“Vaqt devori” jami 250 metrni tashkil qiladi. Bu devorda xalqimizning kamida 3000-yillik davlatchiligi tarixi barelyef, miniatyura va mahobatli rangtasvir asarlar koʻrinishida aks ettiriladi. Shuningdek ushbu devor boʻylab turli davrlarga oid eksponatlar, numizmatika namunalari, xaritalar, videoroliklar, interaktiv oʻyinlar joylashtirilgan.
Islomdan oldingi davr “Vaqt devori”da qadimgi madaniyat ildizlari, Baqtriya, Xorazm, Soʻgʻd, Choch va Fargʻona, qadimgi savdo yoʻllari aks etgan barelyef suratlarni koʻrishimiz mumkin.
Ekspozitsiya yurtimizdagi ilk madaniy yodgorliklar — Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy qoyatosh suratlari bilan ochiladi. Ular 8-10 ming yillik tarixga ega boʻlib, bu yerda 12 mingtagacha petroglifni koʻramiz.
Vaqt devorida islomdan avvalgi davrdagi ajdodlarimiz hayot tarzi, kundalik mashgʻulotlari maxsus videolavhalar yordamida koʻrsatib berilgan. Yurtimiz hududidan ilk davlatchilik shakllangan davrlardagi arxitektura, hunarmandlik, tasviriy sanʼat, yozuv namunalarini “Vaqt devori”da yaqqol koʻrishimiz mumkin. Shu bilan birga, diniy eʼtiqod, xalqimizning ozodlik uchun kurashlari ham shu devorda aks ettirilgan. Qadimgi manbalarda Toʻmaris, Shiroq, Spitamen kabi qahramonlar vatanimiz ozodligi uchun mardonavor kurashgani ham shu devordagi maʼlumotlarda aks etgan.
Qadimgi Baqtriya
Mintaqamizdagi diniy bagʻrikenglik markazlaridan biri hisoblangan zaminda 400-yil hukmronlik qilgan Kushonlar davlatida qadimgi dunyo aholisining 20 foizi istiqomat qilgan.
Kushon davlati hududida induizm, buddizm, zardushtiylik ibodatxonalari mavjud boʻlgan. Ikki ming yil avval bu yerda diniy bagʻrikenglik hukm surgan.
Qadimgi Kushon tangalarida ham turli din maʼbudlarining shakllari tushirilgan. Uzoq yillar dunyo olimlari Baqtriya hududidagi Oks Aleksandriyasining aniq oʻrnini topolmay keldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan marhum akademik E. Rtveladze boshchiligidagi ilmiy guruh 2019-yil avgust oyida oʻtkazilgan III xalqaro kongressda Oks Aleksandriyasi Kampirtepa yodgorligi hududida ekanini isbotlab berdi.
Bu zalda qadimgi Baqtriya xazinasi, baqtriy yozuv namunasi, shu hududdan topilgan haykalchalar, budda va bodxisattva yodgorliklari, Kushon gilamini koʻrishimiz mumkin.
Qadimgi Xorazm
Dunyodagi eng qadimiy sivilizatsiyalardan biri, zardushtiylik dinining vatani, oʻzbek davlatchiligining ilk oʻchogʻi sanaladi. Mashhur olim Sergey Tolstov Xorazmni “Ming shahar oʻlkasi” deb atagan. Yurtimizdagi ilk yozuv namunalari ham Xorazmdan topilgan.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida qalʼalarning eng muhimlari aks ettirilgan. Masalan, maketi joylashtirilgan Qoʻyqirilganqalʼa eng qadimgi qalʼalardan biri hisoblanadi. II-VI asrlarga mansub bu yodgorlik ham aholi manzilgohi, ham rasadxona vazifasini bajargan.
Zalda “Avesto” kitobidan sahifalar, qadimgi Xorazm shaharlari maketlari, zardushtiylar foydalangan ossuariylar (suyak saqlanadigan idishlar)ni koʻramiz.
Buyuk ipak yoʻli
Oʻzbekiston tarixida ushbu yoʻl katta oʻrin tutadi. Eramizdan avvalgi II asrda boshlangan bu ipak yoʻli 18-asr davomida Gʻarb bilan Sharqni bogʻlab turgan. Bu yoʻl Oʻzbekistonning katta shaharlaridan oʻtgan. Interaktiv xaritada ushbu shaharlar haqida maʼlumotlar berilgan. Prezidentimizning tashabbusi bilan Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning Oʻsh, Oʻzgan, Taraz, Marv, Xoʻjand, Gabala singari shaharlari ham ushbu xaritaga kiritilgan.
Mazkur zalda paxta installyatsiyasi, Kushon tangalari, Yer yuzidagi eng qadimiy shaxmat donalari, toʻqimachilik namunalari, baqtriya tuyasi, soʻgʻd bozori videoloyihasi va boshqalarni koʻrish mumkin.
Yurtimiz hududidagi Dalvarzintepadan topilgan shaxmat donalarini dunyodagi eng qadimgi ana shunday topilmalar deyish mumkin. Bu Hindistondan topilgan shaxmat donalaridan ham 4 asr oldin yaratilgani aniqlangan.
Qadimgi Soʻgʻd
Oʻzbekiston nafaqat shaxmat, balki musiqa vatani hamdir. Samarqand hududidan, Urgutning Moʻminobod qishlogʻidan topilgan 3300-yillik nay ham ushbu fikrni tasdiqlaydi. Bu yerda yurtimiz hududida yaratilgan bir qancha cholgʻu asboblari bilan tanishish, ularning ovozini ham eshitib koʻrish mumkin.
Qadimgi Afrosiyob yodgorligidan topilgan devoriy suratlar ham vatanimizda xalqaro munosabatlar, savdo-sotiq, tasviriy va amaliy sanʼat qanchalik rivojlanganini koʻrsatadi.
Qadimgi Fargʻona
Fargʻonaning qadimiy uchar otlari haqidagi maʼlumotlar qadimgi Xitoy manbalarida tilga olingan. Afsonalarga koʻra, bu otlar baland togʻ etaklarida yashagan. Otlar Dovon mamlakatining or-nomusi timsoli boʻlgan. Xitoy imperatori ham bu otlarni qoʻlga kiritish uchun bir necha bor Qadimgi Fargʻona — Dovonga oʻz elchilarini yoʻllagan. Ammo fargʻonaliklar oʻz otlarini hech kimga bermagan. Bu otlar tasvirini soʻgʻd liboslari, idish-tovoqlari, tasviriy sanʼat namunalarida ham koʻrishimiz mumkin.
Zaldan Andijon viloyati hududidan topilgan Qadimgi Dalvarzin shahri maketi, kulollik namunalari oʻrin olgan.
Qadimgi Choch
Toshkent vohasidan uncha uzoq boʻlmagan Axsikent yodgorligi hududida bundan ikki ming yil muqaddam metallurgiya sanoati taraqqiyot pallasida edi. Axsikentda qazib olingan poʻlat Yaqin Sharqqacha olib borilgan va dunyoga mashhur damashq qilichlarini tayyorlashda ishlatilgan.
Toshkent vohasida ham qurolsozlik, qilich va qalqonlar, kamon va oʻq-yoylar yasash qadimdan rivojlangan. Toshkent kamonlari hatto Firdavsiyning “Shohnomasi”da ham tilga olingan.
Islomdan oldingi davr ekspozitsiyasi yakunidan “Markaziy Osiyodagi qadimgi sivilizatsiyalar” roligi oʻrin olgan.