Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kitob tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.U. “Paxtaobod” MFY hududidagi xonadonida qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlanib, undan 1052 dona yorliq, 649 dona aksiz marka, 632 dona qopqoq, 23,5 litr spirt va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Departamentning Bekobod shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda "G.P." MChJ rahbari K.D. “O‘zbekiston” MFY hududidagi savdo do‘konida tegishli hujjatlari bo‘lmagan va qalbaki aksiz markali 412 dona alkogol va 210 quti tamaki mahsulotlarini savdoga qo‘yganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Chiroqchi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.E. qalbaki aksiz markali 360 dona alkogol mahsulotlarini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.