Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻal oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni (PF-84-son, 08.05.2025-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2025-yil 15-maydan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi boʻlgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab koʻrsatiladi.

“Qizil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

  • aʼzolarining kamida 1 nafari sogʻligʻining holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlmagan;
  • parvarishga muhtoj aʼzosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi boʻlgan;
  • oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi yoki yolgʻiz keksa yoxud yolgʻiz nogironligi boʻlgan shaxsdan iborat boʻlgan;
  • boquvchisini yoʻqotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida boʻlgan oila;
  • “Sariq” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlgan hamda aʼzolari sogʻligʻi holatiga koʻra mehnat qilish imkoniyatiga ega boʻlgan oilalar kiritiladi.

“Yashil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha boʻlgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

  • oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan boʻlsa;
  • oilaning Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori boʻlsa.