuqtalarni uchib o'tish, mo'ljal olishni intellektual boshqarish, parvoz nuqtasiga qaytish, cheklangan joylar to'g'risida ogohlantirish kabi funktsiyalarga ega. Ular “Android” va “iOS” operatsion tizimlarini qo'llab-quvvatlaydi, “Glonass” va “GPS” navigatsiya tizimida ishlaydi. YUrtimizda foydalaniladigan dronlar vazifasiga ko'ra 20 daqiqadan 2,5 soatgacha, joylashuviga qarab 30 kilometr masofaga parvozni amalga oshiradi.
Bunday zamonaviy qurilmalarni boshqarish, amaliyotda foydalanish oson emas. Buning uchun zarur bilimlarga ega mutaxassislar zarur. Shu bois, markaz tomonidan o'tgan yili uchuvchisiz uchish qurilmalarini boshqarish bo'yicha jami 255 ta boshqaruvchi operator o'qitildi. Ular zamonaviy qurilmalarni o'rganib, ish jarayonida faol qo'llayapti. Qolaversa, korxona mutaxassislari tomonidan dronlarning akkumulyator batareyalarini sovuq mavsumda isitib beradigan “transport qutisi”, apparat kompasini zavod holatigi qaytaradigan qurilma yaratildi. “Transport qutisi” uchuvchisiz uchish apparatlari to'g'risidagi barcha ma'lumotlarni berib borish vazifasini ham bajaradi. Ya'ni, dron qaysi balandlikda, qaerda, qachon uchayotgani haqidagi xabarlarni beradi. Hatto, UUQ favqulodda holatga tushib qolganda ham “transport qutisi”dan foydalanish va ma'lumotlarni olish mumkin. Bir so'z bilan aytganda, u samolyotda bo'ladigan “qora quti” vazifasini bajaradi.
Markazdagi dronlar har 3 oyda texnik ko'rikdan o'tkaziladi. Qurilmalarda asosan tashqi korpus shikastlanishi, kamera tizimi, elektro dvigatellar bilan bog'liq nosozliklar nosozliklar ko'p uchraydi. Shunday hollarda darhol mutaxassislar tomonidan tuzatish ishlari olib boriladi.
— Dron qurilmalarini yurtimizda ham ishlab chiqarish boshlangan. Bu borada bir qancha loyihalar borligidan xabardormiz. Ammo nima uchundir mahalliylashtirish jarayonlari hamon sustdek?
— Ochig'i, dronlar oddiy va oson strukturali qurilma emas. Uning murakkab mexanizmi uzoq muddatli tadqiqot ishlarini olib borishni talab etadi. Qolaversa, ushbu apparatlarda aniqlik eng asosiy jihat bo'lgani bois, uni tezkorlik bilan ishlab chiqarish yaramaydi. Shunga qaramasdan, dronlarni mahalliylashtirish bo'yicha aniq ishlarimiz bor. Dronlarning ko'plab turlari mahalliy sharoitda yaratilgan, faqat ularning aksariyati tajriba-sinov jarayonlarida. Bir necha bosqichli sinovlardan o'tgachgina, ishlab chiqarishga tatbiq etiladi.
Kuni kecha, yurtimizda nihoyasiga etgan “InnoWeek — 2023” innovatsion g'oyalar haftaligida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan birinchi dronning taqdimoti bo'lib o'tdi. “Humoyun agro” deb nomlangan ushbu qurilma qishloq xo'jaligida foydalanishga mo'ljallangan. U 200 kilogramm yuk ko'tarish quvvatiga ega bo'lib, tajriba sinovlarida 1 soat davomida to'xtamasdan uchib, o'rtacha 50—70 gektar maydonga 160 litr kimyoviy vosita bilan ishlov bergan.
Hozirgi vaqtda yurtimiz hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari asosan Xitoydan import qilingani bois, qurilmani o'zimizda ishlab chiqarish samarali, albatta. CHunki mahalliy sharoitimizda arzon, kamxarj turdagi dronlarga talab ortib boryapti. Shu bois, “Geoinnovatsiya markazi”da ham gibrid, mul`tikopter turdagi dronlarni ishlab chiqarish, ularning akkumulyatorlarini quvvatlash va optimallashtirish bo'yicha ilmiy-tadqiqot ishlari davom etyapti. Mutaxassislarimiz tomonidan samolyot tipiga kiruvchi qo'zg'almas qanotli aerofoto-suratga mo'jallangan uchuvchisiz uchish apparati loyihasi ustidagi ishlar yakunlovchi bosqichda.
Markazda bir nechta yo'nalishda dronlarni modernizatsiyalash va maxalliylashtirish bo'yicha tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Birinchi yo'nalish dronlarni modernizatsiyalash bo'lib, bu borada sovuq haroratli rejimlarda dronlarda namlik kondensatsiyasi kelib chiqishining oldini olish bo'yicha isitiluvchi transportirovka qutilari ishlab chiqildi. Buning natijasida sovuq haroratli sharoitlarda dronlarni issiq holda saqlash, ichki namlik kondensatsiyasining oldini olish imkoni yaratildi. Bundan tashqari dronlarni aniq dislokatsiyasida xalaqit beruvchi omil hisoblangan qoldiq magnitlashuvni bartaraf etuvchi elektromagnit katushkasi ishlab chiqilib, shu orqali dronlarda yuzaga keladigan qoldiq magnitlashuvni to'liq bartaraf etish usuli ishlab chiqildi. Bu yangiliklarga ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda.
Ikkinchi yo'nalish — dronlardan texnik diagnostika ishlarida foydalanish. Bunda dronlardan quyosh stantsiyalari va binolarning tom qismiga o'rnatilgan quyosh panellarini yuqoridan turib, maxsus teplovizor kameralari orqali ish jarayonidagi issiqlik fonini videotasvirga tushirish sinovlari yakunlandi. O'tkazilgan tajribalar issiqlik foni tasvirlari nuqson paydo bo'lgan panelni o'z vaqtida aniqlash va uni yangilash, eng asosiysi, panellarda yong'in kelib chiqishini oldini olish mumkin bo'lishini ko'rsatdi.
Shuningdek, gibrid turdagi hamda o't o'chirish amaliyotini amalga oshiruvchi uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish loyihalari davom etmoqda. Barcha sinov parvozlari muvaffaqiyatli o'tgach, qurilmalarning seriyali ishlab chiqarilishi boshlanadi.
Ya'ni, maqsadimiz nafaqat son, balki sifat jihatidan yuqori texnologiyali dronlarni ishlab chiqarishdan iborat. Yaqin yillarda mamlakatimizning turli sohalarida mahalliy dronlar xizmatidan foydalanilayotganiga guvoh bo'lamiz. Ular qator vazifalarni olis masofadan turib ham yuqori aniqlikda bajarish orqali tarmoqlar rivojiga katta hissa qo'shadi. Qurilmaning zamonaviy imkoniyatlari esa yurtimizdagi raqamlashtirish jarayonlarini faollashtiradi.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 03.11.23-y, 229-sonida e'lon qilingan)