Ikkinchi jahon urushi… Bu soʻzlar ortida millionlab taqdirlar, uzilgan umrlar, koʻzi yoshga toʻlgan onalar, otasini kutgan bolalar, sevgisini yoʻqotgan yoshlar qismati mujassam. Bu — insoniyat boshdan kechirgan eng dahshatli fojialardan biri. Ammo ayni paytda inson irodasi, matonati va Vatanga muhabbati eng yuksak darajada namoyon boʻlgan davrdir.
Oʻzbekiston xalqi bu urushda mislsiz
jasorat koʻrsatdi. Millionlab yurtdoshlarimiz frontga otlandi, minglab oilalar
esa aziz yaqinlarini ortga qaytmas yoʻlga kuzatdi. Ular qaytishga vaʼda bergan
edi… Lekin urush vaʼdalarni tinglamaydi. Orzularni chilparchin qiladi,
taqdirlarni oʻzgartiradi.
Qanchadan-qancha onalar umri oxirigacha
eshikka qarab, “balki oʻgʻlim kirib kelar” degan umid bilan yashadi.
Qanchadan-qancha farzandlar otasining qoʻlini tutish baxtidan mahrum boʻldi.
Bedarak yoʻqolganlar soni shunchaki raqam emas, bu — tugallanmagan taqdirlar,
aytilmay qolgan soʻzlar, armon boʻlib qolgan uchrashuvlar.
Bu
tarixiy xotirani asrash, qahramonlarimizni yod etish va jasoratidan ibrat olish
muqaddas burchimiz. Chunki xotira bor ekan, millat barhayot, qadriyatlar
bardavom, tinchlik esa mustahkam boʻladi.
Prezidentimiz
rahbarligida Ikkinchi jahon urushi yillarida jasorat va matonat, mehr-oqibat va
olijanoblikning yuksak namunasini koʻrsatgan xalqimizning buyuk gʻalabaga
qoʻshgan munosib hissasi bilan bogʻliq xotirani saqlab qolish borasida ulkan
ishlar qilinmoqda.
2020-yilga
qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisining 1 million 500 mingga yaqini
urushda ishtirok etgan deyilar edi.
Prezidentimiz
tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom
maʼnoda yangi davr boshlandi. Jahon arxivlari oʻrganilib, yangi topilgan
maʼlumotlar tahlil qilindi. Natijada Oʻzbekistondan 1 million 951 mingga yaqin
kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch oʻzbekistonlikdan
biri qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. 451 ming
yurtdoshimizning nomi va taqdiri shuncha yil davomida eʼtibordan chetda qolib
kelgan.
Bundan
tashqari, ilgari 396 ming oʻzbekistonlik urushda halok boʻlgan deyilardi.
Aslida, bu raqam 538 mingdan ziyod boʻlgan, 158 mingdan koʻprogʻi bedarak
yoʻqolgan.
Ilmiy
izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan oʻzbekistonliklar
soniga ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu koʻrsatkich 120 ming deb qayd etilar
edi. Yangi maʼlumotlarga asosan Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar
va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi.
Jumladan, ilgari 280 nafar deb kelingan oʻzbekistonlik sovet ittifoqi
qahramonlari soni 301 nafar ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi
“Slava” ordeni bilan taqdirlangani oʻz tasdigʻini topdi.
Shu
oʻrinda oʻzbek oʻgʻloni Sirojiddin Valiyevning Ikkinchi jahon urushida
koʻrsatgan matonatini eslab oʻtish joiz. Urush boshlanganida u harbiy xizmatda
edi. Janubiy frontning 74-oʻqchi diviziyasi alohida razvedka rotasi vzvod
komandiri, kichik leytenant Sirojiddin Valiyev topshiriqlarni bajarish davomida
bir oʻzi son jihatidan koʻp boʻlgan dushmanga qarshi jang qiladi. Keyinchalik
armiya generali boʻlgan, urush yillarida diviziya komissari Yevdokim Malsev
“Sinovli yillar” kitobida Sirojiddinning jasoratini bunday xotirlaydi:
“Dushman
tomonidan aholi punktlarining doira prinsipi boʻyicha mudofaasi mustahkam edi
va uni yorib kirish deyarli imkonsiz deb hisoblanardi. Tayanch punktlar
oraligʻidagi yoʻllar patrul bilan qoʻriqlanardi. Shunga qaramay, Valiyev
razvedkachilari shovqin qilmay soqchilarni olib tashlab, qishloqqa kirishga
muvaffaq boʻldi. Ular bildirmasdan fashistlarning tanklari turgan kolxoz
hovlisiga yonilgʻi aralashmasi solingan butilka irgʻitdi. Ortga qaytayotganda vahima
bilan yugurib chiqqan ikki tankchini qoʻlga olishdi. Razvedkachilarimiz
artilleriyachilarimizga beqiyos yordam koʻrsatdi”.
Sirojiddin
Valiyev “Jasurligi uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun” medallari bilan
taqdirlangan. 1942-yil 20-iyun kuni Yelenovka qishlogʻida dushman toʻdasiga
qarshi jang qilayotganida ogʻir yarador boʻladi. Biroq safdoshlarini taʼqibdan
qochirish uchun uni qoldirishlariga koʻndiradi va oʻzi oʻrmonda jon beradi...
Yozuvchi
Boris Gorbatov “Ona zaminimizning har qarichi” maqolasida Sirojiddin Valiyev
nomini alohida hurmat bilan tilga oladi: “Fargʻonalik oʻzbek razvedkachisi
Sirojiddin Valiyevdan ham ajoyib jangchi butun frontimizda yoʻq edi. Uning
vatanida — oltin Fargʻonada muzdek suvlar ariqlarda shildirab oqadi. Valiyev
esa mening chang-toʻzonli va tutun bosgan Donbasim uchun jang qilgani keldi.
Uning vatanida shamshod teraklar ostida ajdodlari tinch yotibdi. Sirojiddin
Valiyev esa shaxta yonidagi jangda halok boʻldi va shu yerda koʻmildi.
Valiyev
dafn qilinayotganda butun diviziya yigʻladi. Tamanlik temir irodali jangchilar
koʻz yoshini yashira olmadi. Podpolkovnik yigʻladi, komissar koʻz yoshlarini
artdi. Ammo oddiy grajdan kiyimidagi jikkakkina kampir hammadan koʻp yigʻladi.
Valiyev uning uyida turgan edi. Kampir uni oʻzining uchinchi oʻgʻli deb bilar
edi.
Kampir
bizga boshqa ikki yigitning suratini koʻrsatdi... Ular qayerdadir gʻarbiy
frontda jang qilmoqda. Ammo oʻrta boʻyli, bugʻdoyrang, sochi va koʻzi tim qora
oʻzbek yigitini oʻgʻlim deb ataganida, birortamiz ham ajablanmadik.
Haqiqatan,
u kampirning oʻgʻli edi. Bu otashin oʻzbek yigiti oʻgʻil kabi oʻz onasi uchun
chinakam jang qilgan yigit edi... Biz Valiyevni unutmaymiz”, deb yozadi
yozuvchi Boris Gorbatov.
Urush
yillarida faqat alohida qahramonlar emas, balki butun xalq — yoshu qari,
erkak-ayol birdek safarbar etildi. Ana shunday umumxalq qahramonligi zamirida
mard oʻgʻlonlarning munosib hissasi bor edi. Jumladan, 24 yoshda qahramon
boʻlgan Qoʻchqor Turdiyev, general Sobir Rahimov, Sharof Rashidov, Zebo
Gʻaniyeva, Mamadali Topivoldiyev, Ahmadjon Shukurov va boshqa koʻplab
vatandoshlarimizning jasorati alohida eʼtirofga loyiq.
Bundan
tashqari, Ikkinchi jahon urushida bevosita jangovar harakatlarda ayollar ham
qatnashgan. Davlat mudofaa qoʻmitasi urushning ilk kunlaridan boshlab ayollarni
ham urushga yuborish borasida qator qarorlar qabul qilgan. Avvaliga koʻngilli
boʻlib frontga borilgan boʻlsa, 1942-yil bahoridan boshlab harakatdagi qoʻshin
safiga ayollarni ommaviy safarbar etish boʻyicha bir toʻxtamga kelingan.
Oʻzbekistondan
4555 ayol urushda qatnashgan. Ular orasida aloqachi, uchuvchi, mergan,
zenitchi, tibbiy xodim va razvedkachilar bor edi. Oʻzbekistonlik Zebo Gʻaniyeva
ham qahramon boʻlgan.
Oʻsha
olovli yillarda Oʻzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha boʻlgan butun xalqimiz,
jumladan, ayollar va yosh qizlar “Hamma narsa front uchun, hamma narsa gʻalaba
uchun!” deb yashadi. Orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʻir mehnat
qildi. Respublikamiz frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylandi.
Urushining
boshlangʻich davridagi eng murakkab vazifalardan biri iqtisodiyotni harbiy izga
solish edi. Bu masʼuliyatli topshiriqni sobiq ittifoqning qariyb 40 foiz
aholisi istiqomat qiladigan, koʻmirning 63 foizi qazib olinadigan, poʻlatning
50 foizi ishlab chiqariladigan, donning 38 foizi yetishtiriladigan, ayniqsa,
koʻpgina mudofaa korxonalari joylashgan hududni fashistlar bosib olgan bir
paytda hal qilish kerak edi.
Shu
bois, Oʻzbekiston urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika,
qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib
beradigan muhim tayanch markazlardan biriga aylandi.
Ishlab
chiqarish korxonalari harbiy maqsadda qayta tashkil etildi. Jumladan, koʻp
millatli aholimizning fidokorona mehnati bilan oʻsha vaqtdagi 300 ga yaqin
korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan
yurtimizga 151 ta zavod koʻchirib keltirilib, qisqa muddatda ishga tushirilgan.
Bunday
misollar gʻalaba biz uchun naqadar qimmatga tushgani, xalqimiz dunyoni fashizm
balosidan xalos etishga nechogʻliq salmoqli hissa qoʻshganini yaqqol
koʻrsatadi.
Eng
taʼsirlisi, xalqimizning insonparvarligidir.
Oʻzbekiston
urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan, front
hududlaridan koʻchirib keltirilgan qariyb 1 million 500 ming kishini oʻz
yaqinlaridek kutib oldi. Ularning 250 mingdan ziyodi bolalar edi. Ularga qariyb
150 ming kvadrat metr hajmda uy-joy ajratib berildi.
Oʻzbek
oilalari evakuatsiya qilinganlar bilan soʻnggi burda noni va boshpanasini baham
koʻrdi, koʻplab yetim bolalarga ota-onalik qildi. Xalqimizning musofirlarga
boshpana berib, ota-onasidan judo boʻlgan yetim bolalarni bagʻriga olgani
insonparvarlikning chinakam namunasidir.
Bu
raqamlar oddiy statistik maʼlumotlar emas, balki boshimizdan kechgan mudhish
urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiruvchi ogohlik
qoʻngʻirogʻidir. Shu bilan birga, bugungi tinch va goʻzal hayotning qadriga
yetib, doimo hushyor va ogoh boʻlishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida
tarbiyalashga xizmat qiladi.
Tarixiy
adolat qaror topgani har birimizga, ayniqsa, bugun hayot boʻlgan urush va
mehnat fronti qatnashchilariga chuqur maʼnaviy kuch berishini taʼkidlash joiz.
Prezidentimizning
2019-yil 23-oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75
yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan Toshkent shahrining Olmazor
tumanida Gʻalaba bogʻi tashkil qilindi.
Bundan
koʻzlangan asosiy maqsad hozirgi va kelajak avlodni ota-bobolar ruhiga hurmat
koʻrsatish, millatni sevish, yurtning har qarich tuprogʻini qadrlashga
oʻrgatish, ezgulik va rahmdillik singari koʻp asrlik anʼanalar ruhida
tarbiyalashdir.
Shu
oʻrinda Gʻalaba bogʻida urush yillarida xalqimiz koʻrsatgan beqiyos
qahramonlikni ulugʻlaydigan, oʻzida ona Vatan timsolini mujassam etgan “Matonat
madhiyasi” yodgorlik majmuasiga qandaydir badiiy obraz emas, balki hayotimizda
haqiqatdan roʻy bergan tarixiy voqea — zangiotalik Zulfiya ona Zokirova va
uning oilasi toʻgʻrisidagi fakt asos qilib olingan. Gʻalaba bogʻining markazida
joylashgan bu muazzam timsol barcha Oʻzbekiston onalariga qoʻyilgan haykal
boʻlib, ona Vatan ramzini ifoda etadi.
Bugun
biz tinch osmon ostida yashayapmiz. Bolalarimiz kulmoqda, yoshlar orzu,
keksalar duo qilmoqda. Ammo shu tinchlik oʻz-oʻzidan kelgan emas. U — qon
evaziga, jon evaziga, koʻz yoshlari evaziga kelgan. Shuning uchun ham Xotira va
qadrlash kuni oddiy sana emas, balki vijdon oldidagi hisob-kitob, “Biz
ajdodlarimizga munosib boʻlyapmizmi?” degan savolga javob izlaydigan kundir.
Ana
shu savolning oʻzi bizni nafaqat oʻtmish qahramonlari jasoratini yod etish,
balki mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yoʻlida jon fido qilgan
oʻgʻlonlarimiz xotirasiga ham chuqur ehtirom bilan bosh egishga undaydi. Zero,
ular Fargʻona, Boʻka, Parkent voqealarida, 1999-yilgi Toshkent portlashlarida,
2000-yilgi Sariosiyo va Uzun togʻlaridagi jangovar toʻqnashuvlarda jonini fido
qildi. Ularning nomi “Xotira kitoblari”da, jasorati esa davlatchiligimiz
poydevorida mangu yashaydi.
Mustaqillik
yillarida Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan qahramonlarimiz xotirasini
abadiylashtirish maqsadida Gʻalaba bogʻi hududida qator maʼnaviy-maʼrifiy
majmualar ham barpo etilganini alohida eʼtirof etish lozim. Jumladan,
mustaqillik davrida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy
xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xotirasiga
bagʻishlangan alohida yodgorliklar va ramziy inshootlar oʻrnatilgan. Ular
orasida qahramonlar nomi bitilgan lavhalar, xotira devorlari va maxsus
ekspozitsiyalar mavjud. Bu yerga kelgan har bir kishi yurtimiz tinchligi
yoʻlida jon fido qilgan oʻgʻlonlar haqida chuqur tasavvurga ega boʻladi.
Bu
majmualarning asosiy gʻoyasi — qahramonlar nomini abadiylashtirish, jasoratini
kelajak avlodlarga yetkazish va yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdan
iborat. Shu maʼnoda, Gʻalaba bogʻidagi mazkur yodgorliklar nafaqat tarixiy
xotira, balki yuksak maʼnaviy tarbiya maktabi vazifasini ham bajaradi. Shu
bilan birga, bugungi tinch va goʻzal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va
ogoh boʻlishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Qurolli
Kuchlarning jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, milliy
manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat
tartibini mustahkamlash borasida xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik,
jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun har yili harbiylarimiz davlat
mukofotlari, xususan, “Shon-sharaf”, “Mardlik” ordenlari hamda “Jasorat” va
“Sodiq xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlanmoqda.
Bundan
tashqari, Vatan himoyasi, el-yurtimiz tinchligi yoʻlida mardlarcha halok
boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolari hamda ularning
qaramogʻidagi shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, gʻamxoʻrlik qilish,
hurmat-ehtirom koʻrsatish maqsadida qator imtiyoz va kafolatlar berilmoqda. Bu,
oʻz navbatida, qahramonlarning nomi hamisha barhayotligi, ularning ota-onalari,
turmush oʻrtoqlari va farzandlari doimiy eʼtiborda ekanining yorqin ifodasidir.
Bolaligidan
ana shunday yuksak gʻamxoʻrlik va eʼtiborni his qilib kelayotgan oʻgʻlonlardan
biri — qahramon chegarachi, katta leytenant Shuhratbek Sobirovning farzandi,
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarida xizmat qilayotgan Shohjahon
Sobirovdir.
2000-yil
17-avgust kuni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy
xizmatchisi, katta leytenant Shuhratbek Sobirov mamlakatimizga suqilib kirgan
jangarilar toʻdasiga qarshi kurash vaqtida qahramonlarcha halok boʻlgan.
“Ot
izini toy bosar”, deganlaridek, bolaligidan harbiy libos kiyishni orzu qilgan
Shohjahon 2017-2021-yillarda otasi tahsil olgan Chirchiq oliy tank
qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtining havo desant qoʻshinlari taktik
qoʻmondonligi fakultetida soha sir-asrorlarini chuqur oʻrgandi.
2021-yilda
leytenant harbiy unvonini olgach, aynan otasi Shuhratbek Sobirov xizmat qilgan
Boʻstonliq tumanidagi harbiy qismda guruh komandiri lavozimida xizmat
faoliyatini boshladi.
Shohjahon
Sobirov xizmat faoliyatini boshlagan chogʻidanoq sinchkovligi, ziyrakligi va
masʼuliyati bilan kasbiy salohiyatini namoyon etib, erishgan natijalari,
namunali harbiy intizomi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi
daxlsizligini taʼminlashdagi faol ishtiroki hamda topshirilgan vazifalarni
bajarishda koʻrsatayotgan yuksak mahorati va tashabbuskorligi uchun munosib
taqdirlab kelinmoqda.
Qahramon
yurtdoshlarimizdan yana biri harbiy uchuvchi, mayor Abdikarim Hamroyevdir.
Jangovar harakatlar ishtirokchisi sifatida u mamlakatimiz mustaqilligini
mustahkamlash yoʻlida koʻrsatgan jasoratlari uchun 1995-yilda “Jasorat” medali,
1999-yilda “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. 2000-yili xizmat burchini
bajarish vaqtida aviafalokat oqibatida halok boʻlgan. Vafotidan keyin bir
qancha esdalik nishonlar bilan mukofotlangan.
Abdikarim
Hamroyevning farzandi Anvar Hamroyev ham bugun mayor unvoniga ega boʻlib,
Vatanimiz tinchligi yoʻlida xizmat qilmoqda.
Mustaqillik
yillarida Vatan himoyasi yoʻlida halok boʻlgan qahramonlarimiz xotirasini
abadiylashtirish maqsadida maktablar, koʻchalar va mahallalarga ularning nomi
berilmoqda. Bu esa xalqimizning jasorat va sadoqatni unutmasligidan,
qahramonlar xotirasiga chuqur ehtiromidan hamda tarixiy adolatni tiklashga
qatʼiy irodasidan dalolat beradi.
Bugun
Qurolli Kuchlarimiz jahon miqyosida ham oʻz salohiyatini namoyon etmoqda.
Xalqaro harbiy musobaqalarda erishilayotgan yuqori natijalar armiyamizning
qudrati, harbiylarimizning mahorati va Vatanga sadoqatini yaqqol koʻrsatmoqda.
Buni mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillarining nufuzli xalqaro harbiy
musobaqalarda faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallab kelayotgani
misolida yaqqol koʻrish mumkin. Jumladan, AQSHning Missisipi shtatida boʻlib
oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi” musobaqasida harbiy xizmatchilarimiz yuqori kasbiy
mahoratlarini namoyish etdi va faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Pokiston Islom
Respublikasida boʻlib oʻtgan VI xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida 11 ta davlat
jamoalari oʻrtasida bizning jamoa birinchi oʻringa munosib koʻrildi. Janubiy
Koreyada oʻtkazilgan II “Xalqaro merganlar” hamda “Xalqaro ilmiy-jangovar
tayyorgarlik” musobaqalarida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi 10
davlatning 54 ta jamoasi orasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Turkiyada boʻlib
oʻtgan “Eng ilgʻor mergan jamoasi” musobaqasida 11 davlatning 36 ta jamoasi
orasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 1-oʻrinni egallash
bilan birga bir nechta shartlar boʻyicha 5 marotaba rekord natijalarni ham
yangiladi.
Bu
yutuqlar harbiy xizmatchilarning shaxsiy mahorati oshayotgani barobarida
Qurolli Kuchlarimizning har qanday sinovlarga tayyor ekani, Vatan tinchligi va
xalq osoyishtaligini ishonchli himoya qilishga qodirligini yana bir bor
tasdiqlaydi. Eng muhimi, xalqaro maydonda qoʻlga kiritilayotgan gʻalabalar yosh
avlodda Vatanga muhabbat, harbiylikka hurmat va faxr tuygʻusini
shakllantirmoqda. Ana shu yuksak tuygʻular esa, oʻz navbatida, yoshlarni
ajdodlar jasoratiga munosib boʻlish, ular qoldirgan merosni qadrlashga undaydi.
Davlatimiz
tomonidan urush qatnashchilari va faxriylariga koʻrsatilayotgan yuksak
eʼtiborni shunchaki moddiy yordam emas, balki yurakdan chiqqan eʼtirof sifatida
baholamoq zarur. Ana shu yuksak ehtirom va eʼtiborning amaliy ifodasi sifatida
davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq joriy yilda
9-may
— Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari
va nogironlarining har biriga 30 million soʻmdan bir martalik mukofot puli
berilishi belgilangani urush qatnashchilariga qaratilayotgan eʼtiborning uzviy
davomidir.
Bugun
biz buyuk gʻalabaning 81 yilligini nishonlar ekanmiz, unda Oʻzbekiston
xalqining ham munosib hissasi borligini chuqur anglaymiz va faxr bilan eʼtirof
etamiz. Bugun har bir sokin tong, har bir bola kulgusi, har bir onaning duosi
oʻsha qahramonlarning soʻnggi nafasi, soʻnggi orzusi bilan sugʻorilgan.
Agar
biz shu tinchlikni asrasak, bir-birimizni qadrlasak, Vatanga sadoqat bilan yashasak,
demak, ular behuda jon bermagan. Shuning uchun ham har gal osmonga
qaraganimizda, yuragimizda bitta sado yangrasin: “Sizlarni unutmadik va hech
qachon unutmaymiz”.
Qutbidin BURHONOV,
Oliy Majlis Senatining Mudofaa
va xavfsizlik
masalalari qoʻmitasi raisi