Raqobat qoʻmitasi Maxsus komissiyasi tomonidan propan import qiluvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati oʻrganilib, 2025-yil noyabr–dekabr oylari hamda joriy yil yanvar oyida birja savdolarida boshlangʻich narxlarni asossiz oshirish va mahsulot hajmlarini sunʼiy ravishda cheklash orqali narxlarni oshirish holatlari aniqlandi.

Koʻrilgan tezkor choralar natijasida propan narxi 21 foizgacha arzonlashtirilishiga erishildi.

Nazorat tadbirlari va muhokamalar yakuniga koʻra, 31 ta xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilgani eʼtirof etildi.

Shulardan 12 ta subyekt tomonidan birja savdolarida raqobatga zid boʻlgan muvofiqlashtirilgan harakatlar amalga oshirilgani aniqlandi. Qolgan holatlarda esa boshlangʻich narxlarni asossiz oshirish hamda mahsulotni qonunchilikka zid ravishda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotish holatlari kuzatildi.

Ushbu holatlar yuzasidan Maxsus komissiya tomonidan qonunbuzilish davridagi tovar aylanmasiga nisbatan 28,9 milliard soʻm miqdorida moliyaviy jarima qoʻllash hamda asossiz olingan 34,1 milliard soʻm mablagʻni respublika byudjetiga oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Shuningdek, qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan majburiy koʻrsatmalar berildi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu qarordan norozi boʻlgan tomonlar Qoʻmitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.