Tun yarimlab qolganda Telegram manzilimga ovozli xabar keldi. Audio formatda yozilgan intervyuni ertaga qoldirgim kelmadi. Hamma orom olayotganda menga xabar yuborgan insonning chamasi yarim soatlik xotiralari, asrimiz olimi toʻgʻrisidagi sodda, biroq taʼsirli yodnomasi qalbimni yoritdi. Qarshimdagi ovoz sohibasi — Gulruh, shoshilmasdan, dona-dona soʻzlardi. Bu samimiy ovozda katta bir ilmiy sulolaning oʻtmish xotiralari, bobo va nabira oʻrtasidagi mustahkam rishta yashirin edi...
“Men shifokorman. Qiyin va masʼuliyatli sohani tanlaganimni bilaman. Baʼzida oʻzimni bobom boshlagan va poyoniga yetmay qolgan safarda ekanligimni his qilaman. U kishi men uchun nafaqat katta oila yoʻlboshchisi, balki ilm degan buyuk neʼmatning bosh muhandisi edi”, — deydi travmatologiya va ortopediya sohasining yosh, istiqbolli olimasi Gulruh Umarova.
Akademik Shahob Hamroyev — Oʻzbekiston ortopediyasidagi ulugʻ maktab asoschisi, yuzlab yoshlarning, ilm sofidagi sadoqatli shogirdlarning ustozi. U kishi nasihatlari bilan ularni yoʻlga solgan, ham dardga malham, ham ilmga nur boʻlgan inson. U faqat dars emas, tarbiya ham berardi. Ilmni shijoat bilan egallash, inson dardini oʻzining dardidek his etish — shifokor uchun muhim tushuncha edi.
Gulruh Umarova esa ana shu maktabning nafaqat biologik, balki maʼnaviy davomchisidir. U yoshligini eslab shunday deydi: “Ilmga mehrim operatsiya xonasidan boshlangan...”
Erta tong. Jarrohlik operatsiyasi boshlanish arafasida. Bir inson hayot bilan olishayotgan xonada hamma narsa sukunatda goʻyo, faqat yashashdan umidi bor bir yurakning soʻzsiz xonishini eshitasiz. Jarrohlik xonasiga tabassum va xushchaklik bilan barchaga dalda bergan oxangda akademik Shahob Shamsiyevich Hamroyev: “Assalomu alaykum, bolalarim, kayfiyatingiz qanday?” deb kiradilar. Bemorga tabassum bilan: “Tayyormisiz?”, deb, yana bir bor operatsiya boʻladigan aʼzoni koʻrikdan oʻtkazadilar. Kichik bir ishora bilan barchaning koʻngli koʻtarilgan holda jarayon boshlanadi. Har bir asbob, har bir ishora shifo uchun kurashadi. Qalb shifosi esa — jiddiylik, aniqlik va masʼuliyatdan boshlanadi.
Ammo ustozning xushchakchakligi, tabassumlari, dadil va tetik ovozlari har bir harakatdagi oʻzlariga ishonch, bemorning koʻnglini xotirjam qilardi, atrofdagi shogirdlarga esa dalda va oʻrnak boʻldi. Shifokorning soʻzlari ham malham.
Ayni paytda burchakda turgan yosh qiz — Gulruh. Bugun sanitar (talaba) qizning tibbiyotdagi ilk amaliyot kuni. Qoʻlida asbob, koʻzida qoʻrquv, qiziqish va hurmat bilan doktorlarning har bir harakatini diqqat bilan kuzatardi. Bu oddiy sanitarlik emasdi — bu ilm maktabining birinchi sinovi edi.
“Bobom — akademik Shahob Hamroyev oʻz qoʻli bilan meni amaliyot xonasiga olib kirdi. ʼSanitarlikdan boshlaʼ, dedilar. (Bobom yumshoq soʻzlar ezardi, shu sabab: ʼOldin sanitarga yordam berasan, keyin hamshiraga, agar uddalasang, keyin stol oldiga kelasan, qizimʼ, deb yelkamni silab qoʻydilar). Bu soʻzlarning ortida jiddiy maʼno borligini keyinroq angladim”, — deydi osteoporoz boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan PhD va amaliyotchi shifokor Gulruh Umarova.
Akademik Hamroyevning tarbiya uslubi — mehr bilan qatʼiyatni uygʻunlashtirish edi. U kishi bilimni ham inoyat, ham sinov orqali berardi. Har bir talaba avval qadrni his etishi, kichik vazifada oʻzini sinab koʻrib, keyin yuksak masʼuliyatga tayyor boʻlishi mumkinligi haqida koʻp gapirardi.
“Operatsiya vaqtida bobom jiddiy, hatto qattiqqoʻl edilar. Mendan ham qatʼiyat va tartib talab qilardilar. Lekin shu qatʼiyat ortida kasbiga muhabbat bor edi. U kishi bilib turib, meni har kuni sinovga solardilar. Har bir narsani eʼtibor bilan bajarishimni istardilar. Bir kun: ʼSanitar boʻlib haqiqiy shifokor qanday boʻlishini oʻrganasan, bolamʼ, dedilar. Ana shu kundan boshlab menda gʻurur uygʻondi. Ilmga nisbatan munosabatim oʻzgardi. Bu shunchaki kasb emas, shijoat va masʼuliyat maktabidir”, — deydi Gulruh.
“Beshinchi kursda edim. Bobom meni amaliyot xonasiga sanitar qilib olib kirdilar. ʼBu mening nabiram, uddalasa, qadamma-qadam oʻsadiʼ, dedilar. Bu sinovlar, bu qattiqqoʻllik men uchun saboqlar maktabiga aylandi. Bobomning qoʻllari bilan operatsiya qilganini koʻrgan, ogʻriq bilan kelgan bemor bilan birga dard chekkanini his etgan yillarim koʻp boʻldi. Har bir bemor, har bir mehmon (shogird) uyimizda bobomning aziz mehmoni boʻlardi.”
Bugungi kunda Gulruh Umarova PhD darajasiga ega boʻlib, osteoporoz kabi murakkab kasalliklarga qarshi ilmiy yechimlar izlamoqda. U yaratgan algoritm va uskunalar nafaqat Toshkentda, balki Buxoroda ham amaliyotga joriy etilgan. Buning oʻziyoq ilm sulolasining irmogʻi hamon oqib turganidan dalolat beradi.
Ana shunday irmoq — bobo qoldirgan yoʻldan ravon oqib, jamiyatga manfaat keltirayotgan yoʻnalishdir. Gulruhning “ilmni qadrlash — xotirani ehtirom qilish” shiori uni har kuni ilgari intiladigan, bemalol ustoz sifatida shogird tarbiyalaydigan insonga aylantirdi.
Toshkent tibbiyot akademiyasida akademik Shahob Hamroyev xotirasiga bagʻishlangan haftalik yakunlandi. Haftalik davomida olim ilmi keng targʻib etildi. Bu jarayonda akademikning nabirasi Gulruh — katta sulola yaratgan maktabning ilm elchisi sifatida ishtirok etdi.
Haqiqatan ham, buyuk olimlar koʻpincha talabaga erk berishdan koʻra, uni qattiqroq ushlashni maʼqul koʻradilar. Chunki ular uchun ilm — yukdir. Uni koʻtara oladiganlargina ilm ahli safidan joy oladi. Bunday tarbiya uslubi orqali akademik Shahob Hamroyev shogirdlarida iroda, sadoqat va javobgarlikni shakllantirgan. Gulruh — ana shunday tarbiya maktabida yetishgan avlod vakilidir.
Bugun u oʻz laboratoriyasida osteoporoz kasalligini aniqlash uchun mahalliy sharoitga moslashtirilgan algoritmlar ustida ish olib bormoqda. Uning ishlanmalari Buxoro va Toshkentdagi klinikalarda amaliyotga joriy qilingan. Bu shunchaki natija emas — bu sulola davomida olib kelinayotgan ilm nuridir.
Joriy yil Toshkent tibbiyot akademiyasida akademik Shahob Hamroyev xotirasiga bagʻishlangan haftalik boʻlib oʻtdi. Unda ilmiy-maʼrifiy tadbirlar, ustoz haqidagi xotiralar, yoshlar uchun mahorat darslari oʻtkazildi. Ana shu tadbirda olimning farzandlari — Gulchehra, Alisher, Baxtiyor Hamroyevlar va nabirasi Gulruh Umarova ham ishtirok etdi.
Ocherk nihoyasida bir narsani alohida taʼkidlashni lozim topdim: akademik Hamroyev hayoti — ilmga bagʻishlangan, mehr va sadoqatga suyangan hayot edi. Haftalik doirasida berilgan maqolalar, akademik haqidagi yodnomalar uning xotirasi nafaqat kitoblarda, balki Gulruh singari nabira shogirdlari, farzandlari — Gulchehra, Alisher, Baxtiyor va yaqin qadrdoni yangligʻ bemorlari hayotida, ularning har bir amaliyoti, soʻzi va ezgu niyatida yashamoqda.
Nazarimda, bunday oliy maqsad bilan yashab oʻtgan olimlar hayotdan shunchaki ketmaydilar, aksincha shu el odamlari qalbida abadiy qoladilar.
Doktor reporter klubi loyihasi doirasidagi Shahob Hamroyev haftaligi yakunlandi, ammo u boshlab bergan nurli yoʻlning safari tugamadi.
Gulruh Umarova kabi ilm yoʻliga, inson dardiga sadoqat bilan qaraydigan avlodlar bor ekan, bobolar maslagi yoʻqolmaydi. Ilm sulolasining irmogʻi — shijoat va mehr bilan oqib, har bir dardga shifo, har bir qalbga umid olib kiraveradi...
TDTU matbuot kotibi Gulchehra Mirzayeva suhbatlashdi.