«O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, 6–7 iyun kunlari mamlakatning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Faqat 6 iyunda Farg‘ona vodiyisida, 7 iyunda esa Qoraqalpog‘istonning ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shamol tezligi sekundiga 7–12 metrni tashkil etadi. Ayrim joylarda u 13–18 metrgacha kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Respublika shimolida 7 iyun kuni shamol tezligi sekundiga 20–22 metrgacha etishi ehtimoli bor.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 5–7 iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar sel va suv toshqini xavfi haqida ogohlantirmoqda.

Toshkent shahrida bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Havo harorati 30–32 daraja atrofida bo‘ladi.

Shanba va yakshanba kunlari poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati shanba kuni 30–32 daraja, yakshanba kuni esa 34–36 darajagacha ko‘tariladi. Shamol tezligi sekundiga 3–8 metr bo‘lib, ayrim vaqtlarda 10–12 metrgacha kuchayishi va shaharning ayrim hududlarida chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.