Ma’lum qilinishicha, hozirda Toshkent Botanika bog‘ining bufer zonasida 50 sotix maydonda suv havzasi tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur hudud Botanika bog‘ining kolleksiya maydonlariga kirmaydi. Bu yerda asosan tabiiy ravishda o‘sib chiqqan o‘simliklar, jumladan, maymunjon, qamish va boshqa yovvoyi o‘simliklar mavjud.
Fanlar akademiyasi ma’lumotiga ko‘ra, suv havzasi tashkil etilayotgan maydonda Botanika bog‘ining ilmiy kolleksiyasiga mansub daraxt va butalar mavjud emas.
Ishlar ekologiya mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Hududdagi ishlar ekologik talablarga muvofiq tashkil etilishi va mavjud yashil hududlarga zarar yetkazilmasligi nazorat qilinmoqda.
Suv havzasini tashkil etishdan asosiy maqsad Botanika bog‘ida suv o‘tlarI, suv bo‘yida o‘suvchi daraxt va butalar ekotizimini yaratish, uni tadqiq qilish hamda tegishli tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Shuningdek, suv havzasi ilmiy maqsadlardan tashqari hududda mikroiqlim barqarorligini ta’minlashga ham xizmat qilishi qayd etilgan.
Fanlar akademiyasi OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini faqat ishonchli va rasmiy manbalarga tayanilgan holda xulosa chiqarishga, tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.