Ayniqsa, yosh avlodni kitobxonlikka jalb etish, ularda adabiyotga muhabbat uygʻotish, ijodkor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash zamon talabiga aylanmoqda. Ana shunday ezgu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim madaniy tashabbuslardan biri — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan “Soʻz” loyihasidir.

Mazkur loyiha qisqa vaqt ichida oʻzining samaradorligi bilan eʼtibor qozonib, koʻplab yosh isteʼdodlarni kashf etdi. U nafaqat ijodkorlar uchun maydon, balki kitobxonlar uchun ham badiiy zavq va maʼnaviy ozuqa manbaiga aylandi.

Joriy yilning 28-mart kuni “Renessans” kino uyida “Soʻz” loyihasi doirasida yana bir yirik madaniy tadbir — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Yaldo kechasi” asari asosida tayyorlangan teatrallashtirilgan sheʼriy-konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbariyati va xodimlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, kitobxon yoshlar ishtirok etdilar.

Zalda jam boʻlgan turli avlod vakillarini birlashtirgan yagona jihat — badiiy soʻzga boʻlgan muhabbat edi.

“Soʻz” loyihasi milliy adabiyot durdonalarini zamonaviy formatda taqdim etish, shoir va yozuvchilar ijodini keng targʻib qilish, badiiy soʻz orqali inson qalbiga taʼsir koʻrsatishni maqsad qilgan. Shu vaqtga qadar loyiha doirasida 60 dan ortiq sheʼrlar videotalqinda namoyish etilgan boʻlib, ularning umumiy koʻrishlar soni 1 million 200 mingdan oshgani loyihaning ommalashib borayotganidan dalolat beradi. Bu raqamlar ortida esa bir haqiqat yotadi: inson qalbi hali ham badiiy soʻzga ehtiyoj sezadi.

Tadbir yuksak badiiy va maʼnaviy ruhda oʻtdi. Zalda hukm surgan muhit samimiylik, ijodiy ilhom va chuqur ichki kechinmalar bilan toʻla edi. Har bir chiqish, har bir soʻz tomoshabin qalbiga yetib borishga xizmat qildi.

Badiiy soʻz va zamonaviy sahna yechimlarining uygʻunligi tadbirga oʻziga xos joziba bagʻishladi. Bu esa adabiyotning faqat kitob sahifalarida emas, balki sahnada ham yashashi mumkinligini yana bir bor namoyon etdi.

Tadbirning eng taʼsirchan qismi — “Yaldo kechasi” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl boʻldi. Sahna asarida qahramonlar goʻyo kitob sahifalaridan chiqib, tomoshabinlar qarshisida jonlangandek taassurot qoldirdi.

Dekoratsiyalar asar ruhiga mos ravishda puxta ishlangan boʻlib, sahnaviy muhit barchada birdek juda yaxshi taʼsurot qoldirdi. Shuningdek, sahna bezaklari va kostyumlar ham umumiy gʻoyaga xizmat qildi.

Aktyorlar mahorati orqali qahramonlarning ichki dunyosi, iztiroblari va umidlari jonli va taʼsirchan ifoda etildi. Tomoshabin har bir obraz bilan birga yashadi, ularning his-tuygʻularini his qildi.

Musiqiy chiqishlar ham kechaning ajralmas qismiga aylanib, spektakl mazmunini yanada boyitdi va uning taʼsir kuchini oshirdi.

Spektakl yakunlanganidan soʻng ham zaldagi muhit uzoq vaqt saqlanib qoldi. Koʻplab tomoshabinlar goʻyo asar hali davom etayotgandek holatda qolib, sahnadan uzilishni istamadi. Bu esa badiiy asarning inson qalbiga qay darajada kuchli taʼsir koʻrsatganini yaqqol namoyon etdi.

Adabiy tahlil va maʼnaviy bogʻliqlik

“Yaldo kechasi” asari oʻzbek adabiyotining buyuk anʼanalarini davom ettiruvchi asar sifatida alohida eʼtiborga loyiq. Unda milliy ruh, inson taqdiri va davr muammolari chuqur badiiy talqin etilgan.

Asar maʼnaviy jihatdan Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romani bilan uygʻunlik kasb etadi. Agar Qodiriy asari oʻz davri ziyolilarini uygʻotgan boʻlsa, “Yaldo kechasi” bugungi avlodni mushohadaga chorlaydi.

Bu asarda oʻtmish iztiroblari, bugungi izlanishlar va kelajakka boʻlgan umidlar bir nuqtada tutashadi. Shu jihatdan u goʻyo XXI asrning yangi “Oʻtgan kunlar”i sifatida yangraydi.

Xayriddin Sulton ijodi esa Qodiriy qoldirgan maʼnaviy merosning uzviy davomi sifatida namoyon boʻladi.

Uning qalami orqali tarix va zamonaviylik oʻrtasidagi bogʻliqlik yana bir bor yorqin aks etadi.

Shuningdek, mazkur “Soʻz” loyihasi doirasida boʻlib oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam “Yaldo kechasi” asari va uning ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdi:

Bu yerda eng quvonarli jihat — barcha jarayonlar yoshlarning ishtiyoqi va tashabbusi bilan amalga oshirilayotganidir. Ular faqat ishtirokchi emas, balki maʼnaviy harakatning faol yaratuvchilari sifatida namoyon boʻlmoqda.
“Yaldo kechasi”ni oddiy asar sifatida qabul qilish toʻgʻri emas. Uni Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” asarining maʼnaviy davomi sifatida oʻrganish mumkin. Chunki bu asarda ham oʻsha milliy ruh, tarixiy xotira va inson qalbiga taʼsir etuvchi dard mujassam.
Bu asarga shunchaki badiiy asar sifatida qarash kamlik qiladi. U — bizning bobolarimiz oldidagi maʼnaviy qarzni eslatuvchi, ular qoldirgan merosni anglashga chorlovchi muhim asardir, — dedi yozuvchi.

Shuningdek, ushbu tadbirda Oʻzbekiston xalq artisti Erkin Komilov ham oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:

Yoshlar boʻlishiga qaramasdan, ularning barchasi butun vujudi bilan ishtirok etayotgandek. Hatto uzoq boʻlsa-da, yaqindek tuyuladi. Bu, avvalo, ularning sanʼat va adabiyotni chin dildan yaxshi koʻrishi bilan bogʻliq.
Tarix doimo bizning yonimizda. U — ibrat maktabi. Biz hali undan juda koʻp saboq olishimiz kerak. Ayniqsa, yoshlarimiz tarixga shoʻngʻib, uning ichki maʼnosi va kechinmalarini anglashga intilsa, bu juda muhim.
Xayriddin aka haqida aytsam, ochigʻi, bunday darajadagi asarni kutmagan edim. Bu insonning millatimizga, dinimizga va tariximizga befarq emasligiga yana bir bor amin boʻldim. U kishiga ijodiy omad tilayman. Shu tadbirdan soʻng yana bir bor “Yaldo kechasi” asarini oʻqib chiqishga ahd qildim, — dedi Erkin Komilov.

“Soʻz” loyihasi bugungi kunda nafaqat madaniy, balki maʼnaviy harakatga aylanib bormoqda. U inson qalbini uygʻotish, tafakkurni boyitish va jamiyatni ezgulikka chorlashdek yuksak maqsadlarga xizmat qilmoqda.

“Yaldo kechasi” asosidagi teatrallashtirilgan dastur esa ushbu loyihaning eng yorqin namunasi boʻlib, badiiy soʻzning beqiyos qudratini yana bir bor namoyon etdi.

Bu kabi tadbirlar yosh avlodni kitobga oshno qilish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash va adabiyotga boʻlgan muhabbatni yanada mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega.

Zero, badiiy soʻz — qalbdan qalbga yetib boruvchi eng kuchli maʼnaviy koʻprikdir.

Zulxumor Akbarova