— Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori bilan tasdiqlagan nizomga asosan amalga oshiriladi. Unga muvofiq, dori vositasi va tibbiy buyumni berish paytida dorixonaning farmatsevtik maʼlumotga ega boʻlgan xodimi xaridorga quyidagilar haqida maʼlumot berishi lozim:

dori vositasi va tibbiy buyumni qoʻllash tartibi, qoʻllash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari, qoʻllash usuli, saqlash tartibi, yaroqlilik muddati va boshqalar. Shuningdek, dorixona xodimi xaridor eʼtiborini dori vositasi va tibbiy buyumning qoʻllash yoʻriqnomasi bilan tanishib chiqishga qaratishi kerak.

Dorixona xodimi isteʼmolchi (yoki bemor) holatiga koʻra dori tavsiya qilishi, shuningdek, davolovchi shifokor koʻrsatmasiga binoan retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptisiz berishini, albatta, notoʻgʻri deb bilaman. Chunki bemorning kasallik tarixi, undagi fiziologik holat haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmay turib, oʻzboshimchalik bilan dori tavsiya qilish ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qonunchilikka muvofiq, 2020-yil 1-iyuldan boshlab mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorga majburiy tartibda xalqaro patentlanmagan nom boʻyicha retsept yozilishi belgilangan. Bunda bemorga tayinlangan dori vositalari (halqaro patentlanmagan nomi, bir kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi va boshqalar) uning tibbiy hisob hujjatlarida (kasallik tarixi, ambulatoriya kartasi) qayd qilinadi va davolovchi shifokor tomonidan imzolanadi.

Afsuski, shunga qaramay, ayrim dorixonalarda retsept bilan berilishi lozim boʻlgan dori vositalarini retseptsiz berish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa oʻzboshimchalik bilan davolanish hamda dori vositalarining tartibsiz isteʼmoli natijasida turli nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarmoqda.

Shu oʻrinda, yurtdoshlarimizdan dori vositalarini shifokor koʻrsatmasiga binoan xarid qilishlari va ularni isteʼmol qilishda, albatta, qoʻllash yoʻriqnomasiga qatʼiy amal qilishlarini soʻrab qolaman.