Prezident SHavkat Mirziyoev xalqimizning dunyoqarashida azaldan mustahkam o'rin egallagan bag'rikenglik tamoyili to'g'risida bunday deydi: “Bizning qadimiy va saxovatli zaminimizda ko'p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari tinch-totuv yashab kelgan. Mehmondo'stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma'nodagi bag'rikenglik bizning xalqimizga doimo xos bo'lgan va uning mentaliteti asosini tashkil etadi”.
Mana shu bag'rikenglik yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun misolida yana bir bor o'zini namoyon qildi.
O'zbekistonda tarixan shakllangan dinlararo bag'rikenglik va millatlararo totuvlik muhitini asrab-avaylashda ushbu qonunning ahamiyati juda katta. Qonunni tayyorlashda xalqaro me'yorlar va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingani shundan darak beradi.
Qonun mazmunida davlatimiz siyosatining mohiyatida insonparvarlik mujassamligini, odamlarning diniy his-tuyg'ulariga hurmatni yana bir bor ko'rdik. Zero, barcha dinlar asosida insonni ulug'lash, unga mehr, munosib izzat-hurmat ko'rsatish g'oyalari yotadi. Buning hikmatini hazrat Alisher Navoiy bizga mana bunday tushuntirib ketgan:
Ganjing aro naqd farovon edi,
Lek boridin g'araz inson edi.
Barchasini garchand latif aylading,
Barchadin insonni sharif aylading.
O'zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o'z e'tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berish, dinlararo va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular o'rtasida qadimiy mushtarak an'analarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.
2018 yil 12 dekabr` kuni Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so'zlagan nutqida BMTning “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish borasida bildirgan tashabbusi tuzilmaga a'zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlandi va qabul qilindi. CHunki unda ma'rifatparvarlik g'oyasini ilgari surish qayd etilib, sayyoramizda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash yo'lidagi integratsiya, o'zaro hurmat, inson huquqlari himoyasi, murosa va o'zaro bir-birini anglashga, qadrlashga da'vat bor. O'tgan uch yil bu hayotbaxsh da'vat shirin mevalarini berdi.
Bularni ko'rmaslik — ko'rolmaslik, shukronasini aytmaslik — noshukrlik bo'ladi. Raqamlarga qarang: 1991 yilda 350 kishi haj ibodatini amalga oshirgan. 2018 yilda hojilarimiz soni 7350 nafarga etdi. Ilgari Umra bilan bog'liq qancha tashvishu taqiqlar bor edi? Ular bugun yo'q.
Nafaqat musulmonlar, balki boshqa din vakillari ham o'z muqaddas qadamjolarini biror moneliksiz, emin-erkin ziyorat qilmoqda. Bu yurtimizdagi barcha din vakillariga, ularning e'tiqodiga davlatimizning chuqur hurmati izhori emasmi?
O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom tsivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro tadqiqot markazlari tashkil etildi. Kalom, hadis, fiqh, aqida va tasavvuf ilmlarini o'rganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktab ishlab turibdi. Islom dinini bu qadar chuqur o'rganish va uning ma'rifatiga bu qadar e'zoz qachon bo'lgan?
Diniy ekstremistik guruhlarga aloqasi bor, deb nazoratga olingan o'n minglab fuqarolar “maxsus hisoblar”dan chiqarildi. O'zbek davlati ularni farzandim, deb bag'riga bosdi. Afv etdi. Ularning qayta jinoyat yo'liga kirmasliklariga ishondi. Ma'naviy, moddiy qo'llab-quvvatladi.
Bir emas, beshta “Mehr” operatsiyasi o'tkazilib, ma'yus ko'zlaridan qonli yoshlar oqayotgan, aldangan, umidsiz o'zbek qizlari, ularning etim o'g'il-qizlari Vatanga olib kelindi.
Davlatimiz jonu tani bir mol bahosida sotilgan qizlarimizning ko'z yoshlarini artdi. Ularni yuvib-tarab, odam shakliga qaytarib, ota-ona bag'riga keltirib qo'ydi. Buni har birimizning ikki ko'zimiz ko'rib, ikki qulog'imiz eshitdi. Buni nafaqat O'zbekiston, balki jumlai jahon ko'rdi.
O'zbekiston — ko'p millatli mamlakat. YUrtimizda 130dan ziyod millat va elat vakillari ahil yashab keladi. Ular diniy e'tiqodidan qat'i nazar, yangi O'zbekiston ravnaqi yo'lida elkama-elka mehnat qilmoqda.
Bag'rikenglik nima? Bag'rikenglik fozil odamlarga xos sifat. Qaysi bir mamlakatda siyosat ana shu tamoyilga tayansa, turli din, madaniyatlarga mansub aholi vakillari o'zaro ahil-inoq yashaydi. Aksincha, fisqu fasod, ko'ngli torlik, kibr, manmanlik, ochko'zlik ustuvor bo'lsa, buning aksi bo'ladi. Natijada hammadan xayru baraka qochadi. Odam odamga yovsirab, begona ko'z bilan tikiladi. Xotirjamlik tark etadi bunday elni.
SHuning uchun shoir Umarqul Po'lkan barchamizni ogohlantiradi:
Oq ko'ngil odil odam
el baxtini so'zlaydi.
Qing'ir kishi har qayda
Tirnoqdan kir izlaydi.
Ona Vatanni sevish, unga mehr berish, uni ko'z qorachig'iday asrab-avaylash azaldan ota-bobolarimizdan bizga meros bo'lib, qon-qonimizga singib ketgan muqaddas tuyg'u. Bunga barchamizning qulog'imizda qolgan suyukli ertak va dostonlar guvoh. Alpomish, Qirqqiz yoki Go'ro'g'li turkumiga kiruvchi dostonlarni olaylik. Bu o'lmas asarlar qaysi tilda yozilishidan qat'i nazar, barchamizniki.
CHunki ularda g'oya, maqsad ham, pirovard natija ham yagona Vatan degan nuqtadan boshlanib, shu nuqtada tugaydi. Zero, bizda maqsad bir (tinchlik va osoyishtalikni saqlash), g'oya bir (Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari), YAngi O'zbekiston — Vatan tanhodir!
Jonajon O'zbekistonimizda milliy va diniy bag'rikenglik hukm surmoqda. Bag'rikenglik turli millat va elatga daxldor kishilarning, turli diniy e'tiqodli insonlarning bir zamin, yagona Vatan, bir yurtda, bir hududda olijanob g'oya, orzu-umid, maqsad va niyatlar yo'lida hamkor, hamfikr va hamjihat bo'lib yashashini anglatadi.
Keling, mana shu ta'rifni tafsir qilib ko'raylik. Xo'sh, turli millat va elatga daxldor kishilarni, turli diniy e'tiqodli insonlarni nima birlashtiradi? Olijanob g'oya, orzu-umid, maqsad va niyatlar. Ular bugun nimada mujassam? Milliy g'oyamizda.
Kimning milliy g'oyasi? Turli millat va elatga daxldor, turli diniy e'tiqodli insonlarning milliy g'oyasi.
Buning uchun biz qanday yashashimiz kerak? Hamkor, hamfikr va hamjihat bo'lib. Bu so'zlarning turkiy o'zbekchasi bir-biriga qo'ldoshlik, birga ishlash, birga o'ylash, kelishib, uyushib, bir-biridan rozi bo'lib yashash, degani. Bunday ahil odamlar yashaydigan bir zamin, bir Vatan, bir yurt, bir hududning nomi — O'zbekiston.
Bu Prezidentimizning mustaqilligimizning 30 yilligini munosib nishonlash to'g'risidagi qarorida qanday ifodalandi? “YAngi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” deb ifodalandi.
erkin va farovon yashash — hammaning orzusi. Unga erishish uchun faqat istakning o'zi kamlik qiladi. Buning uchun har birimiz o'zimizni har kuni, hamma joyda tinchlikparvar va bag'rikeng tutishimiz kerak. Madaniyatlararo uyg'unlik va millatlararo totuvlikning qadrini, hurmatini joyiga qo'yishimiz kerak. Ana shunda bizni ham qadrlashadi, hurmatimizni joyiga qo'yishadi.
SHu bois, xalqimiz buyuk ajdodlarimizning o'gitlariga amal qilib, ularning boy madaniyat va ma'rifat buloqlaridan suv ichib kelmoqda. O'zaro totuvlik va bag'rikenglikdan bahramand bo'lgan elimiz bu fazilatlarni millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik darajasiga ko'tarib yashamoqda. Totuvlik va bag'rikenglik milliy turmushimizga singib ketgan.
Buni dinu diyonat, iymonu e'tiqod, odobu axloq, mehru muruvvat, oila, farzand tarbiyasi, ota-ona hurmati va yosh avlod izzatida ham kuzatish mumkin. SHuning uchun ham O'zbekiston deganda, o'ziga xos keng fe'llik, saxovat va mo''tadillik tushunilishi tabiiy.
Bugungi kunda yurtimizda 136 millat, 16 diniy konfessiya vakillari yagona oila farzandlaridek yashab, mehnat qilmoqda. Ular bir xil huquq va majburiyatlarga ega bo'lib, qonunlarda belgilab qo'yilgan huquq va erkinliklari, manfaatlari to'liq ta'minlangan, ta'lim olishi, mehnat qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Umumiy o'rta ta'lim maktablarida o'zbek, qoraqalpoq, rus, qirg'iz, turkman, qozoq, tojik tillarida bilim berilayotgani, bir qancha oliy o'quv yurtlarida esa rus, qozoq, qirg'iz va boshqa tillarda dars beriladigan bo'limlar mavjudligi, ular uchun darslik va qo'llanmalar mamlakatimizning o'zida tayyorlanib, chop etilayotgani fikrimizning isbotidir.
Mamlakatimiz tarixan ko'p millatli o'lka bo'lgani tufayli bu zaminda turli-tuman din vakillarining emin-erkin yashashi uchun barcha sharoit yaratilgan. YAngi O'zbekiston amalga oshirayotgan milliy siyosat kontseptsiyasida mul`tikul`turalizm, tolerantlik, plyuralizm, teng huquqlilik tamoyillari ustuvor yo'nalishlar sifatida o'rin olgan.
Millatlararo totuvlik muhiti mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosat va o'zbek xalqiga xos bo'lgan bag'rikenglik, insonparvarlik, ezgulik fazilatlarining uyg'unlashuvi negizida namoyon bo'lmoqda.
YUrtimizdagi boshqa tashkilotlar qatori diniy jamoalar ham jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etib, xalqimizning ma'naviyati va qadriyatini tiklash, o'zligimizni anglash, eng asosiysi, mustaqilligimizning mustahkam va boqiy bo'lishiga hissa qo'shmoqda.
SHubhasiz, yangi qabul qilingan qonun tom ma'noda yurtimizda istiqomat qilayotgan turli konfessiya vakillari o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dunyoning ayrim davlatlarida dinlararo, millatlararo ziddiyatlar kuchayayotgan hozirgi sharoitda bizda millatlararo va dinlararo bag'rikenglik, totuvlik va hamjihatlik barqaror. Xalqimizning bu borada erishgan yutuqlariga havas qiladiganlar ko'p, hasad qiluvchilar ham yo'q emas.
SHunday ekan, Prezidentimiz ko'p bor ta'kidlaganidek, bu masalada doimo hushyor bo'lishimiz, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni ko'z qorachig'idek saqlashimiz hammamizning muqaddas burchimizdir.
Bu ezgu tilakka Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, qozoq va o'zbek tillarida ijod qiluvchi navoiylik shoira Aqshagul To'legenovaning mana bu satrlari xotima bo'lg'ay:
Katta kuch va g'ayrat bilan,
Hayotga boq hayrat bilan.
Bir-birovga himmat bilan,
Bir maqsadda birlash, elim,
YAxshilikka yo'ldosh elim!
Muhammadjon QURONOV,
Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi
rahbarining birinchi o'rinbosari, professor