Hamyurtlarimiz T.U. va S.M. baxtsiz hodisalar oqibatida nogiron bo‘lib qolgan va taqdir taqozosi bilan Novosibirsk shahridagi Muruvvat uyidan panoh topgan edi.
Vatandoshlar 2018-yildan buyon yashab kelayotgan Muruvvat uyidan 2026-yil mart oyida Bosh konsul tomonidan mutlaqo tasodifan topilgan. 2018-yildan beri ushbu hududning ijtimoiy xizmat idoralari O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasiga T.U. va S.M.ning avval yo‘qotilgan hujjatlarini tiklash hamda shaxsini aniqlash masalasida biror marta ham murojaat qilmagan.
Konsulxona vakillari 2026-yil mart oyida Muruvvat uyiga tashrif buyurib, bu yerdagi yurtdoshlar bilan alohida suhbatlar o‘tkazdi. Shundan so‘ng, Bosh konsulxona nafaqat ularning shaxsi va fuqaroligini aniqlash, balki ular uchun O‘zbekiston Respublikasining zarur hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ham tegishli choralarni ko‘rishga kirishdi.
Ayni paytda vatandoshlarning keyingi taqdiri O‘zbekiston Bosh konsulxonasining alohida nazoratiga olingan.