Hayit namozlari oʻqiladigan paytda xavfsizlik qanday taʼminlanadi? Bu savolga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova javob berdi:

– Masjidlar va ularning atrofidagi hududlarda fuqarolarning xavfsizligi taʼminlanib, jamoat tartibining buzilishi hamda favqulodda holatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻliq nazoratga olingan.

Respublikamiz hududidagi jami 2 ming 91 masjidda ertalabki soat 05:00 dan hayit namozlari oʻqiladi va ularda taxminan 2 million nafardan ortiq kishi qatnashishi kutilmoqda.

Hayit namozi oʻqiladigan masjidlarda jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga 17 mingdan ortiq ichki ishlar organlari, mingdan ziyod Milliy gvardiya va 2 mingdan ortiq Favqulodda vaziyatlar vazirligining xodimlari va harbiy xizmatchilari jalb etilgan.

Tadbir oʻtkaziladigan masjidlarda 15 mingdan ziyod videokuzatuv kameralari mavjud boʻlib, hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilingan.

Avtomobil yoʻllariga yondosh joylashgan masjidlar atrofidagi yoʻllarda transport vositalari harakatini vaqtincha cheklash choralari koʻrilib, hayit namozi oʻqiladigan masjidlardan 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etildi.

Shuningdek, respublika hududidagi 9 ming 421 qabristonga fuqarolarning tashrif buyurishlarini inobatga olib, jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 10 mingdan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilari jalb etiladi. Barcha yirik qabristonlarga tashrif buyuradigan ziyoratchilar avtotransportlari uchun alohida avtoturargohlar tashkil etildi.

Qayd etib oʻtish kerakki, tadbirlar tinch, osuda oʻtishi har bir fuqaroga bogʻliq. Xavfsizlik choralariga barcha qatʼiy amal qilsa, bayram tinch va osuda oʻtadi.