Bundan 23 yil avval...
2000-yil yoz oylarida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarida roʻy bergan mudhish voqealar hali-hanuz yodimizdan koʻtarilgani yoʻq. Oʻshanda bir guruh jangarilar Oʻzbekiston chegarasini buzib kirgan va qonli toʻqnashuvlar yuz bergan edi. Ularku tezda yoʻq qilindi, lekin yurtimizning bir qancha dovyurak yigitlari ham qahramonlarcha halok boʻldi.
Vatanimiz chegaralari daxlsizligi uchun aziz jonini qurbon qilgan bu mard yigitlarning xotirasi hech qachon unutilmaydi. Prezidentimiz joriy yil 13-mart kuni Termiz shahridagi yosh chegarachilar harbiy-akademik litseyida Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolari bilan uchrashganida ham bu haqda gapirib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari mardona halok boʻlgan harbiy xizmatchilarni nomma-nom yodga olar ekan, bunday dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalagan ota-onalarga, ularning umr yoʻldoshlari va farzandlariga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.
“El-yurt uchun jonini fido qilgan oʻgʻlonlarimizni “halok boʻlgan” deyishga til bormaydi. Ular oilasi uchun, Vatanimiz uchun hamisha barhayot”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz shu kuni — 13-martda “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi.
Unda halok boʻlgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining mehnatga layoqatsiz oila aʼzolari uchun pensiya miqdori oshirilib, farzandlari bogʻcha, kollej, texnikum va oliygohda bepul taʼlim-tarbiya olishi belgilangan. Oila aʼzosi daromadining soliqdan ozod qilinadigan summasi 2 barobar koʻpaydi. Bu tartib xodimning farzandlariga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, ularning oila aʼzolari harbiy shifoxonalarda tekin davolanish huquqiga ega boʻladi va navbatdan tashqari statsionar tibbiy yordam oladi. Ularga dori-darmon va protez-ortopediya moslamalari olib beriladi, jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi. Halok boʻlgan xizmatchining ota-onasi, turmush oʻrtogʻi har yili sanatoriyda tekin davolanadi, bolalari oromgohlarda sogʻlomlashtiriladi. Ularning ota-onasiga yiliga ikki marta temir yoʻl va havo transportida yurish tekin boʻladi.
Halok boʻlgan xizmatchilar oilasini harbiylashgan va huquq-tartibot idoralari tomonidan otaliqqa olish amaliyoti joriy etiladi. Viloyat hokimliklari tomonidan ogʻir ahvoldagi bunday oilalarga har oy 400 ming soʻm miqdorida nafaqa berib boriladi.
Endi halok boʻlgan harbiylarning uy-joyga muhtoj oilalari birinchi navbatda uy bilan taʼminlanadi, ularning oila aʼzolariga ijara toʻlovi uchun pul ajratiladi va boshqa bir qancha imtiyozlar beriladi. Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning bu farmoni Vatan uchun jonini fido qilgan harbiylar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashda muhim qadam boʻldi
Prezident turmush oʻrtogʻimning nomini oʻqiganida boshim koʻkka yetdi
Umida Ashirova, katta leytenant Shermuhammad Ashirovning turmush oʻrtogʻi:
— Prezidentimiz bilan Termizda boʻlgan uchrashuvda men ham bor edim. Bu uchrashuv hayotimdagi eng yaxshi kunlarning biri sifatida xotiramda qoldi. Davlatimiz rahbarining tinch-osoyishtaligimiz yoʻlida halok boʻlgan harbiylar haqida aytgan gaplarini eshitib turgan barcha onalar va farzandlar quvonchdan koʻz yoshlarini tiya olmadi.
Turmush oʻrtogʻim vafot etganida 21 yoshda edim. Bir yarim yashar qizalogʻim Mahmudani bagʻrimga bosgancha yolgʻiz qolganman. Murgʻakkina chaqaloq qizim ham dadasiga qattiq mehr qoʻygan ekan. “Dada, dada”, deya yigʻlar, eshik tiq etsa, “dadam keldi”, deya chopqillardi. Oʻsha kunlarni eslasam yuragim oʻrtanib, boʻgʻzimga nimadir tiqilganday boʻlaveradi.
Davlatimiz rahbari turmush oʻrtogʻimning nomini hurmat bilan oʻqiganida hayajondan, quvonchdan boshim koʻkka yetganday boʻldi. Ayniqsa, Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga doir farmon nafaqat boʻshliqqa yuz tutgan qalbimizni, balki yillar davomida bukchayishga shaylangan qaddimizni tik tutishga yana bir zamin tayyorlab berdi. Xudo xohlasa, farmonda koʻzda tutilgan imtiyozlardan foydalanamiz.
Yana bir maʼlumotni aytib oʻtishim kerak. Yaratib berilayotgan sharoitlar sabab yolgʻiz yodgorim — qizim Mahmuda 2018-yilda davlat granti asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilindi. Oʻqishni tamomlaganidan soʻng turmushga berdim. Bugun shiringina nevaram bor. Yillar dardimni bir oz sovitgandir, ammo yuragimdagi muhabbat soʻnmadi. Hayotimni qizimga bagʻishladim. Chunki qizim otasiga juda oʻxshaydi. Turmush oʻrtogʻim “Mening qizim dunyodagi eng chiroyli va eng aqlli qiz boʻladi, oyday baxt topadi”, deya erkalardi. Bugun rahmatli otasining orzulari ushaldi. Qizimning baxtini koʻrib, nevaramning shodon qiyqirigʻini eshitib, bir suyunsam, sulolamiz davom etayotganidan ming karra shodlanaman.
Shermuhammad Ashirov 1975-yili Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanidagi Xalqobod qoʻrgʻonida tugʻilgan. Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining ilk bitiruvchilaridan. 2000-yil Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida boʻlgan jangovar harakatlarda halok boʻlgan. II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlangan. Xalqobod mahallasidagi koʻcha, shuningdek, tumandagi 28-maktab katta leytenant Shermuhammad Ashirov nomi bilan ataladi.
Siz bu yigitning onasimisiz?
Anvar Hamroyev, mayor, mayor Abdikarim Hamroyevning oʻgʻli:
— Men Termizdagi uchrashuvda davlatimiz rahbari bilan yuzma-yuz gaplashdim. Kelajagimga zamin boʻladigan eng yoqimli soʻzlar bilan siylandim. Ayniqsa, onajonimga qarab, “Siz bu yigitning onasimisiz?! Shunday farzandni tarbiyalaganingiz uchun sizga rahmat”, deganida oʻzimning ham, onajonimning ham hayajondan quloqlarimiz bitib qolgandek boʻldi.
Rahmatli otam Abdikarim Hamroyev harbiy uchuvchi boʻlgan. 1969-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan. 2000-yilda jangovar topshiriqni bajarish chogʻida 31 yoshida aviahalokat natijasida halok boʻlgan. Yurt tinchligi yoʻlidagi mehnatlari uchun “Jasorat” medali, II darajali “Shon-sharaf” ordeni va bir qancha faxriy yorliqlar, vafotidan keyin esa esdalik nishonlar bilan taqdirlangan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan chop etilgan “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot” kitobida otamning sharafli hayot yoʻli batafsil yoritilgan. Vatan oʻz qahramonlarini hech qachon unutmasligini koʻrib ulgʻayganim bois, Vatan himoyachisi degan sharafli kasbni tanlab, Toshkent viloyatida joylashgan harbiy qismda xizmat qilib kelmoqdaman. Kasbimdan faxrlanaman. Otamga munosib farzad boʻlishga, ruhini shod etishga intilaman.
Davlatimiz rahbari “Yurt uchun jonini fido qilgan jasur oʻgʻlonlarimiz, dovyurak fidoyi farzandlarni dunyoga keltirgan, ularni haqiqiy vatanparvar inson etib tarbiyalagan sizlar kabi ota-onalarga, harbiylarimizning sadoqatli umr yoʻldoshlariga, ularning farzandlariga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman”, deganida inson qadri ulugʻlanadigan yurt farzandi ekanimdan koʻksim gʻururga, iftixorga toʻldi. Ovozimni baralla koʻtarib, “Oʻzbekiston Respublikasiga, Prezidentimga va xalqimga sadoqat bilan xizmat qilaman”, dedim.
Jasorat aslo unutilmaydi!
Nargiza Rajabova, katta leytenant Chori Rajabovning qizi:
— Termizdagi uchrashuvga onam bilan bordik. U yerda Prezidentimiz biz bilan shunchalar samimiy va dildan suhbatlashdiki, eslaganim sari quvonchdan entikib ketaveraman. Otam halok boʻlganida opam olti, men esa uch yashar qizcha boʻlganman. Murgʻak qalbimiz bilan otajonimni sogʻinib, ichikib, eshiklarga koʻz tikib kutgan kunlarimiz koʻp boʻlgan.
Kemtik koʻnglimizni toʻldirish uchun onajonim bizni haligacha koʻz qorachigʻiday asrashga harakat qiladi. Xudoga shukr, opam Toshkent davlat sharqshunoslik institutini, men Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetini tugatdik. Hamon izlanishdamiz.
Vatani uchun koʻksini qalqon qilib, bu yorugʻ dunyodan oʻtgan otajonimning oxiratlari obod, ruhlari shod boʻlsin!
Chori Rajabov 1966-yili Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tugʻilgan. Surxondaryodagi voqealar boshlanganda 34 yoshda boʻlgan. Maxsus operatsiyalar batalyonida xizmat qilgani uchun birinchilardan boʻlib jangga safarbar qilingan va mardlarcha halok boʻlgan.
Dunyodagi eng baxtli onaman!
Yanglish Otajonova, katta serjant Elomon Otajonovning onasi:
— Otam, onam deb boʻzlamoq — meros. Lekin hech kim bolamlab yigʻlamasin. Elomonjonim chimildiq koʻrmadi, yor-yor sadolari ostida kuyovlik sarposini kiymadi, zurriyot qolmadi. Ammo qahramon boʻlib bu dunyoni tark etdi. Oʻgʻlimdan mingdan-ming roziman. Koʻnglimni yoritadigan jihat —
dilbandim qahramon, yurt fidoyisi. Shu soʻzlar jonimga madad va kuch beradi. Demak, men dunyodagi eng baxtli onaman!
Nuridiydam haqida xotira kitobida sharafli hikoya yozib qoldirilgan. Oʻzi oʻqigan maktabiga nomi berildi, byusti oʻrnatildi.
Prezidentimizning yaqinda kuchga kirgan farmoni ijrosi doirasida Sirdaryo tumani mudofaa boʻlimi xodimlari kelib, anchagina tushuntirishlar berib ketdi. Xudo xohlasa, bayramdan soʻng poytaxtdagi harbiy gospitalda davolanishni rejalashtirdik.
Turmush oʻrtogʻimga ham sogʻligʻini tiklashi, sanatoriyda davolanishi uchun tekin yoʻllanma berildi. Shunday imkoniyatga ega boʻlganimizdan mamnunmiz. Ilohim, yurtimizga fayzu baraka yogʻilsin. Barchamiz Allohning panohida sogʻ-omon boʻlaylik!
Elomon 1978-yili Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani Taraqqiyot mahallasida oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari safida shartnoma asosida xizmat burchini oʻtayotgan katta serjant Elomon Otajonov 2000-yilda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida boʻlgan jangovar harakatlarda dushman oʻqidan yaralanib halok boʻlgan. “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.
* * *
Ha, mardlar jasorati hech qachon unutilmaydi. Chunki yurtning tinchligini asrash, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash oson ish emas. Bu yoʻlda halok boʻlgan Vatan oʻgʻlonlari — jasur harbiylarimizni yodga olmoq barchamizning insoniy burchimizdir.
Maqolani Prezidentimizning “Ezgu maqsad yoʻlida birlashgan xalq va davlatni hech qanday kuch yengolmaydi. Ilohim, qahramon oʻgʻlonlarimizning oxiratlari obod boʻlsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin”, degan purmaʼno soʻzlari bilan yakunladik. Zero, xotira muqaddas, bir-birimizni qadrlab yashash esa oliy saodat!
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri