Shu munosabat bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida mazkur biyennale ishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan 25 yildan buyon xorijiy mamlakatlarning mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari, qator vazirlik va idoralar hamda muassasalar hamkorligida muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur Biyennale yurtimiz poytaxtini dunyo zamonaviy san’atining markazlaridan biriga aylantirdi.

Bugungi kunda insoniyat keng ko‘lamli madaniy va texnologik o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Biz o‘tish davrini — aniq o‘tmish va algoritmik kelajak, insoniy tajriba va sun’iy intellekt, reallik va simulyatsiya o‘rtasidagi holatni boshdan kechirmoqdamiz. Ushbu holatni voqealar ufqi — ortga qaytib bo‘lmaydigan, ortda qolgan dunyoga qaytish imkonsiz bo‘lgan nuqta bilan qiyoslash mumkin. San’at uchun bu obraz sivilizatsiyaviy burilishning, ya’ni odatiy fikrlash va ijod shakllari transformatsiyaga uchrab, o‘z o‘rnini yangicha idrok etish hamda yaratish usullariga bo‘shatib berayotgan lahzaning metaforasiga aylanadi.

Toshkent zamonaviy san’at biyennalesi ushbu holatni jamiyat texnologik va madaniy o‘zgarishlar ufqi poyida turgan intizorlik lahzasi sifatida ko‘rib chiqishni taklif etadi. Biz najot, ma’no yoki yangi uyg‘unlik ramzi sari harakat qilyapmiz — biroq bu maqsadga eltuvchi yo‘lning o‘zi cheksiz noaniqlik hududiga aylanib bormoqda.

Biz ikki dunyo o‘rtasida, inson va algoritm, reallik va simulyatsiya, o‘tmish va kelajak oralig‘idagi lahzada yashayapmiz. Ushbu lahza — voqealar ufqidir.

Tarixiy sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lgan Toshkentning bugungi kunda “Voqealar gorizonti”ni kuzatish uchun ideal nuqtaga aylanayotgani ramziy ma’noga ega. Asriy an’analar megapolis sur’ati bilan tutashgan bu shahar o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi o‘ziga xos portalga aylanmoqda. Agar ilgari bu yerda insonlar boshpana, suv va soya izlab kelgan bo‘lsalar, bugungi davrlar tutashgan pallada biz inson mavjudligining yangi ma’no-mazmunlarini izlamoqdamiz va bu sivilizatsiyani noma’lum davr ostonasida o‘z harakat yo‘nalishini belgilab olishga undamoqda.

Biyennaleda ishtirok etish uchun turli mamlakatlardan mualliflar va ijodiy jamoalar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha taklif etilgan:

– Modern art (rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik);

– Contemporari art (installatsiyalar, video va foto art, konseptual san’at).

Biyennale doirasida, shuningdek, butun dunyodan zamonaviy san’at sohasida faoliyat yuritayotgan olimlar ishtirokida “Voqealar gorizonti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Biyennale O‘zbekistonning milliy merosini, zamonaviy rassomlarining ijodini global miqyosda targ‘ib qilish va zamonaviy san’atni rivojlantirishga qaratilgan eng yirik va nufuzli xalqaro tadbirlaridan biridir. Shu bois mazkur san’at anjumaniga yurtimiz va dunyoda qiziqish katta. XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at Biyennalesida bu yil dunyoning 33 mamlakatidan 70 nafar rassom va kurator o‘z asarlari bilan ishtirok etayapti.

Bundan tashqari san’at ixlosmandlari va poytaxtimizga kelgan turli darajadagi mehmonlar Biyennale davomida yurtimizning 40 nafar rassomi ijodi bilan yaqindan tanishishlari mumkin. Biyennale dasturi ko‘rgazma va tadbirlarga boy. Biyennale doirasida respublikamiz hamda xorijiy mamlakatlarning ijodkor vakillari ishtirokida kuratorlik loyihalari, zamonaviy san’atning turli yo‘nalishlaridagi ijodiy ishlar havola etiladi.

Shu bilan birga, chet el rassomlari va kuratorlari ma’ruza o‘qishadi, mahorat darslari o‘tishadi. Samarqand va Toshkentning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtiriladi.

Matbuot anjumanida ko‘rgazmalar Badiiy akademiyaning “Akademiya” galereyasi, Markaziy ko‘rgazmalar zali, Toshkent fotosuratlar uyi, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi va O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.

Nodir MAHMUDOV,

“Yuz.uz” muxbiri