Bu haqida
Manbalarga ko‘ra, mazkur kelishuv keyinchalik urushni to‘liq tugatishga olib kelishi mumkin.
Biroq muzokaralarda ishtirok etayotgan manbalar yaqin 48 soat ichida qisman kelishuvga erishish ehtimoli pastligini bildirmoqda. Shu bilan birga, ushbu sa’y-harakatlar mojaroni yanada keskinlashuvi va yirik harbiy hujumlarning oldini olish uchun so‘nggi imkoniyat sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Donald Tramp tomonidan Eronga berilgan muddat uzaytirilgan. U muzokaralar davom etayotganini ta’kidlab, kelishuvga erishish imkoniyati borligini bildirgan. Ayni paytda, kelishuvga erishilmagan taqdirda keskin choralar ko‘rilishi mumkinligi ham qayd etilgan.
Manbalarga ko‘ra, AQSh va Isroil tomonidan Eronning energetika infratuzilmasiga qarshi yirik hujum rejalar ham tayyor holatda turibdi. Bu esa, o‘z navbatida, Fors ko‘rfazi davlatlarida neft va suv infratuzilmalariga qarshi javob zarbalariga olib kelishi mumkin.
Muzokaralar Pokiston, Misr va Turkiya orqali vositachilik yo‘li bilan olib borilmoqda. Shuningdek, AQSh maxsus vakili va Eron tashqi ishlar vaziri o‘rtasida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa saqlanmoqda.
Muhokamalar doirasida Hurmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochish va Eronning yuqori darajada boyitilgan urani masalasi ham asosiy mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Vositachilar mazkur masalalar bo‘yicha dastlabki bosqichda qisman kelishuvga erishish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ayni paytda Eron rasmiylari qat’iy pozitsiyada qolmoqda va katta imtiyozlar berishga tayyor emasligini bildirmoqda. Shuningdek, ular vaqtinchalik kelishuv orqali yana hujumlar sodir bo‘lishidan xavotir bildirgan.
Mutaxassislar fikricha, yaqin kunlar mazkur muzokaralar taqdiri va mintaqa xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.