Qarorga ko‘ra, ushbu toifadagi fuqarolar havo va temir yo‘l transporti, shuningdek, shaharlararo avtobuslarda bepul yoki 50 foiz chegirma asosida harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Imtiyozli chiptalar «Uzbekistan Airways» va boshqa rezident aviakompaniyalar, «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning vakolatli bo‘linmalari, avtovokzal va avtostansiyalar tomonidan «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimidagi ma’lumotlar asosida beriladi.

Bunda fuqarolardan faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ID-karta yoki biometrik pasport talab etiladi.

Havo transportida «ekonom» tarifdagi, temir yo‘l transportida esa «ekonom», platskart yoki kupe joylari uchun chipta taqdim etiladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab esa imtiyozli toifaga kiruvchi fuqarolarga aviatsiya, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini «Ijtimoiy karta»ning «Baraka» mobil ilovasi orqali bepul yoki imtiyozli shartlarda xarid qilish imkoniyati yaratiladi.

Transport xizmatlari xarajatlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda transport xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan qariyb 50 ming nafar shaxsga 4,3 mlrd so‘mlik imtiyozli yo‘l chiptalari taqdim etilgan.