Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Qozog‘iston Senati Raisi Maulen Ashimbayev hamda Komissiya aʼzolari ishtirok etdi.
Yig‘ilish boshida Senat Raisi Tanzila Narbayeva o‘z so‘zida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, strategik sheriklikni chuqurlashtirishda parlamentlararo aloqalarning ahamiyati katta ekanini taʼkidladi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari bugungi kunda aniq amaliy natijalar bilan boyib borayotgani alohida qayd etildi.
Qozog‘iston Senati Spikeri Maulen Ashimbayev davlat rahbarlari Qasim-Jomart Tokayev va Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama hamkorlikka yuqori surʼat bag‘ishlayotganini taʼkidladi. Bu jarayonda parlamentlararo hamkorlik alohida o‘rin tutadi.
Komissiya faoliyati doirasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, Orol dengizi muammolarini hal etish, Orolbo‘yi ekotizimini muhofaza qilish, shuningdek, ilm-fan va ekologiya sohasidagi taʼlim loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qo‘shma loyihalarni yanada kengaytirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish davomida O‘zaro hamkorlik bo‘yicha komissiyaning hamraislari – Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Qozog‘iston Parlamenti Senati Raisining o‘rinbosari Jakip Asanov O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, strategik sheriklikni rivojlantirishda parlamentlararo aloqalarning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, siyosiy, savdo-iqtisodiy, “yashil” iqtisodiyot, energetika, taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Parlamentlararo hamkorlik oliy darajada erishilgan kelishuvlarni qonunchilik jihatidan taʼminlashda va ular o‘z vaqtida ijro etilishida muhim o‘rin tutishi taʼkidlandi.
Yig‘ilishda avvalgi Komissiya yig‘ilishlarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni yuzasidan axborot berildi.
Muhokamalar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni qayd etib, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdilar.