Maʼlum qilinishicha, Ichki ishlar vazirligi axborotiga ko‘ra, voqea Vobkent tumanida sodir bo‘lgan. Joriy yil aprel oyida oilali, ikki nafar farzandning otasi tuman IIBga murojaat qilib, tanishi undan pul talab qilayotganini bildirgan.

Aniqlanishicha, 35 yoshli ayol va erkak o‘rtasidagi romantik mazmundagi yozishmalarni ayolning 19 yoshli dugonasi ko‘rib qolgan. Shundan so‘ng u ushbu maʼlumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib, pul talab qila boshlagan. Dastlab ayol dugonasiga jim turishi uchun pul bergan, keyinchalik esa ular jinoyiy til biriktirgan.

Ayol jabrlanuvchi erkak bilan bog‘lanib, yozishmalar oshkor qilinishi, oilasi buzilishi mumkinligi bilan qo‘rqitib, 6 mln 800 ming so‘m talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi 100 AQSh dollari va 5 mln 600 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.