Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida jami 389 yo‘nalish tashkil etilgan bo‘lib, 140 korxonaning 2522 dona avtotransport vositalari aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishlarning 34 tasi shahar ichidagi, 329 tasi shahar atrofidagi hamda 26 tasi shaharlararo yo‘nalishlardan iborat. Nukus shahrida 29 ta mikroavtobus, 5 ta avtobus yo‘nalishlari mavjud. Avtobus yo‘nalishlaridan 5 tasi brutto-shartnoma asosida 61 ta avtobuslar xizmat ko‘rsatmoqda. 2026-yil yanvar-sentyabr oylari davomida brutto shartnomasi asosida harakatlanadigan avtobuslarda 1 million 800 mingdan ortiq yo‘lovchi tashildi, korxonalarga byudjet mablag‘laridan 11,6 milliard so‘m to‘lab berildi.
Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida jami 70 ta avtobus sotib olindi. Shundan, 56 tasi brutto talabiga javob beradigan avtobuslar. Bundan tashqari, «Sapsan Trans Nukus» MChJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy 54 dona elektrobuslar yil yakuniga qadar olib kelish rejalashtirilgan. Brutto talabiga javob beradigan avtobuslar «Sapsan Trans Nukus» MChJ tomonidan 12 dona elektrobus, «Fayz avangard» MChJ tomonidan 32 dona va «Mangit Lestorg» MChJ tomonidan 12 dona avtobus olib kelindi. 2025-yil davomida 16 ta avtobus va 83 ta mikroavtobus olingan. Shu bilan birga, yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kredit mablag‘lari hisobidan Nukus shahri uchun 112 dona elektrobus xarid qilish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha asosida zamonaviy elektrobuslar uchun depo qurilishi rejalashtirilib, Nukus shahri «Janabazar» MFYdan 8,6 gektar yer maydoni ajratilgan. Ayni paytda Transport vazirligi huzurida 100 foiz davlat ulushi bilan elektrobuslarni ekspluatatsiya qiluvchi korxona tashkil etilmoqda. Nukus shahrining Bosh rejasiga asosan, 20 ta yo‘nalishga 234 ta avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Shuningdek, brutto-shartnomasi asosida faoliyat yuritadigan yo‘nalishlar tarmog‘ini aglomeratsiya hududi doirasida kengaytirish orqali Xo‘jayli, Taxiatosh va Nukus tumanlari ham qamrab olinadi. Natijada, aglomeratsiya hududidagi 30 dan ortiq mahalla qo‘shimcha jamoat transporti xizmatlari bilan ta'minlanadi. Shu bilan bir qatorda, avtobus yo‘nalishlari to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng shahar ichida xizmat ko‘rsatib turgan mikroavtobuslar va eski avtobuslar bosqichma-bosqich shahar atrofi va tuman hududlariga joylashtiriladi.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta avtovokzal, 17 ta avtostansiya va 1395 ta avtobus oraliq bekatlari mavjud. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida Taxiatosh tumanida yangi avtostansiya qurildi hamda Nukus shahridagi Markaziy avtovokzal to‘liq rekonstruksiya qilindi.
Muxtasar aytganda, jamoat transporti sohasini yanada rivojlantirib, transport qatnovlarini uzluksiz ta’minlashni muntazam ravishda davom ettiramiz.
Baxitboy Seytmuratov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vaziri.