Bu koʻhna dunyo aholisi tojdor virus va uning asoratlari “elagi”da elandi...

Qancha aziz insonlarim – buvim, Gulchehra Vohidova, Anvar Obidjon, Sherali Joʻrayev...lar qalbimni huvillatib ketdilar... Katta dargohlarda ishlash nasib etdi, dilbandlarim koʻpaydi, yangi sheʼrlar, gʻazallar yozildi, qoʻlga ilingulik ikkinchi kitobim nashr etildi... Evrilayotgan Oʻzbekiston bilan dunyoqarashim yangilandi... Xudoga shukr, lekin bularning barini ustozning ishtirokisiz qarshilash ogʻir boʻldi.

Ishoning, oxiri ... 3838 bilan tugaydigan raqamdan “Rustamjon...” degan mayin va mehribon ovozni eshitishning xumori koʻp tutdi... Ayniqsa, aruzdagi kamtarona muvaffaqiyatlarim borasida ustozning fikrini bilishni juda-juda xohladim. Afsus, Hazrat Navoiy aytmoqchi, “xazon sipohi”ga kim ham moneʼ boʻla olardi?!

Dunyoda eng arzon va bebaho narsa – masalahat, deydilar. Hayotimda koʻp burilish nuqtalari oldidan ustozning tenggi yoʻq maslahatlariga katta ehtiyoj sezdim. Shu bois, aksar hollarda hayotda ham, ijodda ham tavakkal yoʻl tutishga majbur boʻldim.

Biroq, koʻp hollarda biror muhim qaror qabul qilishdan oldin oʻzimga
“Shu vaziyatda ustoz nima qilgan boʻlardilar?” degan zalvorli savolga javob topishga harakat qildim. Bilmadim, bu savolga javob topishning uddasidan qanchalik chiqdim yo chiqmadim – buni vaqt koʻrsatadi.

Mana shu mavhumlik orasida bir narsa aniqki, Erkin Vohidov dahosi va shaxsiyatiga ixlos meni (yaxshi maʼnoda) bir umr taʼqib qiladi.

Ustozning tugʻilgan kuni arafasida l zot bilan bogʻliq “dil tubiga choʻkkan lahzalar”dan ayrimlarini siz, aziz mushtariylarga ham ilinishga jazm etdim.

Ustoz duosi

Xalqimizda “Oltin olma duo ol – duo oltin emasmi” yoki “Duoning kuchi toshlarni yorar” kabi mashhur maqollar bor. Dinda ham “faqat duogina taqdirni oʻzgartirish qudratiga ega” degan qarashlar mavjud. Albatta, bu bejiz emas.

Qarangki, buyuk insonlarning oʻziga xos duolari boʻlar ekan. Tarixdan bunga misollar koʻp. Masalan, “Boburnoma”da zikr etilishicha, jahongashta shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning har qanday qaltis vaziyatda oʻqib, mushkuliga kushoish topadigan duolari boʻlgan ekan.

Sir emas, ustozimiz Erkin Vohidovning ham hayot yoʻllari ravon kechmagan. Bu haqda oʻzlari shunday lutf qilganlar:

... Bir shahr nomi ibtido, bir shahr intiho,

Jonimda ikki shahr aro yoʻl iztirobidir.

Bu yoʻl ravon ermas, uning pastu balandi koʻp,

Jon rishtasidek misralar yoʻlning tanobidir.

Yoki “Sheʼriyat” degan gʻazalida:

Sehrli may uzatding sen, dilim tinchin yoʻqotding sen,

Keturding ham safo menga, yeturding ham jafo menga...

Darhaqiqat, sheʼriyat – qismat. Bu tabarruk dargohga kirgan har bir “tolibi sodiq” uni oʻziga taqdiri azal deb qabul qilib, uning ortidan keladigan har qanday “safo”yu “jafo”ga birdek rozi boʻlmogʻi lozim. Bu borada ham ustoz shaxsiy namuna koʻrsatganiga oʻzim koʻp guvoh boʻlganman.

Hozir oʻsha voqealarni eslab, ustozning aksar qaltis vaziyatlardan munosib chiqib ketishining uch siri bor, deb tusmollayman:

Birinchisi – Alloh tomonidan berilgan tugʻma zakovat va feʼli kenglik;

Ikkinchisi – shaxmatga oʻta muhiblik. Maʼlumki, shaxmat oʻynab suyagi qotgan inson bitta qadam qoʻyishdan oldin “yetti marta oʻlchab, bir kesadigan” boʻladi. Ammo hayotda favqulodda roʻy beradigan shunday holatlar boʻladiki, har qanday tugʻma zakovat yoki shaxmatdan orttirilgan katta tajriba ham ish bermay qoladi. Ana oʻshanda insonning oldindan qilib yurgan duolari kuchga kiradi.

Uchinchi sir, yaʼni ustoz Erkin Vohidovning duolari quyidagicha: “Allohim, mening aytar soʻzimni, qoʻyadigan qadamimni va qilmoqchi boʻlgan barcha ishlarimni oxiri bilan toʻgʻri qilgin!..” Xayriyatki, ustozdan meros mana shu sodda, lekin tagdor maʼnoli duoni takror-takror oʻqib, kam boʻlmayapmiz.

Tepakallik ikki xil boʻladi

Bir zamonlar fahr etarding qop-qora soching bilan,

Sen bukun qoshimdadursan turfa qirmoching bilan.

... Doʻstginam, boshingni tik tut, arzigay faxr aylasang,

Bu kabi oppoq ochilgan guli qiygʻoching bilan.

Ustoz Erkin Vohidovning ofislarida nashrga tayyorlanayotgan yangi kitoblaridan biri – “Dil tubiga choʻkkan lahzalar” ustida ishlayotgan edik. Tushlik vaqti keldi chogʻi, tamaddiga unadik. Ustoz aytmoqchi, ovqatdan “qutulganimizdan” soʻng mazza qilib koʻk choydan noʻsh etdik. Biz shogirdlar shu kabi tanaffuslarda baʼzan oddiy maishiy mavzularda ham ustozning fikrlarini eshitmoqchi boʻlardik. Oʻsha kuni men ham fursatdan foydalanib, hazilomuz tarzda sochimdan shikoyat qildim:

– Ustoz, sochlar bevafo qizlarga oʻxshab boshimizni erta tark etyapti. Hali oʻttizga kirmasimdan peshonam tobora yaltirab ketyapti. Nima qilsam ekan?

Shunda ustoz nimtabassum qilib, hozirjavoblik ila shunday dedilar:

– Rustamjon, bilasizmi, tepakallik ikki xil boʻladi: soch odatda yo peshonadan ketadi yo boshning oʻrtasidan. Eng qizigʻi, sochning bunday ikki xil toʻkilishining oʻziga xos sababi bor.

– Qanday sabab, ustoz?

– Maʼlumki, bir ish qilishdan oldin koʻp oʻylaydigan odam bosh va oʻrta barmoqlari bilan peshonasining yuqori qismini koʻp ishqalaydi, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri.

– Oʻylamasdan ish qilib pachavasini chiqarib qoʻygan odam esa barmoqlari bilan boshining oʻrtasini qashlaydi, toʻgʻrimi?

– Bu ham toʻgʻri.

– Mana shu ikkita ishqalanish tufayli soch boshni ikki xil erta tark etadi-da. Darvoqe, sizga bir tasalli shuki, sizni birinchi toifadagi soch toʻkilishi bilan tabriklashim mumkin!

Xonada qahqaha uzoq davom etdi.

Shunisiga ham rahmat!

Soʻz – zabarjad, soʻz gavhar, oltin,

Zargarlikning mashaqqati koʻp.

Soʻzni baytga qadashdan oldin,

Kaftingga ol uni, toʻyib qara, oʻp!

Erkin Vohidov soʻz bilan nihoyatda daqiq, zargarona munosabatda boʻladigan siyrak ijodkorlardan edi. Nafaqat ijodda, balki hayotda ham. Ustoz bilan suhbat qurayotganimizda mana shu “temir qoida”ga qatʼiy amal qilmasak, hijolat boʻlib qolishimiz hech gap emasdi. Mening ham bu borada bir marta “pand yeganim” hech esimdan chiqmaydi.

2012-13-yillar. Mashhur “Zakovat”chilardan biri Temur Mirzayev, fors tilining bilimdoni Mirzabek Qalandarov va kamina ustozning yangi kitobini chiqarish bahonasida “jonon” davradan bir necha bor bahramand boʻlayotgan paytlarimiz. Har safar atroflarida oʻtirib har sohadan, xususan, sheʼriyatdan suhbat qurganimizda u kishining “Ustoz Gʻayratiyga” degan bagʻishlovlaridan bir parcha xayolimda charx uraverar edi:

Ne baxtki, bizni ustoz bir zamon ashʼorga oʻrgatmish,

Nafosat deb atalgan ul ajib asrorga oʻrgatmish.

... Qadi yo bir hilol goʻyo yigʻib atrofga yulduzlar,

Jiloyu nur darsin gumbazi davvorga oʻrgatmish ...

Ha, gʻazalning mana shu satrlari huddi biz uchun atalgandek edi. Har safar xayrlashib ustozning uyi yo ofislaridan chiqqanimizda olam-olam taassurot bilan qaytardik. Hatto bir kuni Temur aka entikib:

– Bilasizlarmi, yigitlar, Oʻzbekistonda 30 milliondan ziyod aholi yashasa, oʻshalardan faqat uchchovimizga bugun Erkin Vohidov bilan suhbatlashishdek baxt nasib etdi, – degan edi.

Darvoqe, yuqorida bayon etganim – pand yeganimga toʻxtalsak. Bir kuni Mirzabek ogʻa bilan birga rejalashtirayotgan ishimizda bir masala chiqib qoldi. Bu masalani ustozni taniydigan bir odam hal qilishini oʻyladik va Mirzabek ogʻa oʻsha odamning qoʻl raqamini ustozdan bilib berishimni aytdi. Men oʻsha zahoti qoʻngʻiroq qilib oʻsha odamning telefon raqamini soʻradim, ustoz “besh daqiqadan soʻng menga qaytib chiqing” dedilar. Besh daqiqa oʻtgach, qaytib chiqdim. Ustoz:

“Men u kishiga hozir qoʻngʻiroq qildim, lekin goʻshakni koʻtarmadilar, raqamni aytib turay – siz yozib olib, mening nomimdan qoʻngʻiroq qilavering...” deganlaridan soʻng (oʻsha paytlar hardamxayol boʻlib qolganimdanmi) “Rahmat!” deyish oʻrniga “Shunisiga ham rahmat!” deb yuboribman deng. Koshki, shu gapni aytmasam, hech boʻlmasa, aytmasimdan aloqa uzilib qolsa edi...

Afsus, unday boʻlmadi. Eng qizigʻi, men xato qilganimni hali anglab yetmaganman va boz ustiga ustoz ham boyagi gapimga eʼtirozni oʻsha zahoti bildirmay, odatdagidek, yaxshi xayrlashdilar. Oradan 3-4 kun oʻtgach, yana ustozning uylariga bordik. Oʻtirib soʻrashganimizdan soʻng soʻradilar:

– Oʻsha kungi ishingiz bitdimi?

– Ha, rahmat, bitdi, ustoz.

– Boʻlmasa, nega, oʻsha kuni “shunisiga ham rahmat!” dedingiz? “Shunisiga ham rahmat” – bu ishning 100 foiz bitmaganini bildiradi. Yo bizning aralashuvimiz ham ishingizni bitirib bermadimi?

– ...

Ishonasizmi, yer yorilmadi, kirib ketmadim. Xijolatdan tilim aylanmay qoldi. Oʻsha lahzalarda ustozning soʻzga naqadar talabchanligini yana bir bor his etdim.

Ustoz oʻshanda qariyb 76 yoshda edilar.
Shunday ulugʻ yoshdagi inson uyali telefonda gaplashishi asnosida suhbatdoshini diqqat bilan eshitib, har bir soʻziga zarrabinlik bilan munosabatda boʻlganini noyob fazilat, desam mubolagʻa boʻlmaydi.

Toʻgʻri, kim ham xato qilmaydi, deysiz, ustoz ham keyinchalik bu voqeani biror marta yuzimga solmadilar. Ammo “ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichar” deganlaridek, bu voqea menga bir umrlik maktab boʻldi.

Mutarjimlarga nodir saboq

Oy oʻrtanar – koʻzlarida yosh,

Koʻksi dogʻu yuragi qiyma.

Der: “ey, falak, men edim qoʻyosh,

Nega meni qilding tarjima?!”.

Maʼlumki, badiiy tarjima – nozik jarayon. Noʻnoq tarjimon dastidan “quyosh” “oy”ga evrilishi hech gap emas. Doʻrmon seminarlaridan birida ustoz Abdulla Oripov badiiy tarjima haqida noyob gap aytgani hamon qulogʻim ostida yangrab turibdi:

– Badiiy tarjima paytida goʻyo ikki polvon til kurashga tushadi. Masalan, fors va oʻzbek tili yoxud rus bilan arab tili va hokazo. Faqat bunday kurashning bitta sharti bor – hech qaysi polvon tilning kuragi yerga tegmasligi kerak, yaʼni kuchlar teng kelishi lozim!

Sezib turganingizdek, gap asliyatga tarjimaning naqadar yaqin yo uzoqligi haqida ketyapti. Tarjima asliyat darajasida boʻlsa – berdi Xudo, mabodo, aksi boʻlsa – urdi Xudo, deb hisoblayvering. Tarjimon kuppa-kunduzi asar muallifini sharmanda qiladi, qoʻyadi. Bu xuddi chiroyli insonning yuzi siniq yo chang bosgan koʻzguda xira aks etganidek yoqimsiz holat. Shu oʻrinda men tarjima sanʼatining koʻpchilikka nomaʼlum bir nuqtasiga toʻxtalmoqchiman.

Bir kuni Erkin Vohidovning ofislarida “arslonning moʻyloviga qoʻl tekkizadigan” oʻtkir sheʼrlar borasida suhbatlashib oʻtirganimizda, gapimiz kalavasi mashhur rus shoiri M.Lermontov ijodiga ulandi
va ustoz uning qalamiga mansub bir dardchil sheʼrni yoddan oʻqib berdilar. Sheʼr bunday edi:

Proщyay, nemыtaya Rossiya,

Strana rabov, strana gospod.

I vы, mundirы golubыye,

I tы, im predannыy narod.

Bыt mojet, za stenoy Kavkaza

Sokroyus ot tvoix pashey –

Ot ix vsevidyaщyego glaza,

Ot ix vseslыshaщix ushey

Sakkiz qatorli mazkur sheʼr meni larzaga soldi. Sheʼrning lirik qahramoni, yaʼni shoirning oʻzi Vataniga “Alvido, ey, yuvuqsiz Rossiya” deb xitob qilyapti. Dahshat! Odatda, shoirlar oʻz Vatanini koʻklarga koʻtarib madh etadilar, kamdan-kam holatda tanqid qiladilar, boz ustiga, bu muqaddas tushunchani “yuvuqsiz” deb taʼriflash har kimning ham qoʻlidan kelavermaydi.

Albatta, biz bunga xolis baho berishimiz kerakki, shoir azbaroyi oʻz yurtining taqdiridan kuyunib, shunday oʻtkir satrlarni bitgan boʻlsa, ajabmas. Qolaversa, shoirni “xalqning vijdoni” deya taʼriflashadi. Chunki vijdon – hech qanday zoʻrdan qoʻrqmay, zarga uchmay, har qancha achchiq boʻlmasin, faqat rost soʻzni aytadigan ilohiy tuygʻu.

Xullas, sheʼr bir oʻqilishda xotiramga naqshlandi. Beixtyor qalbimning allaqayerlaridagi mudragan hujayralar uygʻondi... Lermontovning boshqa sheʼrlarini yana oʻqigim keldi. Yuqoridagi sheʼrni negadir tarjima qilgim kelib, ustozdan oʻsha zahoti soʻradim:

–Bu sheʼrni kimdir tarjima qilganmi?

– Bu sheʼrni tarjima qilib boʻlmaydi!

– Nega, axir?

– Chunki, nozik sababi bor.

– Nozik sababi qanday?

– Shoir oʻz yurtining ogʻriqli muammolarini, kamchiliklarini har qancha qalamga olsa, haqli. Ammo tarjimon biror millat muammosiyu nuqsonlari aks etgan asarlarni, iloji boricha, tarjima qilmagani maʼqul. Yoʻqsa, uning bu xolis xizmati siyosiy nizolargacha olib kelishi hech gap emas. Oddiy misol, birovning ota yo onasini soʻramay-netmay tanqid qilib koʻring-chi? Bilasiz nima sodir boʻlishini. Gapning indallosi, bu fuqarolik burchi, milliy gʻurur bilan bogʻliq qaltis vaziyat. Darvoqe, mening hayotimda ham shunga oʻxshash voqea boʻlgan.

– Rostdanmi? Qanday voqea?

– Bilasiz, “Oltin devor” komediyasi yurtimizdagi deyarli barcha teatr sahnalarida bir necha yillar davomida qayta-qayta qoʻyilgan. Marhum sanʼatkorlarimiz oʻz rollarini qoyilmaqom qilib ijro etganlar, ayniqsa, rahmatli Gʻani Aʼzamov. Esimda, oʻsha paytlar ham asar muallifiga teatrga tushgan jami tushumning 5 foizi tegardi.

Bu juda katta pul boʻlib, u paytlardagi eng zoʻr mashinaning narxiga qariyb teng kelar edi. Xullas, bir oilaning hamma ehtiyojlarini qondira oladigan darajada roʻzgʻorimiz but boʻlgan. Er kishiga bundan ortiq baxt bormi – sevimli hunaring bilan shugʻullansangu uning ketidan katta daromad olsang. Ana shunday “koʻchamizda bayram” boʻlgan mahalda Moskvadan Toshkentga bir mashhur rejissyor tashrif buyurdi, odatdagidek teatr repertuaridagi boshqa asarlar qatori “Oltin devor”ni ham sinxron tarjima orqali miriqib tomosha qildi, ichagi uzilar darajada qotib-qotib kuldi, biroz vaqt oʻtib, menga taklif kiritdi:

– Erkin, asaringiz juda ham muvaffaqiyatli komediya boʻlibdi, darrov buni tarjima qilib “markaz” teatrlarida qoʻyish kerak. Bilasiz, buning ortida juda katta shuhrat va daromad turibdi. Nima deysiz?

Biroz oʻyga tolib uning taklifiga shunday javob berdim:

– Aziz doʻstim, avvalo, taklifingiz uchun katta tashakkur! Haqiqatdan ham bu men uchun ajoyib imkoniyat, ammo tanganing boshqa tomoni ham bor-da!

– Xoʻsh?

– Maʼlumki, “Oltin devor”da boshlariga oltin talvasasi tushgan ikki oʻzbek moʻysafidining qilmishlari oʻtkir hajv ostiga olingan boʻlib, bu faqat bizning tomoshabinlar uchun moʻljallangan asar, deb oʻylayman. Yaʼni, bunday milliy qusurlar ustidan oʻsha millatning oʻzigina xandon otib kulishga haqli, boshqa millat emas. Endi men asarimni tarjima qilib, sizlarning teatrlaringiz sahnasiga uzatsam, millatchilikka yoʻymang-u, rus va boshqa millat vakillari mening xalqim ustidan kulgan boʻlmaydimi?! Bilaman, spektakl rus tomoshabinlariga maʼqul keladi, mabodo, kim kafolat beradi, u yerdan jahon sahnalariga chiqib ketsa-chi?! Qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarib qoʻymaymizmi?! Axir, har qanday hazilning tagida zil bor, deydilar. Uzr, taklifingizga rozi boʻlolmayman.

Rejissyor mening bunday javobimni eshitib hayron boʻlganiyu “Ixtiyoringiz...” deb norozi ohangda kulib qoʻygani hali-hanuz esimda.

Xulosa shuki, tarjimon duch kelgan asarni oʻylamay-netmay tarjima qilmasligi kerak, shu bilan birga, asar muallifi ham bisotidagi barcha asarlarini tarjima qildirishdan ozgina andisha qilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Zero, tarjima, ayniqsa, badiiy tarjima nihoyatda qaltis jarayonki, notoʻgʻri qoʻyilgan qadamdan soʻng “bilmayin bosdim tikonni – tortadurman jabrini” deb oh urgandan foyda yoʻq!

– Tushunarli...

Oʻsha kuni ustozning huzuridan juda mutaassir boʻlib chiqdim. U kishining oʻtkir zakovat sohibi va vatanparvarligiga yana bir bor tan berdim. Ketayotganimda bir muddat toʻxtab, “Zap zoʻr ustozning etagidan ushlaganman-da!” deb ich-ichimdan suyunganim esimda.

Rustam MIRVOHID,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir