Bu manzilda urush mashaqqatini boshdan kechirgan, suronli yillar xotirasida oʻchmas iz qoldirgan, har bir soʻzi oʻgit, niyatida nasihat, kalomida tinchlik atalmish neʼmat shukronasi boʻlgan ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Pirnazar bobo Turdiyev yashaydi.
Moʻjaz hovli, tomorqada ekilgan anvoyi gullar, issiqda soyasi, yozda mevasidan bahramand etadigan daraxtlar, koʻrkam manzara. Bu manzilda urush mashaqqatini boshdan kechirgan, suronli yillar xotirasida oʻchmas iz qoldirgan, har bir soʻzi oʻgit, niyatida nasihat, kalomida tinchlik atalmish neʼmat shukronasi boʻlgan ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Pirnazar boboTurdiyev yashaydi. U kishi ayni vaqtda 103 yoshda.
Xotira eslashga arzigulik voqea-hodisalar, amali, xayrli ishi qalbga muhrlangan insonlar haqidagi oʻy-fikrlarimiz ifodasi. Qadr esa biz bilan yonma-yon hayot kechirayotgan, mashaqqati, fidoyiligi, jasorati barchaga ibrat boʻlgan kishilarga koʻrsatilayotgan hurmat, ehtirom namunasidir. “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan nuroniy xonadoni har qachongidan gavjum boʻladi. Bunday eʼtiborda, albatta, Vatan ozodligi yoʻlida mardlik namunasini koʻrsatgan otaxonga minnatdorlik izhor etish maqsadi mujassam.
– 1942-yilning kuzida Rossiyaning Penza shahrida birinchi urushga kirganman, – deya eslaydi Pirnazar bobo. – Ikkinchi Belorussiya frontida jang qildim. Poltava, Kursk, Oryol, Gomel yerlaridan dushmanlarni quvib chiqardik. Vatanga boʻlgan muhabbat, ota-onam duosi meni omon saqladi. Peshonamda yashash bor ekan, 1946-yilning bahorida yurtga qaytdim. Uyga kelganimda ota-onam tirikligimga ishonishmagan. Sababi, ikki marotaba mendan qora xat kelgan.
Oʻtmishdagi qiyinchilik, orzulari bir olam boʻlgan yosh yigitlar taqdiri, urushga otlanish masʼuliyati, Vatanni himoya qilishdek qatʼiyat, dushmanga roʻbaroʻ kelishdan qoʻrqmaslik shahdi. Pirnazar Turdiyev bilan suhbat har gal hayot va oʻlim orasidagi qadam, erta xazon boʻlgan yosh umrlar, onalar, opa-singillarning koʻzyoshi haqida, yurtni himoya qilishga ketib, qaytmagan minglab oʻgʻlonlar xususida. Bunday muloqotdan soʻng urush dahshatini tasavvur qilish qiyin emas. Oʻz oʻrnida bu yosh avlod uchun oʻtmishdan saboq va ibrat maktabidir.
– Pirnazar boboning xonadonida boʻlib, u kishiniing shu yoshda ham tomorqa ishlari bilan bandligini koʻrib, toʻgʻrisi hayratlandim. Ikkinchi jahon urushi xotiralarini eshitit, bugun shunday tinch va osoyishta yurtda yashayotganimdan, Vatanimga xizmat qilayotganimdan faxrlandim, – deydi muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan oddiy askar Aziz Qodirov.
Mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 78 yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida Prezidentimiz farmoni qabul qilindi. Shunga asosan Pirnazar boboga ham pul mukofotlari va sovgʻalar faollar keng jamoatchilik ishtirokida tantanali ravishda topshildi.
Inson baxtli oʻtgan kunlari xotirasini hayajon va quvonch bilan yodga oladi. Har gal oʻsha damlar esga tushganida dili yayraydi, yuzida tabassum aks etadi. Biroq shunday xotiralar bor-ki, ular haqida oʻylash kishini dahshatga soladi. Yilida bir bor eski jarohat qalbga yana ogʻir botadi. Bu urush xotiralari. Ularni eslamaslikning iloji yoʻq. Chunki bugungi kunlar qadrini anglash uchun ham bu yoʻlda jon fido etganlarni yodga olish muhim.
Bugun yurtimizda sabr-toqati, matonati, shijoat va jasorati ibrat yurtning mard farzandlari xotirasini abadiylashtirish, hozirda hayot boʻlgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularga eʼtibor koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar eʼtiborga molik. Ular haqidagi gʻamxoʻrlik yoshlarni ajdodlarga munosib avlod boʻlib kamolga yetishga undaydi.
“Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan otaxon xonadoniga keladiganlar juda koʻp boʻladi. Inson qadriga qaratilgan eʼtibor namunasi ulashilgan sovgʻalar, taqdim etilgan guldastalar, yuzu koʻzlardagi iftixor va minnatdorlik hissida ham namoyon. Yoshligida yurt tinchligi uchun qalqon boʻlgan, Vatanni ozod koʻrish istagida shahid ketgan tengqurlari orzularini ham amalga oshirgan nuroniylar safida boʻlish bugun Pirnazar Turdiyev qalbini cheksiz gʻururga toʻldiradi.
Oʻchmas xotira. Urush davrida qanchadan-qancha doʻstlari, quroldoshlari Pirnazar Turdiyev koʻz oldida halok boʻlishdi. Bu inson kechmishi kishini koʻp narsalar haqida tafakkur qilishga undaydi. Tarixiy haqiqat, azob-uqubat, notinchlik, qahatchilik yillaridagi umid, armonga aylangan orzular va hamon oʻz farzandining urushdan omon qaytishini kutayotgan ona siymosi. Bir mayizni qirq boʻlib yegan millat sabri, oʻz jonidan kechib boʻlsa-da, tinchlik uchun kurashgan xalq jasorati farzandu nabiralarga ham ibratdir.
Umr oʻtib, yoshga yosh qoʻshiladi. Jarohat oʻrni bitadi, qiyinchilik unutiladi. Urushdagi voqealar esa qalb va xotiraga shu qadar oʻrnashgan-ki, esdan chiqarishga-da urinish befoyda. Quvonchli kunda xam bunday baxtga erishish oson boʻlmaganini anglaydi koʻrsatuvimiz qahramoni. Muloqotdan esa bitta eng muhim haqiqat bugungi kun shukronasini anglaysiz.
– Bunday tinch va osuda hayotni qadriga yetish kerak. Oʻtmishning sabogʻi bugungi kunga shukur qilishga undaydi. Yurtimizda boʻlayotgan islohotlarni koʻrib, mamnun boʻlaman. Ayniqsa, inson qadriga va biz kabi nuroniylarga boʻlayotgan yuksak eʼtibor uchun Prezidentimidan minnatdormiz. Vatanimiz taraqqiyotiga koʻz tegmasin, – deya duoga qoʻl ochadi Pirnazar bobo.
Albatta, tinch hayotni koʻrmay ketgan, mangulikka gʻolib yetgan, yurt ozodligini hayotidan afzal bilganlar xotirasi abadiy. Oʻchmaydi, yodga olinadi, hurmat bajo keltiriladi. Bugun qadr topganlar esa yuksak ehtiromga munosib. Ular matonati jasorati ibrat, duolari davlatdir.