Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor tashkil etilgan mazkur yirik tadbir yurtdoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otib, ro‘yxatdan o‘tish talablariga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashganlariga ham guvoh bo‘ldik. Ko‘pchilik tadbirning ahamiyati, yurtimizga oid statistik raqamlarni aniq shakllantirish, ishonchli va zamonaviy ma’lumotlar bazasini yaratishda muhim ekanini yaxshi angladi. Hatto jarayondan so‘ng mavjud raqamlar mutlaqo o‘zgarishi yoki yangilanishi mumkinligi ham taxmin qilingandi.

O‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalari shu yil 30 iyun kuni Milliy statis­tika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilindi. Raqamlarda chindan kutilmagan o‘zgarishlar bor. Masalan, mamlakatimiz aholisi sonida 810 mingdan ko‘proq farq kuzatildi — O‘zbekiston fuqarolari soni joriy statistik hisob-kitoblar bo‘yicha 38 236 704 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari bo‘yicha 39 047 321 nafarga yetgani qayd etildi.

Ularning 54,5 foizi shaharlarda, 45,5 foizi qishloq joylarda yashamoqda. Aholining jinsi bo‘yicha taqsimotda ham kutilmagan o‘zgarish bor, erkaklar ayollarga nisbatan ko‘proq ekani aniqlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda erkaklar soni 19 766 166 nafarni, ayollar soni esa 19 281 155 nafarni tashkil etmoqda. Aholining millatlar bo‘yicha tarkibida esa o‘zbeklar 89,4 foiz bo‘lib, fuqarolarning 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan.

Qishloq xo‘jaligiga oid statistik raqamlarda ham o‘zgarishlar katta. Dastlabki natijalarga ko‘ra, dehqonchilik maqsadida foydalaniladigan umumiy yer maydoni 4,8 million gektarni, baliq boqish havzalari 652,8 ming gektarni tashkil etmoqda va hokazo.

— Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tkazilgan keng ko‘lamdagi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalarini e’lon qildik. Bu to‘plangan ma’lumotlarning taxminan 14-15 foizini tashkil etadi, qolgan raqamlar esa kelasi yilning iyul oyiga qadar elektron platformalar orqali bosqichma-bosqich e’lon qilib boriladi, — dedi Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamroyev. — Gap shundaki, mazkur tadbir yurtimiz amaliyotida ilk yirik milliy ro‘yxatga olish hisoblanadi va deyarli 37 yil davomidagi ma’lumotlar yangilanib, qayta ishlanyapti, bu juda katta jarayon. Natijalar sifati va to‘liqligini ta’minlash maqsadida tanlanma kuzatuv ishlari olib borilib, ma’lumotlar bir necha manbalar bilan solishtiril­yapti. Ya’ni yurtimizda bu borada avval tajriba bo‘lmagani, qolaversa, jahon amaliyotida ham natijalar bir necha yil davomida e’lon qilinishini e’tiborga olsak, bir oz vaqt talab etilishi tabiiy. Shunga qaramay, ro‘yxatga olish jarayoni “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun talab­lariga ko‘ra va xalqaro tavsiyalar, zamonaviy raqamli texnologiyalar, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etildi va bu xorijiy davlatlarda ham e’ti­rof ­qilinmoqda. Hattoki bu ­boradagi O‘zbekis­ton amaliyoti eng yaxshilardan biri ekani aytilyapti. Bunda, albatta, bizga yaqindan ko‘maklashgan xalqaro hamkorlar, xususan, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori ofisi, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, Jahon banki, Xalqaro migratsiya tashkilotining ham hissasi katta.

Bir so‘z bilan aytganda, uzoq kutilgan hamda yuqori tayyorgarlik ko‘rilgan aholi va qishloq xo‘jaligini umummilliy ro‘yxatga olish tadbiri yurtimizda muvaffaqiyatli yakunlandi. Salkam ikki oy — 15 yanvardan 28 fevralga qadar davom etgan tadbir mamlakatimiz hayotidagi tarixiy voqelikka aylanib, xalqimiz va xorij maydoni diqqat markazida bo‘ldi. Kuzatuv natijalariga ko‘ra, jarayonda umumiy aholining 97,3 foizi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2,7 foizi turli sabablarga ko‘ra ro‘yxatga olish jarayonlarida qatnashmagan. Ammo bu xalqaro me’yorlar bo‘yicha normal bo‘lib, turli davlatlarda 10 foiz va undan yuqori holatlar ham kuzatilgan.

Bir qarashda bular oddiy raqamlar, odatdagi statistika. Ammo to‘plangan ma’lumotlarning har biri jamiyat hayotidagi muhim jarayonlarni aks ettiradi. Masalan, ular aholi soni va tarkibi, hududlar bo‘yicha joylashuvi, uy xo‘jalik­lari va yashash sharoitlari, ta’lim, bandlik va migratsiya jarayonlari, shuningdek, qish­loq xo‘jaligi resurslari va faoliyati to‘g‘risida yaxlit tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Ushbu ma’lumotlar mamlakatning bugungi qiyofasini xolis aks ettiradigan, jamiyat ehtiyojlarini aniq ko‘rsatadigan va kelajakdagi qarorlar uchun ishonchli yo‘nalish beradigan strategik axborot manbaidir.

Shu bois, statistik ma’lumotlar aniq, shaffof va ishonchli bo‘lishidan har birimiz manfaatdormiz. Har holda bugun o‘zimiz ham statistika deganda ko‘r-ko‘rona e’lon qilinadigan raqamlar emas, aniq hisoblangan ma’lumotlar bazasini tasavvur qilib, ba’zi amaliyotlarni shular asosida amalga oshirishga odatlanib ­qolganmiz. Ro‘yxatga olish tadbirlarida yurtdoshlarimiz kutilganidan ko‘ra faollik ko‘rsatgani sababi ham shunda bo‘lsa kerak.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ikki bosqichda — onlayn hamda tegishli xodimlar tomonidan uyma-uy yurgan holda amalga oshirildi. Avvaliga hamyurtlarimiz census.stat.uz maxsus axborot tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Unda jami aholining 82,3 foizi ishtirok etdi va bu MDH davlatlari orasida o‘ziga xos rekord natija sifatida qayd etildi. Ikkinchi bosqichda esa “mahalla yettiligi”ning 55 mingdan ortiq xodimi har bir xonadonga kirib, tegishli ma’lumotlarni maxsus planshetlar orqali yagona elektron tizimga kiritib bordi. Ro‘yxatga olish jarayoni davomida call-markaz orqali kuniga

2 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani ham aholining tadbirda katta qiziqish bilan ishtirok etganini ko‘rsatadi.

Mutasaddilarning aytishicha, tadbir avvalida aholining 20 foizi onlayn ro‘yxatdan o‘tishi hisob-kitob qilingan. Ammo kutilmaganda bu ko‘rsatkich ancha baland bo‘lib, onlayn ro‘yxatdan o‘tish ko‘rsatkichi 82,3 foizga yetgan. Natijada ro‘yxatga olish tadbirlari xarajatlari ham sezilarli qisqarishiga erishilgan.

— Dastlabki xarajatlar 140 milliard so‘m atrofida hisoblangan edi, — deydi Behzod Hamroyev. — Biroq aholining internetdan faol foydalanishi hamda katta qismi onlayn ro‘yxatdan o‘tgani xarajatlarni sezilarli kamaytirdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishini ro‘yxatga olish uchun sarflangan xarajat 0,12 dollarni tashkil etdi. Jami xarajatni hisoblaganda, bir necha barobar tejalganini ko‘rish mumkin. Bu keyingi yillarda O‘zbekistonda raqamlashtirish ko‘rsatkichi ortib borayotgani, odamlarning elektron platformalar, internet tarmog‘idan foydalanish darajasi ancha yuqorilaganini ko‘rsatadi. Shu bois, ro‘yxatga olish jarayonlari to‘liq raqamlashtirilib, tariximizda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan va qamrovi bo‘yicha eng yirik tadbirlardan biri bo‘ldi.

Buni xorijlik mutaxassislar ham e’tirof etmoqda. BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abboszodaning ta’kidlashicha, jahon tajribasida odatda aholini ro‘yxatga olish tadbirlari uchun xarajatlar kishi boshiga kamida 3 dollar, o‘rtacha 5 dollardan to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston amaliyotida ham shunday hisob-kitob qilingan. Biroq amalda xarajatlar sezilarli tejalib, bu borada yuqori samaradorlikka erishilgan.

Jarayonga tayyorgarlik ko‘rishdan tortib, uni o‘tkazish va natijalarni tahlil qilish bosqichlarining barida xalqaro ekspertlar doimiy ishtirok etmoqda. Boisi, bunday yirik tadbir xalqaro maydonda ham o‘ziga xos amaliyot hisoblanadi. Qolaversa, ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishda xalqaro standartlarni qo‘llash nihoyatda muhim.

Bunda aholi bilan birga qishloq xo‘jaligi ham qamrab olingani, ayniqsa, ahamiyatli. Odatda ushbu ikkita yo‘nalishni bir vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazish juda katta tadbir bo‘lib, jahon amaliyotida sanoqli davlatlar tajribasidagina kuzatiladi. O‘zbekiston bu borada o‘ziga xos tajriba yarata olgani va ro‘yxatga olish muvaffaqiyatli o‘tgani xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgani boisi shunda.

Ro‘yxatga olish natijalarida avvalgi raqamlar joriy ma’lumotlardan muayyan darajada farq qilishi tabiiy holat. Chunki shu vaqtgacha aholi soni demografik hisob-kitoblar asosida, boshqa ma’lumotlar esa asosan hisobot topshirish orqali shakllantirilgan. Qolaversa, O‘zbekiston amaliyotida oxirgi ro‘yxatga olish tadbiri 1989 yilda o‘tkazilgan, oradagi vaqt esa ancha katta. Bu real natijalar borasidagi sezilarli o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Ammo ro‘yxatga olishdan maqsad raqamni o‘zgartirish emas, balki uni aniqlashtirishdir.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, mamlakatimiz aholisi soni ayni paytda 39 milliondan ko‘proq ekani buning isboti. Ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston aholisi soni 1897 yildagidan qariyb o‘n barobar, 1989 yildagidan esa ikki barobar oshgan.

Odatda bu kabi statistik ma’lumotlar odamlar uchun qiziq bo‘libgina qolmay, muayyan davrga oid qaydlar, demografik va boshqa ko‘rsatkichlarning umumiy manzarasini ko‘rsatib beradigan asosiy omil hisoblanadi. Ularning aniq, shaffof va ishonchli bo‘lishi esa bevosita mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari kelgusida demografik o‘zgarishlarni tahlil etish, fuqarolarning hududlar kesimida joylashuvini baholash, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, yashash sharoitlari va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha manzilli qarorlar qabul qilish va tegish­li tahlillarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ro‘yxatga olish natijalariga oid raqamlarni esa yurtdoshlarimiz elektron platformalar orqali kuzatib borishlari mumkin.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri