Xorazmda turizmning jadal rivojlanishi uchun eng katta toʻsiq, bu – transport ekani qayd etildi.

Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qoʻyilgani natija berdi. Lekin reys yoʻqligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turist yoʻqotilayapti.

Mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan toʻgʻridan-toʻgʻri reys qoʻyish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilmoqda. Ushbu aeroport milliy meʼmorchilik anʼanalariga mos holda rekonstruksiya qilinadi.

Masʼullarga ishlar boshlanishini kutib oʻtirmasdan, Koreya aviakompaniyalarini jalb qilish, samolyot va aeroportdagi servis xodimlarini malaka oshirish uchun Koreyaga yuborishni boshlash, yangi oʻquv yilidan Xorazmdagi transport va servis texnikumlarida Koreya tajribasi asosida kadr tayyorlashni yoʻlga qoʻyish topshirildi.