Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, zamon talablariga mos infratuzilma yaratish borasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 2024-yilda 2017-yilga nisbatan ishga tushirilgan investitsiya loyihalari qiymati qariyb 8 barobarga, ish oʻrinlari soni esa 2,6 barobarga oshdi. Umuman, soʻnggi 8 yil mobaynida investitsiya dasturlari doirasida qariyb 100 milliard dollarlik 96 mingdan ziyod loyiha ishga tushirilib, 1,8 millionta yangi ish oʻrni yaratildi.

Bu bir qarashda oddiy raqamlar, sizu bizga hech bir daxli yoʻqdek goʻyo. Aslida, har bir raqam, har bir loyiha ortida yuzlab, minglab yangi ish oʻrin­lari, demakki, bir necha million nu­fucli yurtdoshlarimizning daromadli mehnat bilan band boʻlgani turganini, uning ortidan shuncha oilalarga fa­rovonlik inayotgani, orzu-umidlari ushalayotgani, asosiysi, mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror taraqqiy etayot­ganini inobatga olsak, ushbu natija nechogʻliq katta ahamiyatga ega ekanini anglash qiyin emas. Ayniqsa, bu kabi yutuqlarga Oʻzbekistonning “yashil” ta­raqqiyot yoʻli asos boʻlayotgani ekologiya sohasi masʼuli sifatida meni behad quvontiradi.

Gapni bejiz investitsiya mavzusidan boshlamadik. Binobarin, Boʻstonliq tuma­nida qurilishi moʻljallangan “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi ana shunday hududga iqtisodiy barqarorlik, aholiga farovonlik, tashrif buyuruvchilar­ga maroqli hordiqni taqdim etuvchi yirik loyihalardan biri.

Xoʻsh, loyihaning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati qanday?

Turizm bozoridagi talab va taklif nomutanosibligi

Ushbu savolga javob berishdan oldin loyiha uchun moʻljallangan joy — Chorvoq suv ombori hududida mavjud holat, xalqaro turizm markazi qurilishi zaruratiga toʻxta­lib oʻtsak.

2016-yilga qadar Chorvoq suv havzasi hududidagi aksariyat dam olish maskanla­ri yillar davomida tashlandiq holatga kelib qolgan, eʼtibor qaratilmagan va dam oluvchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan edi.

Keyingi yillarga kelibgina Preziden­timiz tomonidan hududni rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Xususan, “Chor­voq” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi tashkil etildi va bugungi kunda direksiya tomonidan tashrif buyuruvchi­larning xavfsizligini taʼminlagan holda maroqli hordiq chiqarishini taʼminlashga qaratilgan koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Direksiyaga rahbarlik qilgan davrimda hududning yashil qoplamalarini asrab qolish va turistik infrastrukturasini rivojlan­tirishga eʼtibor kuchaytirildi. Ilgari qu­rilgan koʻpgina obyektlar qayta tiklandi, bir qancha obyektlar xususiylashtirish yoʻli orqali samaradorligi oshirildi. Bundan tashqari, “Amirsoy” kabi yangi obyektlar ham qurildi.

Bular nima uchun kerak edi? Birinchidan, bugungi kunda Toshkent aholisi koʻpayib bormoqda, daromadlari oshmoqda. Oʻz navba­tida, yoz oylarida aholining dam olish maskanlariga ehtiyoji ortmoqda. Qolaversa, yurtdoshlarimizning iqtisodiy imkoniyati yildan yilga yaxshilanib borayotgani hiso­biga keyingi paytlarda Boʻstonliqqa boshqa viloyatlar, shuningdek, qoʻshni davlatlardan ham tashrif buyuruvchilar soni muttasil or­tib bormoqda.

Ikkinchidan, turizm sektori iqtisodiy oʻsish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini oshirish uchun muhim manbaga aylanadi. Har yili oʻzbekistonliklar xorijda dam olish uchun 1 milliard dollardan ortiq mablagʻ sarflamoqda. Mamlakatimizda zamona­viy dam olish maskanlari tizimini kengayti­rish orqali bu mablagʻni saqlab qolish mumkin. Bu, oʻz navbatida, hududlarni rivojlantirish, kichik biznes, infratuzilma va xizmatlar soha­sini kengaytirish imkonini beradi.

Ammo bizda turizm bozori talabiga yara­sha taklif mavjud emas, chunki zamonaviy yirik dam olish maskanlari tashkil etil­magan. Bir nechta namunaviy loyihalar bor, masalan, “Chorvoq darvozasi”, “Ugam River” va hokazo.

Birgina “Chorvoq darvozasi” majmuasini olaylik. Birinchi bosqichi yakunlangan loyihaga koʻra, majmuada 16 ta koʻp qavatli uy, 3 ta mehmonxona, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, kafe va restoran­lar, bank ofisi, avtoturargoh boʻladi. Bi­nolar tepasiga quyosh panellari oʻrnatiladi. Mana shu loyihaning oʻziyoq qanchadan qancha yurtdoshlarimizning maroqli hordiq chiqa­rishini taʼminlashi, hudud iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshishi mumkin.

Bundan tashqari, Chimyonda bir kunda 6000 nafar mehmonni qabul qilishga moʻl­jallangan 20 ga yaqin mehmonxona quril­moqda, mustaqillik bayrami arafasida yi­rik turistik markaz ochilishi kutilmoqda. Bildirsoyda ham zamonaviy mehmonxona quriladi. Bularning barchasi pirovardida mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligi, aho­li farovonligini taʼminlashga xizmat qi­lishi bilan ahamiyatlidir.

Chorvoqni asrab qolish imkoni

Lekin shuni ham qayd etish lozimki, aholining suv boʻyida hordiq chiqarishga talabi katta. Chorvoq hududida esa yirik turizm obyekti mavjud emas, kichik obyektlar esa talabga javob bermaydi. Masalan, Ugom daryosi hududini ekopolitsiya, ichki ishlar, Milliy gvardiya xodimlari qancha­lik nazoratga olmasin, odamlar daryogacha mashinada boryapti, suvga ham mashinasida kiryapti, ovqatlanyapti va chiqindilarini suvga tashlayapti. Bunga qarshi kurash olib borilyapti, ammo ahvol koʻpchiligimizga maʼlum.

Chorvoq boʻyidagi holat ham achinarli — bir hududda ham oʻt yoqib, ham ovqat tayyorlanyapti, chiqindilar suvga tashlanyapti, hojatxona yoʻqligi yoki talabga javob ber­masligi ham salbiy taʼsir qilyapti. Hali­gacha yagona konsepsiyasiz, soha mutaxassisla­ri jalb qilinmasdan beqaror qurilishlar kuzatilmoqda. Umumiy qilib aytganda, ekologiyaga juda katta zarar yetkazilyapti. Shu yerdagi aksar tadbirkorlar suvga yaqin boʻlaman deb noqonuniy qurilmalar qurgan. Tartib yoʻq. Loyiha zarurati shunda ediki, biz haqiqatan Chorvoqni ekologik jihatdan saqlab qolmoqchi boʻlsak, balansni taʼmin­lashimiz lozim, yaʼni ham aholi ehtiyojini taʼminlash, ham tabiatni asrab qolish uchun ekologik talablarga mos keladigan dam olish maskanlari kerak.

Xorij tajribasiga nazar soladigan boʻl­sak, suv boʻyida hech qanday obyekt quril­maydi, kanalizatsiyasi talabga javob berma­gan obyektlarga umuman ruxsat berilmaydi. Oʻzimizda ham shu tartibni joriy qilishi­miz, zamonaviy plyajlar yaratishimiz kerak.

Bu borada tajriba tariqasida bir qancha ishlar qilinmoqda. Jumladan, Navoiy vilo­yatidagi Toʻdakul koʻlida zamonaviy, ekolo­gik talablarga javob beradigan maskanlar qurilmoqda. Shuningdek, Aydar-Arnasoy koʻllar hududida ham zamonaviy, suvdan ancha uzoqroqda boʻlgan infrastruktura bar­po etilyapti: zamonaviy mehmonxonalar, ka­nalizatsiya tizimlari, turistik majmualar qurilyapti.

Yuqorida qayd etib oʻtilgan zaruratdan kelib chiqib, Chorvoqda ham shu ishlarni qilishimiz lozim. Bu bizga nima beradi? Birinchidan, aholini daromadli ish bilan taʼminlash masalasi yechiladi. Zero, loyiha moʻljallangan hudud­larda yashovchi koʻplab insonlar ishlash uchun chet elga ketadi. Ular­ni yurtimizda, oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqda ish bilan taʼminlash muhim, albatta.

Ikkinchidan, loyiha doirasida ikki qishloq oʻrtasida koʻprik qu­riladi, transport xizmati yaxshi­lanadi, hudud rivojlantiriladi. Uchinchidan esa Toshkent katta mega­polis, xorijlik turistlar soni ham ortmoqda. Bu kabi yirik loyihalarni amalga oshirish orqali esa ularga zamo­naviy, ekologik mezonlarga mos dam olish maskani taklif qilishimiz mumkin boʻladi.

Shu oʻrinda yana xorij tajribasiga eʼtibor qaratsak. Shveysariyadagi koʻllar atrofida bir qancha chiroyli dam olish oromgohlari barpo etilgan. Lekin u yerda­gi aholi, ekofaollar yoki boshqalar bular­ni buzish kerak demayapti. Shveysariyadagi koʻllarni koʻrganman, bemalol suvidan ichsa boʻladi, vaholanki, atrofida yirik-yirik shaharlar bor. Lekin u yerda aholi tomoni­dan tabiatni asrashga jiddiy eʼtibor qara­tilgan, zamonaviy kanalizatsiya tizimlari tartibga solingan.

Aslini olganda, insoniyatning har qan­day faoliyati ekologiya uchun xavf tugʻdirishi mumkin. Ammo muhimi shu xavfni toʻgʻri boshqarishdir. “Boʻldi, bu xavfli ekan”, deb voz kechgandan koʻra vaziyatni toʻgʻri boshqarsak, bunday loyihalar hisobiga koʻplab insonlar ish bilan taʼminlanadi, infratu­zilma yaxshilanadi.

Mahalliy aholi ish oʻrinlari yaratilishi va infratuzilma yaxshilanishiga umid qilmoqda

Mahalliy aholi agar loyiha tasdiqla­nib, qurilish ishlari boshlansa va yangi dam olish maskani barpo etilsa, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilishi, aholi ishlash uchun chet ellarga ketmasdan ish bilan taʼminlani­shi, shu bilan birga, chet elga ketgan koʻplab yurtdoshlarimiz oʻzimizda ishlashni maʼ­qul koʻrib, oilasi bagʻriga qaytishini taʼ­kidlamoqda. Yoshlarning fikricha, xalqaro darajadagi dam olish majmuasida ishlash ular uchun quvonarli holatdir.

Mahalliy aholi vakillari tomonidan, shuningdek, “Burchmulla, Yakkatut hududlarida infratuzilma yaxshi emas”, “Yoʻllar talabga javob bermasligi tufayli turistlar bora olmaydi”, “Bir qishloqdan ikkinchi qishloqqa aylanma yoʻllar orqali borish kerak, agar ikki qishloq orasida koʻprik qurilsa, ancha qu­lay boʻlardi”, “Kanalizatsiya tizimini yaxshi­lash kerak” kabi fikrlar bildirildi. Ayrim fuqarolar koʻzda tutilgan loyiha chet eldan katta miqdorda investitsiya kiritilishiga sa­bab boʻlishini taʼkidlamoqda. Ular Chorvoqda qurilgan dam olish maskani oʻzimizda qolishi, investor uni koʻtarib olib ketmasligi, xalqi­miz Dubay yoki Turkiyaga dam olishga ketgani­dan koʻra, oʻzimizda maroqli hordiq chiqargani maʼqulligi, yurtimizda chet eldagidan qolish­maydigan dam olish maskanlari boʻlishi foy­dali ekani kabi fikrlarni ham bildirdi.

Bosh reja va qurilish mumkin boʻlmagan hududlarga moratoriy

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbe­kistonda hozir “yashil”, barqaror turizm rivojlantirilmoqda. Har qanday loyihaga biz ekologik nuqtayi nazardan yondashamiz. Ayni damda “Sea Breeze Uzbekistan” loyiha­si boʻyicha shu jarayon ketmoqda.

Biz Chorvoq suv omboridagi maʼlum hu­dudni, yaʼni plyaj yaratish mumkin boʻlgan hududlarni belgilab, Bosh reja yaratib, shu asosda qurilish ishlarini amalga oshirish tarafdorimiz. Mumkin boʻlmagan hududlar­da esa qurilishga moratoriy eʼlon qi­lish kerak. Bu joylarda “yashil” hududlar, oʻz ekotizimini himoya qiladigan zonalar tashkil etish maqsadga muvofiq. Ana shunda hudud ekotizimi, bioxilma-xilligi saqla­nib qoladi. Qolaversa, hududda xaotik (tartibsiz, rejalashtirilmagan) quri­lishlarga barham beriladi. Hukumatga bu boradagi yondashuvlarimizni yetkazganmiz, chuqur oʻylangan holda tegishli qarorlar tayyorlanmoqda.

Pilot loyiha — hamma uchun ochiq va bepul plyaj qurilyapti

Ayni damda “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi doirasida investor tomonidan oʻz hisobidan 500 metr hududda namunaviy plyaj barpo etilmoqda. Maqsad — investor namunaviy plyaj orqali rejalashtirayot­gan loyihasi qanday boʻlishini amalda koʻrsatib beradi. Aholi esa mavjud dam olish sharoitlari bilan so­lishtirib koʻradi va xulosa qiladi.

Asosiysi, plyaj bepul, xavf­siz va hamma uchun ochiq boʻladi. Pilot loyiha yakunlari asosida bu tashabbusni Chorvoqning boshqa hududlarida qoʻllash mumkin boʻladi. Bu oʻzgarishlar orqali dam olishga boʻlgan yondashuvni qayta shakllantirish — tartibsizlik­dan qulaylikka, yopiq hududlardan ochiqlik va ommaboplikka oʻtish taʼ­minlanadi. Bunday saʼy-harakatlar jamiyatda yangi tasavvurlarni shakllanti­radi: kurort hamma uchun moʻljallangan joy, faqat tanlanganlar uchun emas.

Yana bir masala — narx-navo. Hozir Chor­voqni turli tadbirkorlar egallab olgan, kir­gan-chiqqanlardan pul yigʻiladi, sanitariya holati qoniqarsiz, koʻpchilik suvga tushib, pala-partish tarzda dam olyapti. Mashinalar suvda yuvilyapti. Eng xavflisi, yosh bolalar katta-katta qirgʻoqlardan suvga sakrayapti, na­zorat ham, javobgar ham yoʻq. Agar zamonaviy loyiha amalga oshirilsa, bu kabi holatlar bartaraf etiladi — mashinalar suv boʻyidan kamida 500 metr uzoqlikda boʻladi, insonlar xavfsizligi taʼminlanadi. Kiyim almashti­rish xonalari, hojatxonalar va umuman, barcha xizmatlar ekologik va sanitariya talablariga mos tarzda yoʻlga qoʻyiladi.

Har bir loyihani amalga oshirishning oʻz tartib-qoidalari bor. Avval loyiha hujjati tayyorlanib, tegishli vazirlik va tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqila­di. Bizda ham baholash tartibi bor. Ana shu bosqichlardan keyin loyihani jamoat­chilikka taqdim etamiz. Qanday ekologik xavflar borligi va boshqa holatlar bora­sida yechim beriladi. Agar loyiha xatarli, talablarga mos emas deb topilsa, salbiy xulosa beriladi va amalga oshirilmaydi.

Oqova tizimi barpo etiladi

Yaqinda Ozarbayjondagi “Sea Breeze” kurorti sharoitlari bilan tanishdik. Eng maʼqul jihati, u yerda konsepsiya shundan iboratki, qurilish qilishdan oldin hudud­ning yashil karkasi yaratilgan, yaʼni tegishli yoʻlaklar, quriladigan binolar atrofi­da daraxtlar ekilgan, qurilishgacha yashil hudud barpo qilingan. Binolar uch yillik boʻlsa, daraxtlar 10 yillik. Bu juda yaxshi amaliyot, agar “yashil karkas” tajribasini Oʻzbekistonda ham qoʻllaydigan boʻlsak, bu faqat va faqat foyda keltiradi.

Hali loyihani koʻrmasdan turib salbiy fikr bildirish va qoralash notoʻgʻri deb oʻylayman. Ekologik vaziyatni yaxshilaydi­gan, infratuzilmani barqarorlashtiradi­gan, ish oʻrinlari yaratadigan, xullas, ham ekologiyaga, ham turistlarga, ham aholiga, ham davlatga foyda keltiradigan bu kabi loyihalarni, albatta, amalga oshirish lozim. Aks holda, Chorvoq suv havzasidan butunlay ayrilamiz, nazoratni butkul yoʻqotamiz.

Ekologiyani saqlab qolish nuqtayi nazari­dan yirik majmua qurilsa, uni tekshirish ham, nazorat qilish ham, ekologik xavflar­ni boshqarish va oldini olish ham ancha oson boʻladi. Biz oʻz talablarimizni qoʻyamiz va bu talablar amalga oshirilishini nazorat qila olamiz.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerak, suv hav­zasiga oqova suvlar tashlanishining ol­dini olish masalasi ham dolzarb. Chor­voqda kichik-kichik obyektlar bor, ammo yirik investitsiyalar hisobiga oʻzini keyinchalik qoplaydigan kanalizatsiya tizimini yaratish boʻyicha loyihalar yoʻq edi. Hozir esa bu borada Qurilish va uy- joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomo­nidan rejalar taqdim etildi. Maqsad Chorvoqda tashkil etilgan turizm obyekt­lari, bu yerda yashaydigan aholini sifat­li kanalizatsiya tizimi bilan taʼminlash uchun zamonaviy kommunikatsiyalarni barpo etishdir. Bu borada “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi eng samarali tan­lov deyishimiz mumkin.

Barqaror turizm uchun burilish nuqtasi

Ushbu loyiha Oʻzbekistonda barqaror turizm uchun burilish nuqtasi boʻlishi mumkin. Nima uchun bunday deyapman? Oʻzbe­kiston turizm infratuzilmasini rivojlantirishda yangi bosqichga qadam qoʻymoqda — bu bosqich zamonaviylik, barqarorlik va ekologik jihatdan toʻgʻri yoʻnalishni ta­lab qiladi. Mazkur jarayonning markazida investitsiyalar, tabiatni muhofaza qilish va jamiyat manfaatlari oʻrtasida mukammal muvozanatni taʼminlash turadi. Shu nuqta­da Chorvoq suv omborida amalga oshirilayot­gan xalqaro turistik loyiha namuna sifa­tida butun mamlakatimiz boʻylab tizimli oʻzgarishlarning boshlangʻich nuqtasiga ayla­nishiga shubha yoʻq.

Xavfdan choʻchish emas,

uni boshqarish kerak

Hozirgi kunda Chorvoq suv ombori jid­diy ekologik va ijtimoiy muammolarga duch kelmoqda. Sohil chizigʻidagi nazoratsiz va bir xil konsepsiyasiz jadal qurilishlar, tabiat va sanitariya talablarining inobat­ga olinmasligi bu hududning tabiiy holati yoʻqotilishiga olib kelmoqda. Koʻplab joy­lar xususiy toʻsiqlar ortida qolib, suvga erkin kirish imkoni cheklanmoqda. Bu vaziyat ekologik va ijtimoiy xavflarni kuchayti­radi.

Birinchi qadam, yuqorida aytib oʻtgani­mizdek, Chorvoq uchun aniq zonalashtirish, cheklovlar va muhofaza choralarini oʻz ichiga olgan Bosh reja ishlab chiqishdir. Shu bilan birga, rejaga muvofiq boʻlmagan har qanday yangi qurilishga moratoriy eʼlon qilinishi kerak.

Har bir qurilish atrof-muhitga taʼ­sir etuvchi xavf-xatarlarni oʻz ichiga ola­di. Eng asosiysi — shu xavflarni boshqa­rish. Ayni shu sababdan ham “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi doirasida Xalqaro ekologik kengash tashkil etilmoqda. Ken­gash mustaqil organ boʻlib, tabiiy muhit­ni muhofaza qilish normalariga rioya etilishini nazorat qiladi, ekspertlik yordamini taʼminlaydi va aholi manfaat­larini inobatga oladi.

Bu yangi masʼuliyat madaniyatiga qadam­dir: loyiha nafaqat chiroyli, balki tabiat va insonlar uchun foydali boʻlishi kerak. “Sea Breeze Uzbekistan” turizm — aniq rejalashtirish, malakali mutaxassislar ishtiroki va doimiy monitoring orqali atrof-muhitga zarar yetkazmasdan rivojla­nish mumkinligini isbotlaydi.

Muxtasar aytganda, Chorvoq hozirgidek barcha uchun pullik yoki yopiq joy boʻlishi ke­rak emas. Bu butun mamlakat uchun dam olish ramzi va shunday boʻlib qolishi lozim. Bosh reja, ekologik normalar, narxlarni nazorat qilish va suvga erkin kirish hududning ke­lajagi uchun zarur boʻlgan tamoyillardir.

Ayni paytda oldimizda muhim tanlov tu­ribdi: yo xaotik qurilish va tabiiy boyliklarni yoʻqotish sharoitida yashashni davom ettiramiz yoki zamonaviy, barqaror va hamma uchun ochiq turistik tizim yaratamiz.

“Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi bu faqat dam olish maskani emas. Bu eski yondashuvni oʻzgartirishga chaqiriq, yangi model ekologik, ochiq va uzoq muddatli taklifdir. Bunday tashabbuslar mamlakat­ning turistik xaritasini oʻzgartirishi va rivojlanish yoʻlini bir necha oʻn yillikka belgilashi mumkin.

Aziz ABDUHAKIMOV,

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va

iqlim oʻzgarishi vaziri