Bugungi shukuhli kunlarimizda turli-tuman ommaviy tadbir, shou, tomoshalar juda ko‘p. Texnik va texnologik mo‘jizalar tomosha san’atini hayratomuz, diltortar hodisaga aylantirib, zamonaviy san’at tushunchasini nihoyatda kengaytirib yubordi. Hozirgi o‘rta yoshli avlod uchun 1980-yilda bo‘lgan Moskva sport olimpiadasidagi ommaviy maydon tomoshasi xotiraga chuqur o‘rnashgan dastlabki mahobatli tomosha hodisasi bo‘lgan edi. Biroq hozirda uyushtirilayotgan ommaviy tadbir-tomoshalar oldida qariyb yarim asr avval namoyish etilgan tomosha o‘tmishning jo‘n bir hodisasi bo‘lib qoldi, xolos.
Hozir endi ilmiy-texnik taraqqiyotning shunday bosqichidamizki, unday tomoshalarni chog‘roq bir tashkilot ham o‘z imkoniyatlari doirasida uyushtira olishi mumkin. Ammo mamlakat-davlat hayoti bilan bog‘liq olamshumul voqealar borki, ularni siyosiy mohiyatini teran anglagan holda zamonaviy eng yangi texnik-texnologik usullarda million-million tomoshabin auditoriyasiga taqdim etish, bu endi favqulodda katta tayyorgarlik, mas’uliyat va alohida yondashuvlarni taqozo etadi.
Yaqindagina bo‘lib o‘tgan mustaqilligimizning 35 yillik maydon tomoshasi xuddi shunday mazmun-mohiyati bilan favqulodda katta tashkiliy va g‘oyaviy-badiiy izlanish, intilish samarasi bo‘ldi. Hech ikkilanmasdan aytish joizki, bu tadbir yettidan yetmishigacha — bari xalqimiz va xayrixoh do‘stlarimizni befarq qoldirmadi. Yangi O‘zbekistonning tom ma’nodagi ma’naviy-ma’rifiy, madaniy qudratini namoyon etdi.
Odatda bunday tomoshalarni alohida tayyorgarliksiz shunchaki ko‘rib bo‘lmaydi. Tomoshabin sifatida kirib borasiz-u, o‘zingiz bilmagan holda uning ichiga singib, ishtirokchiga aylanib ketasiz. Sahnada kechayotgan voqealar ko‘z oldingizdan o‘tibgina qolmay, xotirangizni uyg‘otadi, tafakkuringizni harakatga keltiradi, kechagi kun bilan bugungi kunni, bugun bilan esa ertangi kunni bir-biriga bog‘laydi. Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirini ana shunday tomoshalar qatoriga qo‘ysak to‘g‘ri bo‘ladi.
Mustaqilligimizning 35 yillik bayramini nishonlash borasida muhtaram Prezidentimizning qarori, keng miqyosli tayyorgarlik ishlari, jumladan, bayram tomoshasini tayyorlash va o‘tkazish borasidagi tadbir taassurotlari bilan o‘rtoqlashay deb qo‘limga qalam oldim. Ochig‘i, 34 yil davomida mustaqillik bayram konsertlarini muntazam ko‘rib yurgan, hatto ijodiy, tashkiliy ishlarida bevosita vazifador bo‘lgan odam sifatida aytishim mumkinki, miqyos, ko‘lam, mahobat, g‘oyaviy mazmun qamrovi va teranligi, badiiy-ijro mahorati yuksakligi, eng zamonaviy texnik va texnologik usullardan faol foydalanilgani, sun’iy intellekt imkoniyatlari juda nozik va jo‘yali joriy etilgani va yana boshqa qator fazilatu xususiyatlari bilan 35 yillik yubiley tantanalari — teatrlashtirilgan konsert tomosha dasturi kutilgan va kutilmagan shakl, mazmun, rang, ohang jozibasi bilan hayrat va hayajonlarga g‘arq etdi.
Tomosha boshlanishidan avval xayolimdan bir savol o‘tdi: o‘ttiz besh yilni sahnaga sig‘dirish, hazilakam ish emas.
Axir o‘ttiz besh yil — oddiy raqam ham emas. Unda butun bir avlodning bolaligi, yoshlik yillari, orzu-umidlari, quvonch va tashvishlari bor. Bu yillar qatlarida mamlakatning kechagi kuni, bugungi nafasi va ertangi niyatlari mujassam. Albatta, hamma narsa nisbiy. Sodir bo‘lgan muqarrar voqelik bor va uni voqe etish uchun intilish, kurashlar bor.
Shu ma’noda, mustaqillik tarixini faqat 1991-yildan boshlash, nazarimda, tarixning o‘ziga nisbatan adolatsizlik bo‘lardi. Chunki Mustaqillik — birgina shu sana emas. U asrlar davomida shakllangan davlatchilik xotirasi, milliy o‘zlik, ozodlikka intilish va nihoyat, mushtarak orzularning ro‘yobidir.
Shuning uchun ham mazkur bayram tomoshasining eng muhim jihati, menimcha, uning vaqtni oddiy sanoqda sanab bermaganidadir. U tarixni sahnaga olib chiqdi. Va tarix sahnaga chiqqanda, sahna dastlab xotiraga aylandi.
Tomosha dramaturgiyasida o‘tmishga murojaat qilinishi bejiz emas edi. O‘zbekiston hududidagi qadimiy davlatchilik an’analari, ming yilliklar qa’ridan kelayotgan tarixiy xotira, qadimgi xorazmiylardan to Turkis¬ton muxtoriyatigacha — turli davrlarda ko‘tarilgan bayroqlar va davlat ramzlari birin-ketin namoyon bo‘lar ekan, men beixtiyor o‘sha ramzlarning ma’nosi haqida o‘yladim.
Bayroq — mato emas. U xalqning o‘zini tanitishidir. U davlatning tus ko‘rinadigan qiyofasidir. Uning ostida insonlar birlashadi, tug‘-tug‘ro bilan tarix yaratiladi.
Shu ma’noda, yubiley tadbirining leytmotivi bayroq ramzi bo‘ldi. Tomosha muqaddimasi moviy osmon uzra chizilgan mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ranglari bilan to‘ldi. Va bu bayroq pirovardida eng yuksakda, tadbirning boshidan oxirigacha, maydon uzra shovillab, baralla hilpirab turdi.
Siyosiy bayramlarda, rasmiy tadbirlarda, eng avvalo, Vatan madhiyasini kuylash azal-¬azaldan urfga kirgan. Ayniqsa, yurtga siyosiy rahnamolar, o‘zga mamlakat yetakchilari rasmiy tashrif bilan kelsa, har ikki davlatning madhiyalari yangrab, hurmat bajo keltiriladi. Bu har bir mamlakatda xalqaro miqyosda tan olingan taomil. Sport shohsupalarining eng yuqorisiga ko‘tarilganlarning ham mamlakati madhiyasi g‘oliblik sharafi sifatida ijro etilishi buzilmas bir qoida. Demak, madhiya — sharaf belgisi. Ammo madhiyaning ijro etilishi gohida rasmiy odatlar doirasidan tashqaridagi hodisa bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, stadionlardagi musobaqalarda yangragan madhiyalar ko‘pincha jamoalarning astoydil muxlislari uchun ko‘z yoshlar bilan davom etadigan o‘ta hayajonli holat bo‘ladi.
Bu jarayonni kuzatishning o‘zi bag‘oyat maroqli. O‘zingniki bo‘lsa, hatto teleekranda ko‘rib turib ham qo‘shilishib ketganingni, ko‘z yosh qilganingni payqamay qolasan. Chunki qalbingni g‘urur va iftixor egallab oladi. Qiziqki, nafaqat sport, umuman, qayerda madhiya yangrasa, qo‘shilishib baralla kuylaydigan fuqarolar dunyoda kam emas. Bu ko‘pincha qo‘shiq, ohang vositasida milliy birlik, vatanparvarlik hissini yaqqol ifoda etadigan holat.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tomoshaning yana bir muhim badiiy yechimi — Davlat madhiyasining an’anaviy tartibda, tadbir boshida emas, balki tomoshaning muayyan badiiy-emotsional nuqtasida yangraganidir. Bu o‘zgarish tasodifiy emas, balki ongli ravishda amalga oshirilgan kompozitsion yechim sifatida namoyon bo‘ladi. Madhiyaning siyosiy tadbir boshida yangramasligi, uni rasmiy marosim atributi doirasidan chiqarib, tomosha davomida asta-sekin shakllana boruvchi g‘urur, iftixor va milliy birlik tuyg‘ularining tabiiy emotsional cho‘qqisiga aylantiradi.
Bayram tomoshasi, eslatganimizdek, boshidanoq tomoshabinni bugungi kundan olib, tarix qa’riga yetaklaydi. Dastlab ona Vatan, xalq, millat va mustaqillikning 35 yilligi haqida kuy-qo‘shiqlar yangrasa-da, sahnaviy tafakkur tez orada bitta muhim masala — “Biz kimmiz va bu davlatchilik qayerdan boshlangan?” degan savolga yuzlanadi. Unga javob berishda o‘nlab tarixiy bayroqlarning sahnaga olib chiqilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ular davlatchilik xotirasining vizual timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Har bir bayroq ortida bir davr, bir siyosiy tuzum, bir xalqning taqdiri va davlatchilik haqidagi tasavvuri bor.
Ammo tarix faqat g‘alabalardan iborat emas. Agar sahnada faqat buyuklik, zafar va shon-shuhrat ko‘rsatilsa, tomosha tantanavor bo‘lishi mumkin, lekin u adolatli hayotiy haqiqat bo‘lmay qoladi. Chunki xalqning tarixi — quvonchlar bilan birga azobu iztiroblardan, xo‘rligu xorliklardan, fojiaviy qatag‘on alamlaridan ham ayro emas.
Tomoshaning keyingi davomiy qatlamlarida ana shu haqiqat sezildi. Bir paytlar bizniki, o‘zimizniki bo‘lgan, ammo o‘zimiz tasarruf eta olmagan taqdirlar, mehnatining mevasi o‘ziga nasib etmagan avlodlar, paxta yakkahokimligi, majburiy mehnat, bolalar mehnati, Orol fojiasi kabi og‘riqli sahifalar — bularning barchasi xalq xotirasida mudom o‘chmagan mash’um izlar. Shu lahzalarda voqea-kechmishlarni idrok etib turgan tomoshabin beixtiyor o‘z-o‘ziga savol berishi tabiiy: Bu qanday xalqki shuncha sinovlardan keyin ham o‘zligini yo‘qotmadi?!
Qorong‘ilikdan yorug‘likka. Qaramlikdan ozodlikka. O‘tmishning og‘ir yukidan kelajakning yorqin ufqlariga intildi.
Mustaqillik! Bu so‘zni biz ko‘p eshitamiz. Balki shu qadar ko‘p takrorlaymizki, ba’zan uning mazmun-mohiyatidagi kechmish murakkabliklarini his qilolmay qolamiz. Biroq sahnada o‘tmishning og‘riqli manzaralaridan keyin Mustaqillik g‘oyasining paydo bo‘lishi, bu tushunchaga yana bir bor boshqacha nigoh bilan qarashga majbur etadi.
Mustaqillik — shunchaki siyosiy maqom emas. U insonning o‘z taqdiriga egalik qilish huquqi. Xalqning o‘z kelajagini o‘zi belgilash imkoniyati. Davlatning o‘z yo‘lini o‘zi tanlashi.
Shu ma’noda, tomoshadagi “Bayroqni kim ko‘taradi?” mazmunidagi monolog alohida ta’sirli badiiy tugun sifatida yodda qoladi. Ha, uch ming yil — o‘ttiz asr osha turli bayroqlar ko‘tarildi. O‘zbekiston zaminidagi elu elatlar ne-ne tug‘rolar ostida birlashdi. Davlatchilik silsilalari 1918 yil — “Turkiston muxtoriyati” — Milliy istiqlol kurashlarida qonga g‘arq bo‘lib to‘xtab qoldi. Endi bayroqni kim ko‘tarishi bori millatning qayg‘usi edi. Shu bois, bu savolni faqat sahnadagi qahramon bermaydi. Aslida, uni tarixning o‘zi beradi.
…Bayroqni kim ko‘taradi? Uni kimdir qo‘liga olib turishi mumkindir. Ammo uning yuki, salmog‘i, mas’uliyatini kim ko‘taradi? Uning sha’nini kim asraydi? Bayroq ostida qanday kelajak bunyod etiladi? Bu kabi savollar tadbirni shodon tantanadan fikrlash maydoniga aylantiradi.
Shu o‘rinda fikriy bir chekinish: mamlakatimiz Yetakchisi an’anaga ko‘ra har yili Istiqlol bayramini milliy odatlarimiz bo‘yicha tong saharda “Shahidlar xotirasi” maydonida qatag‘on qurbonlari bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasiga bag‘ishlab, yurtga osh berib, Qur’on tilovat qildirishdan boshlaydi. Aynan shu yerda yurt oydinlari va mas’ullarga joni nisor jadid bobolarimiz tabarruk xotirasini yanada e’zozlab abadiylashtirish bilan bog‘liq vazifalar topshiradi. Avvalgi yillarda shu munosabat bilan jadidchilik harakatini o‘rganish, targ‘ib etish, ular ruhini shod etish ishlarini umummilliy harakatga aylantirish tashabbusini ilgari surgan edi. Bu tashabbus keng quloch yoyib, bugun mahallayu ta’lim muassasalarida, keng jamoatchilik joylarida xayrli harakatlar kechyapti. Ko‘pchilik bilavermaydigan yoki unutilgan ne-ne ma’rifatparvar bobolarimiz ruhi yod etilib, xotirlanyapti. Milliy tarbiyaning nihoyatda muhim bu shakli tarixiy xotirani avloddan-avlodga bezavol yetkazishning yana bir ibrati. Zero, shu ibrat zamirida millatning madaniy darajasi haqidagi tasavvur shakllanadi. Qo‘ni-qo‘shni, xorijdagi do‘stu xayrixohning bizga hurmat-ehtiromi oshadi, munosabati belgilanadi. Bundan yana bir xulosa keladiki, darhaqiqat, O‘zbekiston davlatchiligi tarixini faqat 1991-yil bilan belgilash mumkin emas. Mustaqil O‘zbekiston — o‘z tarixidan uzilib qolgan yangi hodisa ham emas. U bir necha ming yillar davomida shakllangan davlatchilik tajribasi, sivilizatsiya, ilm-fan, madaniyat va milliy xotiraning yangi tarixiy bosqichdagi davomidir.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev asosiy bayram tabrigidagi nutqida O‘zbekiston davlatchiligining ildizlari uch ming yildan ortiq tarixga borib bog‘langanini ta’kidlar ekan, mamlakatimiz hududida qadimiy ne-ne sivilizatsiyalar shakllanganini alohida eslatib o‘tdi.
Demak, Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi bu shunchaki bosib o‘tilgan yo‘lning sarhisobi emas, balki o‘tmish tarixdan ertangi orzu-maqsadlarga olib boradigan ma’naviy ko‘prik ekanligi anglashildi.
Nutqning mazmun-mohiyatida “Mustaqillik” tushunchasi, tarixiy sana doirasidan chiqib, insonning erkinligi, qadr-qimmati, bilim va tafakkuri, farovon hayoti bilan uyg‘unlashadi. Ayniqsa, “Milliy yuksalish davri” haqidagi fikr o‘tmishni eslash bilan cheklanib qolmay, kelajakni qanday qurishimiz kerakligi haqidagi savolni o‘rtaga tashlaydi. Zero, tarix faqat xotira emas, uning saboqlari kelajak oldidagi mas’uliyat hamdir.
Shu ma’noda, nutqda qadimiy davlatchilik an’analaridan zaminimizdagi bir necha Renessans davrlari allomalarigacha, jadidlarning hurriyat orzularidan bugungi Yangi O‘zbekiston bunyodkorligigacha bo‘lgan uzviy ma’naviy silsila kelajak haqidagi qarashlar bilan tutashadi. Nutqning eng muhim jihatlaridan yana biri shundaki, unda kelajak mavhum orzu sifatida emas, aniq maqsad va vazifalar tizimi sifatida tasavvur qilinadi.
Yetti milliy dastur — bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish, sog‘lom va uzoq umr ko‘radigan jamiyat barpo etish, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi asosida rivojlantirish, tabiat va suvga munosabatni o‘zgartirish, qonun ustuvorligi va sud mustaqilligini mustahkamlash, mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchiga aylantirish, O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori sifatidagi nufuzini yuksaltirishga qaratilgan.
Bu yetti yo‘nalishga bir butun tizim sifatida qaralganda, uning markazida inson va uning kelajagi turganini yaqqol anglash mumkin: bilimli inson — kuchli iqtisodiyotning, sog‘lom inson — farovon jamiyatning, ijodkor inson kelajakning, tabiatga mas’uliyatli munosabat — barqaror hayotning, qonun ustuvorligi — adolatli jamiyatning, obod mahalla — xalq farovonligining, tinchlik va bag‘rikenglik esa taraqqiyotning ma’naviy poydevoridir. Demak, yetti dastur alohida-alohida vazifalar yig‘indisi emas, balki Yangi O‘zbekistonning kelajak qiyofasini shakl¬lantiruvchi yagona konseptual manzaraning turli qatlamlaridir.
Shu nuqtadan qaraganda, bayram tadbirining badiiy konsepsiyasida tarixdan kelajakka tomon harakat aynan shu g‘oya bilan tabiiy ravishda hamohanglashadi. Kechagi kun xotirasi bizni bugungi yutuqlarni anglashga olib kelsa, bugungi natijalar ertangi marralar uchun zamin yaratadi.
Nutqda “Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz” degan fikr bilan ifodalangan ruh aynan shu uzluksizlikni — vaqtning uch nuqtasi: kecha, bugun va ertaning bir butunligini anglatadi. Bunday qarashda kelajak tayyor holda kirib boradigan manzil emas, uni xalqning bilim va tafakkuri, mehnati, bunyodkorligi va birdamligi bilan barpo etish kerak. Shu sabab mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantana ham yakun nuqtasini emas, yangi tarixning boshlanish nuqtasini ko‘rsatadi: tarix sahifalari yopilmaydi, aksincha, undan yangi sahifaga — bilim, texnologiya, adolat, ekologik mas’uliyat, mahalla, tinchlik va inson qadri ustuvor bo‘lgan kelajak sari yo‘l ochiladi.
Darhaqiqat “Inson qadri uchun!” g‘oyasi mustaqilligimizning eng muhim mazmuni sifatida ajralib turdi. Shu jihatdan bayram sahnasida tarixiy xotira, bugungi bunyodkorlik va inson manfaatiga qaratilgan islohotlar bir-birini to‘ldirib, yagona mazmuniy manzarani hosil qildi. Nutqning kelajak haqidagi qismi esa bayramning umumiy ruhini yanada oldinga siljitdi. Kelgusi o‘n yillikning “Milliy yuksalish davri” sifatida belgilanishi, ta’lim, ilm-fan, texnologiya, sun’iy intellekt, ekologiya, iqtisodiyot va yoshlar salohiyatiga berilgan ustuvor e’tibor esa mustaqillik bayramini faqat o‘tmishga nazar soluvchi sana emas, balki yangi tarixni bunyod etish sari qaratilgan katta maqsadlar ifodasi sifatida namoyon etdi.
Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida “Yangi O‘zbekiston” tushunchasi shunchaki siyosiy yoki ijtimoiy shior sifatida emas, balki yangi tafakkur, yangi imkoniyat va yangi mas’uliyat tushunchasi sifatida jarangladi.
Bugun barchaga ayonki, “Yangi O‘zbekiston” tushunchasi siyosiy, ijtimoiy va hatto maishiy hayotimizning ham ajralmas
qismi — hodisasiga aylandi. Biz bu yil faqat mustaqilligimizning 35 yilliginigina emas, shu bilan birga, mamlakatimiz, xalqimiz turmushida tom ma’noda tub o‘zgarish va islohotlar nasimi esa boshlagan yangi davrning ham 10 yilligini nishonlayapmiz. Bu 10 yillik bepoyon o‘lkamizning katta-kichik barcha hududlarida, aholimizning hamma yoshdagi qatlamlarida o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Tushuncha-tafakkur, dunyoqarash, turmush tarzi mahalla-guzar, qishlog‘u kent, tuman-shahar, poytaxtu viloyatlarda amalga oshirilgan jadal islohotlar, shiddatli bunyodkorliklar, tinimsiz mehnat, izlanishlar, bedor tunlar tufayli tamomila o‘zgara boshladi. Shuning uchun ham chetdan ko‘rgan-kuzatgan xayrixoh mardum borki, xalqimizning o‘zi kabi ular ham “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini his qildi, bu tushunchani e’tirof etdi. Bugun bori dunyoning biz bilan hisoblashishi, bizga intilishi bari shundan, albatta!
Bugungi o‘zgarishlarning markazida ham albatta inson qadri turadi. Bu ibora ham so‘nggi yillarda ko‘p takrorlandi. Lekin san’atning kuchi shundaki, u takrorlanayotgan tushunchaga jon bag‘ishlay oladi. Inson qadri haqida yuzlab ma’ruzalar qilish mumkin. Lekin insonning yuzidagi umidni ko‘rsatish, bolaning kelajakka ishonchini tasvirlash, yoshlarning katta orzularini sahnaga olib chiqish bu — tomoshaning mohirona ishi.
O‘zbekistonning bugungi qiyofasi inson, mehnat, bunyodkorlik, ilm-fan, yoshlar va kelajak tushunchalari bilan bog‘landi. Shu nuqtada tarixiy xotira bilan zamonaviylik bir-biriga mushtarak ekanligi ayon bo‘ladi. Zero, bugun kechagi kunni anglashdan tug‘iladi. Kelajak esa bugungi kunning mas’uliyatidan boshlanadi.
Tomoshabinlarda tomoshaning yana bir jihati — zamonaviy texnologiyalar va teatr tilining uyg‘unligi ham alohida bo‘liq taassurot qoldirdi. Bugun sahna texnologiyasi oddiy bezak vositasi bo‘lib qolmayapti. U dramaturgiyaning faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Yangi Toshkent sahnasidagi texnik imkoniyatlar, katta hajmdagi vizual kompozitsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yordamida yaratilgan tasviriy yechimlar tomoshabinga boshqa bir sahnaviy makonni his qilish imkonini berdi.
Bu yerda muhim jihat — texnologiyaning o‘zi emas. Muhimi, undan nima maqsadda foydalanilayotgani, nimani anglatayotganidir. Agar texnologiya faqat hayratlantirish uchun ishlatilsa, u tez orada eskiradi. Aksincha, u g‘oyaga xizmat qilsa, san’at tilining bir qismiga aylanadi. Mazkur tomoshada ham zamonaviy texnologiyalar tarixiy xotirani, bugungi kunni va kelajak tasavvurini bir makonda bog‘lashga xizmat qilgani bilan qimmatli edi.
Sun’iy intellekt orqali yaratilgan vizual tasvirlar ham shunchaki “zamonaviylik belgisi” emas, balki tarixni yangi avlod idrokiga yaqinlashtirish vositasi sifatida namoyon bo‘ldi. Bu, ayniqsa, yosh tomoshabin uchun muhim. Chunki bugungi yosh avlod tarixni faqat kitob sahifalaridan emas, vizual obrazlar, raqamli muhit va interaktiv tafakkur orqali yaxshiroq qabul qilmoqda. Demak, tarixni unga yetkazishning tili ham o‘zgarishi tabiiy.
Mustaqillikning 35 yillik to‘yiga atalgan bayramda musiqaning o‘rnini alohida e’tirof etmoq zarur. Zero, milliy xotira faqat so‘z bilan emas, kuy bilan ham yashaydi. O‘ttiz besh yil davomida xalq qalbidan joy olgan qo‘shiqlar, turli avlodlarga mansub xonandalar ijodi, estrada san’atining yorqin namunalari bir sahnaviy makonda jamlanishi vaqtning o‘zgarishini yana bir bor his qildiradi.
Kecha tinglangan qo‘shiq bugun xotiraga aylanadi. Bugun yangrayotgan qo‘shiq esa ertangi kunning xotirasiga aylanadi. Shu ma’noda, qo‘shiq ham tarixdir. U insonning shaxsiy xotirasini milliy xotira bilan bog‘laydi. Kimdir bir qo‘shiqni ilk muhabbati bilan eslaydi. Kimdir uni yoshlik yillari bilan. Yana kimdir esa ota-onasi tinglagan qo‘shiq sifatida xotirlaydi. Ammo katta bayram sahnasida bunday qo‘shiqlar yangraganda, shaxsiy xotiralar umumiy xotiraga qo‘shilib ketadi. Go‘yo butun bir avlodning ovozi bir lahzaga bitta sahnada jam bo‘ladi.
Izdihomda tomoshabin bo‘lib o‘tirgan minglab mardumning birortasi, nazdimda, tek o‘tirolmadi — raqsga tushdi, xonandalarga jo‘r bo‘ldi. Yillar davomida qadrdon bo‘lib qolgan qo‘shiqlar ijrosiga qo‘shildi, yangi qo‘shiqlardan sehrlanib, qo‘li toliqquncha qarsak chaldi.
Tomoshada dunyo miqyosidagi ijrochilar, xorijlik sahna yulduzlari va o‘zbek opera san’ati namoyandalarining ishtiroki ham tadbirning badiiy ko‘lamini kengaytirdi.
Alessandro Safinaning “Luna”si, Barno Ismatullayevaning Imre Kalman “Die Csárdásfürstin” operettasidan Silva ariyasi, Xose Karreras ijrosidagi “Granada”, Met¬ropoliten-opera, Kovent-Garden Qirollik opera teatrlari sahnasida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik solist Begzod Davronov ijrosidagi “Nelle Tue Mani”, Sara Braytman hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Otabek Nazirov duetidagi “Con te partirò”, Otabek Nazirov ijrosidagi Jakomo Puchchinining “Turandot” operasidan Kalaf ariyasi — bularning barchasi yana bir muhim fikrga yetaklaydi. Milliy san’atning kuchi dunyodan uzilishda emas. Aksincha, o‘zligini saqlagan holda dunyo bilan muloqot qila olishda.
O‘zbek opera maktabining vakillari bilan xalqaro ijrochilarning bir sahnada jam bo‘lishi ham ana shu badiiy muloqotning timsoli bo‘ldi. Milliy ohang va jahon musiqiy tafakkuri bir-birini inkor etmadi. Aksincha, bir-birini boyitdi. Bu bugungi yangi O‘zbekistonning madaniy qiyofasiga xos xususiyatlaridandir.
Tomosha davomida kishini yana bir savol o‘ylantirdi: Mustaqil o‘ttiz besh yil aslida nimani o‘zgartirdi? Shaharlarnimi? Yo‘llarnimi? Binolarnimi? Texnologiyalarnimi?
Albatta, bularning barchasi o‘zgardi. Ammo nazarimda, eng katta o‘zgarish so‘nggi o‘n yilda insonning o‘z imkoniyatiga bo‘lgan ishonchida. Chunki davlat taraqqiyotini faqat baland binolar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Taraqqiyot insonning ertangi kuniga ishonchida. Bolaning yaxshi maktabda o‘qish orzusida. Yoshning kasb tanlash imkoniyatida. Ijodkorning o‘z fikrini ayta olishida. Olimning izlanishiga yaratilayotgan sharoitda. San’atkorning o‘z iste’dodini namoyon eta olishida. “Yangi O‘zbekiston” degan tushunchaning haqiqiy mazmuni ana shunday insoniy o‘lchovlarda namoyon bo‘lmoqda.
Va nihoyat, sahnada O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangragan lahza... Bu lahzani oddiy final deb atashga til bormaydi.
Butun tomosha davomida turli davrlar, turli obrazlar, turli ohanglar va turli sahnaviy shakllarda ifodalangan g‘oya shu yerda yagona tuyg‘uga jamlandi. Shu lahzada angladimki, bugunga qadar ko‘tarilgan bayroqlar… Yo‘qotilgan og‘ir yillar… Paxta dalalari… Orolning qurigan sohillari… Mustaqillik tongi… Yangi O‘zbekiston… Bugungi bunyodkorlik… Va kelajak.
Bularning barchasi bir lahzaga bir-biriga ulanib ketdi. Balki shuning uchunmikan madhiyani deyarli barcha jo‘rovoz bo‘lib ijro etdi. Ijro etganda ham bori tomoshaning taassurot va hayajonidan junbishga kelgan xalq — yoshu qari ko‘z yoshlari, yurak tafti, qalb amri bilan ijro etdi. Rasmiy an’analarni buzib, madhiyamizni tomosha so‘ngida jami izdihom ahli birga kuylashidan kutilgan maqsad namoyon bo‘ldi. Madhiyaning yangrashi — mustaqil va mustahkam davlatning ovozi bo‘ldi. Bu bir xalqning umumiy yurak urishiga aylandi.
Tomoshaning juda muhim va esda qolarli lahzalaridan yana biri — Yangi Toshkent majmuasining ochilishi bilan bog‘liq manzara. Musaffo samoda tadbirning chorlov sadolari — hozircha barcha o‘zbekistonlik, ayniqsa, toshkentliklar uchun ohanrabodek tilsim bo‘lib turgan Yangi Toshkentning yuragi hisoblanmish mahobatli amfiteatrda eshitildi. Avtoulovlar oqimida suzib borgan xaloyiq bir cheti Yangi Toshkentni ko‘raylik degan totli tuyg‘u bilan shu kun tongni qarshilagan edi. Niyat ijobat bo‘lib, butun mamlakat orzulab turgan manzil-makonda taqdir chorlovi sado berdi.
Bu yilgi mustaqilligimizning 35 yilligi Yangi O‘zbekiston bog‘ida emas, balki yangi hududda nishonlandi. Bundan besh yil avval istiqlolimizning 30 yilligi yangigina barpo etilgan Yangi O‘zbekiston maydonida o‘tkazilgan edi. Endi esa Yangi Toshkentda. Shuning o‘ziyoq Vatanimizda kechayotgan yaratish, bunyod etish jarayonlarining shahdu shiddatidan darak. Bori mardum maydon-amfiteatriga hayrat ila “tasanno” degan so‘zlarni tilu dilida aytib kirgan bo‘lsa, ajabmas.
Ana shu hayratni chandon yuksaltirgan yana bir yangilik 232,68 metrlik favvora edi. Suvning bir necha o‘n metr balandlikka otilib, yana pastga qaytishi oddiygina tomosha vositasi bo‘lib qolmay, kishini vaqt va harakat haqida o‘ylashga undaydi. Suv bir joyda turmaydi. Hayot ham, tarix ham bir joyda qotib qolmaydi.
Suvning har bir tomchisi o‘z yo‘li bilan harakat qilgani kabi, har bir avlod ham o‘z davrida muayyan mas’uliyatni zimmasiga oladi. Shu ma’noda, favvora tomoshaning shunchaki texnik yoki dekorativ yechimi emas, balki undagi harakat, yangilanish va davomiylik g‘oyasini kuchaytirgan vizual obraz bo‘lib qoldi. Uning ortidan boshlangan mushakbozlik esa tomoshaga bayramona yakun yasadi: favvoralar, yorug‘lik va osmonni to‘ldirgan ranglar bir zumda ulkan manzaraga aylandi.
Ayniqsa, tomosha tarixdan boshlanib, mustaqillik yillariga kelgani va yakunda Yangi Toshkent timsolida kelajak sari yuzlangani bu manzaraga alohida mazmun berdi.
Shu bois, tomoshabin mustaqilligimizning 35 yilligi, shu bilan birga, muayyan ma’noda yurtimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston” shabbodalari esa boshlaganining 10 yilligiga bag‘ishlangan ushbu bayram tomoshasini oddiy tantanaviy dastur sifatida emas, milliy xotira, bugungi o‘zlik va kelajak tasavvuri bir sahnada uchrashgan katta badiiy hodisa sifatida kashf etdi. Unda tarix ham bor edi, og‘riq ham, faxr ham, shukr ham. Va eng muhimi, ertangi porloq kunga umid va ishonch bor edi. Darvoqe, yana bir mantiqiy anglashilgan haqiqat — erksevar buyuk ajdodlardan meros kelayotgan tabarruk tug‘ — bayroqni bu kungi avlod ko‘targaniga qat’iy ishonch-iqror ham bor edi.
Sahna chiroqlari so‘ndi. Musiqa tindi. Tomoshabinlar tarqaldi. Ammo tafakkurda bir fikr uyg‘ondi: Tarix ortda qoldi, endi sahna bugun va kelajakniki!
Milliy yuksalish yo‘llaring qutlug‘ bo‘lsin, Yangi O‘zbekiston!
Shuhrat RIZAYEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, professor