Rezolyutsiyaga muvofiq, Bosh Assambleya 2027–2036-yillarni Kelajak avlodlar uchun tinchlikni mustahkamlash xalqaro o‘n yilligi deb e’lon qildi.

Ushbu o‘n yillikning asosiy maqsadi - tinchlikni mustahkamlash, muloqot va yarashuvni rag‘batlantirish, shuningdek avlodlar o‘rtasidagi, jumladan bolalar, yoshlar va keksalar o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda kelajak avlodlarning ehtiyoj va manfaatlari siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida inobatga olinishini ta’minlashdan iborat.

Rezolyutsiyada tinchlik, yarashuv, muloqot va milliy birlikni mustahkamlashga hissa qo‘shgan a’zo davlatlar, yetakchilar va xalqlarning sa’y-harakatlari yuksak baholangan, deb xabar berdi Kazinform.

Shuningdek, hujjatda BMT Nizomining maqsad va tamoyillari, jumladan "kelgusi avlodlarni urush ofatidan asrash" hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish majburiyati yana bir bor eslatilgan.

Rezolyutsiyada 2024-yilgi Kelajak sammitida qabul qilingan majburiyatlar, shuningdek a’zo davlatlar kelajak avlodlar manfaatlarini himoya qilish yo‘lida hamkorlikni kuchaytirish majburiyatini olgan "Kelajak pakti"ning qabul qilinishi ham mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Bundan tashqari, hujjatda Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilib, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘izistonning chegara masalalarini tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlari hamda tegishli kelishuvlarni imzolagani qutlanadi.