Yangi raqamli platforma ekologiya sohasidagi tarqoq ma’lumotlarni yagona tizimga birlashtirish hamda mamlakatning tabiiy merosini o‘rganish, monitoring qilish va muhofaza etish uchun zamonaviy axborot asosini yaratishga xizmat qiladi.

Taqdimot marosimi “Green University” huzuridagi Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhit ilmiy tadqiqotlari markazida bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), “Green University”, ilmiy hamjamiyat, xalqaro tashkilotlar, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

«ECODATA platformasining Butunjahon tabiatni muhofaza qilish kunida ishga tushirilishi ramziy ahamiyatga ega. Bu sana atrof-muhitni asrash nafaqat ekologik mas’uliyat, balki zamonaviy vositalarni ham talab qilishini eslatadi, — dedi Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov. — Bugungi kunda raqamli texnologiyalar tabiiy jarayonlarni ancha aniq kuzatish imkonini bermoqda: qaysi tur qayerda uchrashi, uning soni qanday o‘zgarayotgani, qaysi hududlar eng katta bosim ostida ekani va qayerda qo‘shimcha muhofaza choralari zarurligini aniqlash mumkin. ECODATA ekologik ma’lumotlarni davlat organlari, olimlar, mutaxassislar, xalqaro hamkorlar va jamiyat uchun amaliy vositaga aylantiradi. Chunki tabiatni samarali muhofaza qilish ishonchli ma’lumotlardan boshlanadi. Kelajak avlodlar uchun tabiiy merosni asrab qolish esa bilimga asoslangan qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq».

Platforma «Ma’lumot → tahlil → qaror» tamoyili asosida yaratilgan. Tizim ekologik ma’lumotlarni nafaqat saqlaydi, balki vaqt davomida yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatish, hududlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarni taqqoslash, alohida turlar va hududlarning holatini monitoring qilish hamda boshqaruv qarorlarini yanada asosli qabul qilish imkonini beradi.

Platforma Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Global ekologik fond (GEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Aral Sea Wetlands” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

Yagona tizim yaratilishidan avval ekologik ma’lumotlar turli format va manbalarda saqlanardi. Bu esa ma’lumotlarni taqqoslash, monitoring olib borish va tahliliy materiallar tayyorlashni murakkablashtirardi. ECODATA esa hayvonot va o‘simlik dunyosi, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, o‘rmonlar, suv havzalari, yaylovlar, tabiiy resurslardan foydalanish hamda monitoring natijalari haqidagi ma’lumotlarni yagona raqamli makonda jamlaydi.

Bugungi kunda platforma 7 ta modul, 60 dan ortiq o‘zaro bog‘langan jadvalni o‘z ichiga oladi va mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Platformaning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonning bioxilma-xilligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimlashtirishdir. Tizim hayvon va o‘simlik turlarini, jumladan, Qizil kitobga kiritilgan turlarni hisobga olish, ularning soni, tarqalishi va muhofaza maqomini kuzatish imkonini beradi. Shuningdek, davlat qo‘riqxonalari, milliy bog‘lar, buyurtmaxonalar, o‘rmon va ovchilik xo‘jaliklari, baliqchilik xo‘jaliklari hamda ekologik turizm hududlari bo‘yicha ma’lumotlar bilan ishlash imkoniyatini ham yaratadi.

ECODATAning muhim jihatlaridan biri — tabiiy hududlarda mobil modul orqali ma’lumotlarni bevosita yig‘ish imkoniyatidir. Mutaxassislar kuzatuvlarni GPS koordinatalari va fotosuratlar bilan birga qayd etishlari mumkin. Internet aloqasi bo‘lmagan taqdirda ham ma’lumotlar saqlanadi va tarmoqqa ulangandan so‘ng avtomatik ravishda sinxronlashtiriladi.

Shuningdek, fuqarolar ham platformada ishtirok etishi mumkin: ular o‘simlik va hayvonlar haqidagi kuzatuvlarini yuboradilar, ushbu ma’lumotlar esa mutaxassislar tomonidan tekshiriladi.

ECODATA nafaqat axborot bazasi, balki tabiiy resurslarni boshqarish vositasi sifatida ham yaratilmoqda. Platforma dolzarb ma’lumotlar asosida kvotalarni hisoblash, ayrim davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish hamda ilmiy tadqiqotlar va uzoq muddatli ekologik monitoring uchun yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi.