Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida loyiha doirasidagi texnik va investitsiyaviy masalalar, yo‘l infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish hamda hududning transport salohiyatini oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida uzunligi 52 kilometr bo‘lgan zamonaviy avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilgan. Loyihani 3 yil davomida amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur yo‘l foydalanishga topshirilgach, Toshkent shahridan Chorvoq suv omborigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish vaqti hozirgi 1 soatu 20 daqiqadan 35 daqiqagacha qisqarishi mumkin. Bu esa aholining harakatlanish qulayligini oshirish bilan birga, transport oqimini kamaytirish va yo‘llardagi tirbandliklarning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, loyiha Chorvoq hududining turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.