Bu haqida “Dunyo” AA  xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, mazkur jamoa nafaqat Shvetsiya hududida, balki butun Yevropa miqyosida tashkil etilgan ilk oʻzbek futbol klublaridan biri sifatida tarixga kirdi.

Jamoa tashabbuskorlaridan biri, Shvetsiyada istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Umid Toʻgayevning taʼkidlashicha, bu gʻoya Jahon chempionatiga chiqqan Oʻzbekiston milliy terma jamoasining tarixiy yoʻllanmasi ortidan paydo boʻlgan.

“Oʻzbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatiga chiqqanidan juda faxrlandik. Bu yutuq nafaqat sport, balki milliy gʻurur manbai hamdir. Shu bilan birga, mamlakatimizni xorijda sport orqali targʻib qilish qanchalik muhim ekanini yanada teran angladik. Taklif va tashabbuslarimiz elchixona tomonidan qoʻllab-quvvatlandi”, - deydi u.

2026 yil aprel oyida “Nordic Uzbek” futbol klubi rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilib, Shvetsiya milliy futbol tizimining dastlabki bosqichi – sakkizinchi divizionida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi. Bu Yevropada faoliyat yurituvchi yangi oʻzbek jamoasi uchun katta sport yoʻlining boshlanishi sifatida baholanmoqda.

Klub yetakchilaridan biri Habibulla Xoʻjayevning taʼkidlashicha, jamoa oʻzining ilk rasmiy uchrashuvini 3 may kuni oʻtkazadi.

“Biz uchun har bir oʻyin – bu katta tajriba va imkoniyat. Asosiy maqsadimiz, bosqichma-bosqich rivojlanib, kelajakda Stokholmning eng kuchli jamoalari qatoriga kirishdir”, deydi u.

Tashabbuskorlar fikricha, “Nordic Uzbek” nafaqat sport jamoasi, balki xorijdagi oʻzbek diasporasini birlashtiruvchi muhim ijtimoiy platformaga aylanishi kutilmoqda. Loyiha orqali milliy hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni sportga jalb etish hamda Oʻzbekistonning xalqaro imijini oshirish maqsad qilingan.