Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida fuqarodan uni noqonuniy yoʻllar bilan AQSHga yuborishi evaziga pul olgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jizzax viloyatida huquq-tartibot idoralari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan. Tadbir davomida Sharof Rashidov tumanida yashovchi fuqaro N.B. Zarbdor tumanidan boʻlgan A.A.ni goʻyoki Meksika orqali AQSHga ishga joʻnatish bahonasida aldagani aniqlangan.
U fuqarodan jami 200 million soʻm (shu jumladan 11,2 ming dollar va 50 million soʻm) olmoqchi boʻlgan vaqtda qoʻlga olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovgacha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.