G‘oyat tez sur’atlarda o‘zgarayotgan bugungi dunyo mamlakatimizni barqaror rivojlanayotgan yangi O‘zbekiston sifatida taniydi, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori qo‘yilayotgan qudratli davlat sifatida biladi. Prezidentimiz nafaqat mintaqamizda, balki butun jahonda yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansning ijodkori va muallifi sifatida e’tirof etilmoqda. Bu bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘zlagan tashabbuslari bilan ke¬yingi o‘n yilda, xususan, mintaqamizning siyosiy arxitekturasi o‘zgarib, hayotbaxshlik kasb etdi.
Xalqimizda “Kim edigu kim bo‘ldik?!” degan da’vat bor. Rostdan ham, kim edigu, kim bo‘ldik? Men ham hayotimda kechgan ayrim lavhalarni bir qur xotiramdan o‘tkazar ekanman, shu savolga samimiy, chin yurakdan javob izladim.
Birinchi voqea
1998-yil oktabr-noyabr oylari.
Kamina birinchi marta xorij safariga chiqqan kunlar. Chexiyaga — Praga shahriga borganman. Malaka oshirish uchun. Borgunga qadar chekilgan mashaqqatlar haqida o‘ylasam sabru asabim chidamiga balli deb yuboraman haligacha.
Boshidan so‘zlab bera qolay. Respublika radiosining “Yoshlik” studiyasida ish boshlagan kezlarim. Rahbarimiz huzuriga chaqirib qoldi. Va seni “Ozodlik” radiosiga malaka oshirishga yuboramiz, dedi. Endi desangiz, shodligimga ta’rif yo‘q. Axir kechagina oliy o‘quv yurtini bitirib kelgan xodimga bildirilgan ishonchdan quvonmay bo‘ladimi? Kerakli hujjatlarni tayyorlashga kirishdim. Tegishli tashkilotlar suhbatidan o‘tdim. Radiomiz kattalari ham bir-bir suhbat-imtihon qilishdi. Elchixonaga borish, viza olish yumushlarini ham yugurib-yelib oxiriga yetkazdim. Endi bir ish qoldi, u ham bo‘lsa... Xorijga chiqadigan kishilarga Markaziy bank kursi bo‘yicha 1000 dollargacha pul ayirboshlash mumkin deb eshitgan edim. Shu choqqacha o‘tgan tayyorgarlik ishlari bir bo‘ldiyu mana shu oxirgisi bir bo‘ldi. Markaziy bankka bosh muharrir o‘rinbosari telefon qildi, ish bitmadi. Bosh muharririmiz bog‘landi, bitmadi. Rais o‘rinbosari harakat qildi, natija yo‘q. Har bir telefondan keyin halloslab bankka chopaman. “Sizga falonchi ustoz qo‘ng‘iroq qilgan edi, shunga kelgandim”, deyman. Har gal boshimdan-oyog‘imgacha razm solishadi-da, ertaga falon soatda keling, deyishadi. Aytilgan paytda yetib boraman, lekin falon soatda yetib keling, degan odamning o‘zi joyida bo‘lmaydi. Kuttirib-kuttirib ne paytlarda keladi. Keladiyu yana allanimalarni bahona qiladi. Hamma illat shundaki, (albatta, buning sababini keyin tushunganman), bozor kursi bilan davlat kursi o‘rtasidagi tafovut kattagina. Oxiri rais o‘rinbosari katta boshini kichik qilib o‘zi bankka bordi va ish hal bo‘ldi. O‘shanda ham 1000 dollar emas, 500 dollar qo‘limga tegdi. Kamina shunga ham xursand. “Xudo xohlasa, shu mablag‘ senga yetib ortadi, — deya rahbarimiz yupatdi. — Omadingni bersin. Yaxshi borib kelgin”.
Pragada “Ozodlik” radiosi yaqinidagi mehmonxonaga joylashdik. Dunyoning juda ko‘p mamlakatlaridan men kabi jurnalistlar kelishgan ekan. Ular bilan birgalikda darslarga qatnay boshladik. Bo‘sh vaqt topilishi bilan radioning o‘zbek xizmati xodimlari qoshiga yuguraman. Axir o‘qiyotganlarimni amaliyotda qo‘llashim kerak. Bir kuni bizga jahon siyosatidan bir o‘qituvchi dars bera boshladi. U avvaliga hammamiz bilan bir-bir tanishib chiqdi. Birov Polshadan, birov Belarusdanman, dedi, kimdir Slovakiya, yana kimdir Rossiyadan, yana allakim Olmoniyadan kelganini aytdi. Navbat menga yetdi.
— Siz qayerdansiz?
— O‘zbekistondan.
— Pakistan?..
— Yo‘q janob, O‘zbekiston.
U hech narsa eshitmaganday, “Afganistan?”, deydi.
Men endi bir oz asabiy javob qaytaraman:
— Yo‘q, Pokiston ham emas, Afg‘oniston ham emas, O‘zbekistondan kelganman, O‘zbekistondan!..
Shundan keyin u uzr so‘rab, bunday davlatni bilmasligini aytdi. Keyin ko‘nglimni ko‘tarish uchunmi, menga mamlakatingiz haqida darsdan keyin so‘zlab berasiz, dedi.
Vaholanki, o‘sha paytda yurtimiz mus¬taqillikka erishganiga yetti yil bo‘lgan edi. Rosa xafa bo‘lganman, ko‘nglim cho‘kkan, to‘g‘rirog‘i o‘zbekni, O‘zbekiston davlatini tanimaganlari menga alam qilgan edi.
Shukrlar bo‘lsin, bugun o‘zbekni ham, O‘zbekiston degan ulkan mamlakatni ham hamma biladi. Keyingi yillarda xorij safarlariga borgan chog‘larimda bir narsaga ko‘p bora guvoh bo‘ldim: O‘zbekiston nomini eshitishganida o‘z hayratlarini yashirishmayapti. Hatto men bilan esdalik uchun birga suratga ham tushadi. Va albatta O‘zbekistonga boraman, Toshkentni, Samarqandni, Shahrisabzni, Buxoroyu Xorazmni bir borib ko‘rmasam bo‘lmaydi, deyishadi. Sportsevarlari esa O‘zbekistonga borsam dunyoning eng kuchli shaxmat ustasi Nodirbek Abdusattorov bilan, yoki bokschi Hasanboy Do‘stmatov bilan, yoki futbolchilaringiz bilan suratga tushaman deb niyat qilishadi. Odamga yoqadi-da shunday gaplar.
Keyin haligiday pul ayirboshlash bilan bog‘liq muammolar butunlay yechildi. Konvertatsiya masalalari allaqachon hal qilingan. Qancha puling bo‘lsa, almashtirib olaver. Banklar ochiq. Seni iliq kutib oladi. Bir pastda ishingni bitirib berishadi.
Ko‘p shukr!..
Ikkinchi voqea
Ikki minginchi yillar edi chamasi. Amakim bilan birgalikda Qozog‘istonga — Chimkentga bormoqchi bo‘ldik. Muddao... sifatli va cho‘ntakbop kiyim-bosh olib kelish. Shu o‘ylar bilan “Chimkent, qaydasan?”, deya yo‘lga tushdik. Chegaraga kelsak, tumonat odam. Shaxsimizni tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishdi. Cho‘ntaklarimizni kovlab ham ko‘rishdi. Nima uchun borayotganimiz, qachon qaytishimiz, agar qoladigan bo‘lsak, qayerda qolishimiz... Xullas, so‘ramagan, tintishmagan hech narsamiz qolmadi. Bu kabi tekshir-tekshirlar kami qolgan ekanmi, Qozog‘iston tomonida ham bearmon so‘rab-surishtirishdi. Hali ham amakim ko‘pni ko‘rgan, uddaburon odam. Ularga dadil-dadil javob qaytardi. Bir amallab o‘tib oldik. Bozorga ham bordik. U-bu narsa olgandek bo‘ldik...
Chegaradagi bir holatni o‘ylasam, hozir ham ichim og‘riydi. Qirq yoshlar nari-berisidagi juvon umr yo‘ldoshi bilan izillabgina turibdi. Chegarachilarga yalinadi. Ayolgina Toshkentga kelin bo‘lib tushgan ko‘rinadi, onamning ahvoli og‘ir ekan. Tezroq o‘tmasam bo‘lmaydi. Jon aka, yordam qiling, deydi. Chegarachi, meni nima ishim bor seni onang bilan. Xizmat vazifamni bajaryapman, deydi qo‘rslik bilan. Yana onangni kasal yotgani haqida ma’lumotnoma bormi deganini eshitib mening ham jahlim chiqib ketdi.
“Ey aka, ona u tomonda bo‘lsa, qiz bu tomonda bo‘lsa. Ma’lumotnoma so‘rashingizda mantiq bormi o‘zi? Biz keyinroq o‘tarmiz. Shu oilani o‘tkazib yuboring”, deyman zarda qilib. “Siz o‘zingizni biling”, deb u ham gapdan qolmaydi.
Amakimni bir do‘sti bor ekan, kechani o‘sha kishining uyida o‘tkazdik. Ertasi tushga yaqin yurtga qaytish uchun chegara postiga keldik. Odam ko‘p. Janjalu to‘polonni ko‘rsangiz. Odamlarning bozor sumkalari ochilib, narsalari sochib tashlangan, yig‘i-sig‘i... Bu manzaralar g‘oyat ayanchli edi. Senlar kelib bozorlar qimmatlashdi. Nega bitta narsadan ikkita olding, sotasanmi, deya pichingu ta’nalarni aytmaysizmi? Ta’ma ilinjida aytilgan balanddan kelishlar dilimizni og‘ritdi. Lekin nima chora ham qilardik. U tomondagi sansalorlik yetmaganidek, o‘zimiznikilar ham gohida ulardan o‘tib tushar ekan. Xullas, it azobida o‘tib oldik.
Yana bir gap. Taniqli xonanda Toshpo‘lat Matkarimov bilan Yassaviy bobomizni ziyorat qilish istagida Turkistonga bormoqchi bo‘ldik. Men chegaradagi azoblarni o‘yladimu xayolimda Toshpo‘lat aka ikki el uchun ham sevimli xonanda bo‘lsa, bunday muammolarga duch kelmaymiz, Xudo xohlasa, degan ojizgina yupanch ham bor edi. Qayoqda!.. Ular na taniqli hofizni, na uning ziyorat istaklarini hurmat qilishdi. Hammani bir tekshirishgan bo‘lsa, bizni o‘n tekshirishdi, desam ishonavering. Hatto hofiz akamiz asabni asrash uchun ularning qo‘llariga to‘rt-besh tanga bergan ham chiqar. Bunisi menga qorong‘u. Har qalay kassaga qandaydir to‘lovlar qilganimiz yodimda.
Ulug‘ ajdodimizni ziyorat qildik. Shu xayrli amal ko‘nglimizdagi ozorlarga malham bo‘ldi. Bobomiz qoshida xalqimizni, Vatanimiz ravnaqini, chegaralar ochilishini tilab duolar qildik.
Bugun bunday muammolar yo‘q. Shaxsan o‘zim juda ko‘p ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan qo‘shni mamlakatlarga borib keldim. Yaqinda ustoz Shavkat Rahmonning “Tanlangan asarlar”i taqdimotini o‘tkazish niyatida O‘shga safar qildik. Bizdan hatto xorijga chiqish-qaytish pasportini ham so‘rashgani yo‘q. AD pasportimiz bilan o‘tib keldik. Bir muddat avval Abay boboning tavalludiga bag‘ishlangan katta tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga qozoq bovurlarimiz ham kelishgan ekan. Ulardan so‘rayman, kecha kelgan edinglarmi? Yo‘q, bugun ertalab yo‘lga tushdik. Mana ko‘rib turganingizdek, siz bilan birga tadbirda ishtirok etmoqdamiz, deyishdi. Ha, ular bu haqda juda oddiygina qilib gapirishdi. To‘g‘ri-da, chegaralardan o‘tish-qaytish bugunga kelib muammo hisob¬lanmay qoldi. Chegaraga kelasan, pasportingni ko‘rsatasan. Ortiqcha tekshiruvlar yo‘q. Sen uchun yo‘llar ochiq. Qanday yaxshi.
Ko‘p shukr!..
Uchinchi voqea
Agar xotiram pand bermasa, plastik kartochka tizimiga eng birinchilardan bo‘lib teleradiokompaniya o‘tgan edi. Maoshlarimiz yuz foiz kartaga o‘tadi. Ammo bizga naqd pul ham kerak. Axir bozor-o‘char deganlariday, bozorlikka esa plastik karta orqali pul to‘lashning imkoni yo‘q. Shularni o‘ylab kompaniya rahbariyati haftada bir marta kanal xodimlari uchun naqd pul olish imkonini qilib ham qo‘ygan. Uzundan uzoq navbatda turib ma’lum bir miqdorda pulimizni naqdlashtiramiz. Qani naqdlashtirgan pulimiz bir haftalik xarajatlarimizga yetsa. Yo‘lkiraga yetsa, choyga yetmaydi. Choyga yetsa, ro‘zg‘or uchun ul-bul narsa xarid qilishga yetmaydi. Keyin nima qilamiz — ATSlarga boramiz. Kassir qizlardan iltimos qilamiz. Ular ham hushi kelsa, qiladi, hushi kelmasa, chiroyli qilib javobimizni berib yuboradi. Bundan tashqari, ularga bizdan boshqa iltimos qiluvchilar ham ko‘p bo‘ladi. Hammasidan ham og‘iri, ba’zan naqd pulga zoriqib qolgan paytlarimiz, do‘konlarga borib sarg‘ayamiz. Aravachasiga u-bu narsa solayotgan xaridorlarning oldiga borib, sekin so‘raymiz. Siz naqd pulda savdo qilasizmi? Ha deb javob bersa, men plastik kartam orqali to‘lovingizni qilib bersam, mening naqd pulga ehtiyojim bor edi, deymiz. Bu iltimosga birov xo‘p deydi, birov bor, toshingni ter, deydi. Yana birining ahvoli menikidan pesh bo‘lmaydi. U ham to‘lovni plastik karta orqali qilishini aytib, uzr so‘rab qo‘yadi.
Men-ku, poytaxtda yashayman. Har holda naqd qilish uchun imkonim bo‘ladi. Viloyatdagilarga juda og‘ir bo‘lgan.
Maktabda menga fizikadan saboq bergan o‘qituvchim bir kuni menga telefon qilib, plastik kartadagi pulni naqd qilishda yordam so‘radi. Qani, shu paytda mening ahvolimni so‘raydigan odam bo‘lsa. Ammo ustozga dardimni qanday aytaman? Yig‘lab borgan edim, o‘kirib chiqdi, qabilida ish tutishga oriyatim yo‘l qo‘ymadi. Unga albatta yordam qilishimni aytdim. Qarshi shahrida yashaydigan dasti uzunroq bir tanishimga qo‘ng‘iroq qildim. Holatni tushuntirdim. Yordam berishini o‘tindim. U ham yo‘q demadi, yoki deyolmadi. Domla kelsinlar, dedi. O‘qituvchim Kitob tumanidan taksiga o‘tirib, tanishimni istab boribdi. Pulini naqdlashtirib, yana taksiga o‘tirib qaytibdi. Borish falon ming, qaytish yana shuncha... Bir necha kundan so‘ng ustoz telefon qilib, menga rahmat aytdi. Baraka top, dedi. Men ham so‘zimni ikki qilmagan tanishimga rahmat aytib qo‘ydim. Keyinroq yo‘lim tushib qishloqqa borib, yaqin do‘stlardan eshitgan gapim rosa asabimni buzdi. Haligi dasti uzun tanishimiz domlaning peshana teri bilan topgan pulini ellik foiz evaziga naqdlashtirib bergan ekan. Ammo domla bundan aslo nolimay, meni — shogirdining qo‘lidan ish kelib qolganini aytib, har joyda quvonchini izhor qilib yurgan ekan.
Bugun bunday muammolar yo‘q. Har qadamda bankomat. Bozorga borsangiz ham, do‘konga borsangiz ham. Ochig‘i, endi naqd pul olib yurgandan ko‘ra plastik karta yaxshiroq. Hatto hozir plastik kartani olib yurishga ham ehtiyoj qolmadi. Telefoningizga peymi, klik yoki shunga o‘xshash dasturlarni yuklab olasiz. Istalgan to‘lovni amalga oshirib ketaverasiz.
Ko‘p shukr!..
To‘rinchi voqea
Mening onam umr bo‘yi daladan beri kelmay yashadi. Yoshligining eng gul damlari egatlarga egilib o‘tdi. Ustoz Abdulla Orifning “Ushoq chigitni ham etmay deb uvol, Million egatlarga egilgan xalqim” degan iztirobu alamlarga yo‘g‘rilgan satrlari aynan mening onam kabi mehnatkash, zahmatkash xalqimiz haqida.
Bir misqol ham yolg‘oni yo‘q, chin gaplar bular. Onam ko‘p eslardi, seni yo‘rgaklab olib, dalaning bir chetiga qo‘yib ishlaganman. Ishga chiqmasak, raisu birgadalar o‘dag‘aylab uygacha bostirib kelardi. Ularning haqoratlarini eshitgandan ko‘ra dalada ishlagan afzal edi. Sizlar dalada katta bo‘lgansizlar, bolalarim.
Bu faqat bizning oilamizga xos ahvol bo‘lmagan, albatta. Hammaning turmushi shu zaylda o‘tgan. Xo‘roz hamma joyda bir xil qichqirgan. Keyin dalalarga borish qismati bolalarga ko‘chgan. Maktab bolalari, oliy o‘quv yurt talabalari, turli tashkilotlar xodimlari — o‘qituvchi, shifokor, hamshira va shu singarilar... paxta dalalarida “javlon” urishgan. To‘g‘rirog‘i, shunga majbur bo‘lishgan, yo‘q majbur qilingan. Sobiq ittifoq davrida bu oddiy hol bo‘lgan. Hech kimga e’tiroz qilishga jur’at etmagan. Ko‘plarning xayoliga e’tiroz qilish fikri ham kelmagan. Butun dunyo ahli bizga o‘xshab mehnat qiladi deb o‘ylagan-da, bu jafokash xalq. Ardoqli shoirimiz Muhammad Yusuf yurak-bag‘ri qon bo‘lib:
“Hatto kech kuzda ham tugadi ko‘sak,
Serhosil O‘zbekiston dalalari.
Dalaga chiqishar ko‘tarib etak,
Birinchi sinf bolalari...
Sovuq deysizmi?
Ha, qahraton!
Qo‘lchalar qo‘yinda qotgan non,
Ammo nima qilsin, paxta shon,
Birinchi sinf bolalari.” — degan satrlarni bitgan edi.
Onamning alamdan yig‘laganini bir marta ko‘rganman... Voqea bunday bo‘lgan edi. Bir kuni dadam ishdan kech qaytdi. Biz bolalar uxlashga yotganmiz. Singillarim allaqachon uxlab qolishgan. Men ham onamdan nega uxlamayapsan degan tanbehni eshitmaslik uchun o‘zimni uxlaganga solib yotibman. Onam har galgidek ishdan kech qaytgan dadamga dasturxon yozdi. Ovqat keltirdi. Choy olib keldi, bir piyola quyib uzatdi. Keyin alam bilan yig‘lay boshladi: “Shuhrat (u paytlarda ota-onalar bir-birlariga to‘ng‘ich farzand ismi bilan murojaat qilishgan. Otamning ismi Shuhrat emasligini esimni taniganimdan so‘ng bilganman), bu nima azob, ertadan kechgacha daladan beri kelmaymiz. Sahar ketamiz, kech qaytamiz. It yotish, mirza turishlar jonimga tegdi. Koshki mehnatimizni qadriga yetishsa. Beradigani bu oydan u oyga yetmaydi. Biz ham bir kungina halovat topib yasharmikanmiz? Bolalarni qarang, bolalarni. Sho‘rginalarni uyga tashlab, ishga ketamiz, ertadan kechgacha yo‘l qarab o‘tirishadi. Onam qachon kelarkan, dadam qachon kelarkan, deb. Mana bugun ishdan kelsam, kenja qizimiz qo‘lida paxta yog‘iga botirilgan bir burda non, yarimta pomidor ushlab uxlab qolibdi. Kunda, kun ora shu ahvol. Bularning kelajagi nima bo‘ladi bu turishda? Qachon bizning hayotimiz o‘nglanadi? Qachon biz ham odamday yashaymiz? Xudoga nima yomonligimiz bor ekan bizni”.
Dadam onamni, onasi, iymoning salomat bo‘lsin, eshitgansan-ku, iymonning yarmi sabrda, yarmi esa shukrda, deb. Bizga ham Xudoning aytgani bordir. Butun umr shunday chang-tuproqqa belanib o‘tib ketmasmiz. Xufton ko‘nglimizni yorug‘ qiladigan damlar ham bo‘lar, deb yupatadi yig‘lamoqdan beri bo‘lib...
Allohning marhamati bilan mamlakat mustaqil bo‘ldi. O‘z bayrog‘i, tug‘rosi, madhiyasi, davlat tili bor barcha ozod mamlakatlar kabi bizning ham O‘zbekistonimiz erki, hurriyati o‘z ilkida bo‘lgan davlatga aylandi. Ammo dala ishlariga, ko‘cha-ko‘ylarning supir-sidiriga... Eh, nima ish bo‘lsa ommaviy ravishda safarbar qilishlar tugamadi. O‘quvchiyu talabalarning darsi egatlarda davom etdi. O‘qituvchilar esa maktabu sinfxonalarda dars berish o‘rniga necha kilo paxta terding, normangni bajarmasang gap eshitamiz, degan so‘roq-savol bilan kunlarni o‘tkazishdi. Poytaxtda ahvol bir muncha yaxshi, ammo viloyatlarda, chekka hududlarda mustaqillik nomigagina bo‘lgan edi, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Tashkilotu idoralarda mehnat qilayotgan kishilar paxta terimiga borishning imkonini qila olmasalar, kimlargadir uch-to‘rt so‘m berishgan yoki o‘rinlariga kimnidir yollashgan. Shifokor, hamshira, o‘qituvchi do‘stlarimdan eshitganman bu narsalarni.
Biz ham birinchi bosqichda o‘qib yurgan kezlarimiz Sirdaryoning “Oq oltin”iga paxta terimiga borganmiz. Yuqori bosqichda o‘qiydigan aka-opalarimiz aytishicha, O‘zbekiston milliy universiteti talabalari har yili shu joylarga hasharga kelishar ekan. Hashar deganlari qish ostonasiga qadar davom etar ekan. Odatda, yotoq joylar — dala shiyponlari, maktab binolari bo‘ladi. Bir xonada o‘n besh-yigirma chog‘li talaba joylashadi. Tong sahar turamiz, paxta dalasiga otlanamiz. Terganlarimizni peshinda bir, shomda bir topshiramiz. Yemak-ichmak ham o‘ziga yarasha. Ertalab nima yeding, makaron, tushda-chi, makaron, kechda ham makaron deyishadi-ku. Shunaqa bo‘lganda o‘zi.
Bugun bu voqealarni yosh uka-singillarimga so‘zlab bersak, ertak eshitayotganday ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay turishadi. Biroq biz farzandlarimizga bu kabi hayotiy hikoyalarni tez-tez aytib turishimiz zarur. Ular bu kunlarning qadriga yetishlari, kechagi mashaqqatli hayot haqida bilishlari kerak. Axir Qodiriy bobo ham “O‘tkan kunlar” avvalida moziyga qaytib ish tutish xayrlidir degan-ku. Men ham u kunlarni shunchaki eslayotganim yo‘q, Xudoga takror-takror shukr qilish uchun esladim. Hamma-hammasi uchun shukr.
Ko‘p shukr!..
G‘ayrat MAJID,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari