Maʼlumotlarga koʻra, tabiiy ofat natijasida 2 075 ta turar joy, 1 817 ta hovli va 173 ta yoʻl uchastkalari suv ostida qolgan. Hozirda vaqtincha joylashtirish punktlarida 731 nafar aholi, jumladan 241 nafar bola joylashtirilgan.

Eng ogʻir vaziyat Derbent tumanida kuzatilmoqda. Bu yerda suv sathining koʻtarilishi natijasida gidrotexnik inshootda yoriilish yuz bergan va bir qator aholi punktlarida qisman evakuatsiya oʻtkazilgan. Jami 4 mingdan ortiq kishi xavfsiz hududlarga koʻchirilgan.

Maxachqala shahrida ham vaziyat murakkab. Perova koʻchasida yer yuvilishi sabab koʻp qavatli uyga qoʻshimcha qurilgan binolardan biri qulagan. 500 nafar aholi, shu jumladan 150 nafar bola evakuatsiya qilingan. Shuningdek, ayrim mahallalarda uylar va transport vositalari suv ostida qolgan.

Qayd etilishicha, tabiiy ofat oqibatida 132 ta aholi punkti elektr taʼminotisiz qolgan, 70 mingdan ortiq aholi nursiz qolmoqda. Ayrim hududlarda transport qatnovi ham uzilgan.

Qutqaruv ishlariga 3 mingdan ortiq mutaxassis va yuzlab texnika jalb etilgan. Favqulodda xizmatlar aholini xavfli hududlardan evakuatsiya qilish, vayronalarni bartaraf etish va infratuzilmani tiklash ishlarini davom ettirmoqda.

Sinoptiklar maʼlumotiga koʻra, hududda yomgʻirlar hali davom etishi kutilmoqda. Shu bois sel, koʻchki va toshqin xavfi saqlanib qolmoqda.