Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Amudaryotumangaz» mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgani aniqlangan.
Ular 7 ta MFYda yashovchi 171 nafar fuqaroning xonadonlari umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan bo‘lsa-da, ular nomiga elektron kartalar ochib, suyultirilgan gaz yetkazib berilgani haqida soxta ma’lumotlar tuzgan. Natijada 220,3 mln so‘mlik suyultirilgan gaz rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
Shuningdek, Departamentning Nurobod tumani bo‘limi tekshiruvida «Nurobodtumangaz» mas’ul shaxslari suyultirilgan gazni sotishdan tushgan 148,3 mln so‘mni bankka topshirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.