Botanika va dendrologiya bogʻlari ushbu texnikum oʻquvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlari uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.
Prezidentimiz hududlarda yashil bogʻlar yaratish boʻyicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi.
Ilgari “Mening bogʻim” dasturi doirasida har bir loyihaga byudjetdan 250 million soʻmgacha mablagʻ berilgan boʻlsa, endi bu miqdor 400 million soʻmdan oshiriladi.
Har bir yashil bogʻ va jamoat parki uchun aholi oʻzi tanlagan, yashash hududlariga yaqin, eng muhimi, suv taʼminoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi.
Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham oʻz okrugida yashil hudud, yashil bogʻ yaratishi uchun 412 million soʻmdan mablagʻ beriladi.
«Xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi”, “Bir koʻchat – ming baraka”, “Farzand koʻrsang, toʻy qilsang, daraxt ek”, deb bejiz aytilmagan. Bunday hikmatli soʻzlarning ahamiyati hozir har qachongidan ham dolzarb boʻlib borayotganini barchamiz kundalik hayotda his etib turibmiz», – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari, barcha faollarga murojaat qilib, joylarda milliy urf-odatlarimiz, anʼana va qadriyatlarimizni yanada kengroq targʻib qilishga, mahalla aholisini hamjihatlik va ahillik ruhida mana shunday ezgu ishlarga chorlashga, klublar, jamoalar tashkil etib, har bir koʻcha, xonadon, yoʻl boʻylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda yoshlarga bosh boʻlishga chaqirdi.
«Zero, yaxshi niyatda ekilgan har bir koʻchat bu – hayot, bu – toza havo, bu – sogʻlom muhit, bu – kelajak demak!» – dedi davlatimiz rahbari.