Bu haqda DXX xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida Sergeli tumanida joylashgan xonadonda noqonuniy narkolaboratoriya aniqlangan.
Xabarga koʻra, 2003-yilda tugʻilgan, Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashovchi shaxs koʻp qavatli uydan ijaraga olingan xonadonda mazkur laboratoriyani tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 milliard soʻmga teng boʻlgan 3,5 kilogramm “Pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kilogramm kukun koʻrinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalanilgan jihozlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, narkolaboratoriyada kimyogar sifatida faoliyat yuritgan yana bir fuqaro ham qoʻlga olingan.
Ushbu shaxslar dastlab “Telegram” orqali faoliyat yurituvchi noqonuniy narkodoʻkonlarda “kladmen” sifatida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni tarqatish bilan shugʻullangan. Keyinchalik esa jinoiy guruh rahbarlarining ishonchini qozongach, giyohvand moddalarni tayyorlash jarayoniga jalb etilgan.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.