Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati avtomobillarni arzon kredit yoki lizingda yetkazib berish bahonasida yuzlab fuqarolarni aldab, yirik firibgarlik jinoyatini amalga oshirgan guruh qoʻlga olinganini maʼlum qildi.

Berilgan maʼlumotlariga koʻra, “Umid avto companies”, “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto”, “Group Of Companies Ual”, “Umid Avto-Tashkent”, “Orient Auto”, “Umid Lizing Tashkent”, “Orient Avto-Lizing”, “Umid Auto Leasing”, “Group Of Orient Auto”, “Imkon Auto Xizmati”, “Umid Avto Companies”, “Busines Orientauto”, “Umid Auto Xizmati”, “Orient Auto Hamkor”, “Imkon Avto Markaz”, “Avtovariant”, “Ava Orientauto”, “Ava Umidavto”, “Avto Ijara Hizmati”, “Umid Auto Business Toshkent”, “Orient Auto Leasing”, “Orient Auto Toshkent”, “Ilgor Lizing” va “Orient Finans Lizing” MCHJlar tashkil etilgan.

Ushbu kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama orqali odamlarni 6−12 foizli past toʻlov sharoitida mashinalar olib berishga ishontirgan va Toshkent, Andijon, Namangan, Fargʻona, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Nukus shahrida faoliyat yuritib, avans shartnomalari tuzgan holda pullarni oʻzlashtirgan.

Vazirlikka koʻra, ushbu guruhning jinoiy faoliyati oqibatida 843 nafar fuqaro jabrlangan, ularning umumiy zarari 50,1 milliard soʻmni tashkil etgan. Tergov doirasida ushbu kompaniyalarga tegishli 339 ta transport vositalariga xatlov qoʻyilgan.

IIV qoʻshimcha qilib, mazkur ish boʻyicha 9 nafar shaxsga rasmiy ayblov eʼlon qilinib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanganini maʼlum qildi.

Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari polkovnik Ramazon Ashropov rahbarligida maxsus tezkor shtab tuzilgan. U shtabda tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti binosida har kuni soat 09:00 dan 21:00 ga qadar jabrlanuvchilar murojaatlari qabul qilinmoqda.

IIV suratdagi shaxslar yoki ularga aloqador kompaniyalar faoliyati haqida maʼlumoti bor yoki oʻzi shu yoʻl bilan jabrlangan fuqarolardan tezkor shtabga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishlarini soʻramoqda.

Manzil: Toshkent shahri Taras Shevchenko koʻchasi 62. Telefon: (71) 256−79−39.