Ortida qolgan 34 yil ichida yurtimiz barqaror taraqqiyot yoʻlidan borib, har bir goʻshasida yangidan-yangi imkoniyatlar eshigi ochildi, xalqimizning hayoti tobora farovonlashdi. Bugun Oʻzbekiston mustaqil davlat sifatida dunyo sahnasida oʻz munosib oʻrnini topdi.

Shu ulkan jarayonlarda “Navoiyuran” davlat korxonasi ham Vatan taraqqiyotining ishonchli tayanchi sifatida tobora yuksalib bormoqda. Korxona nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashda, balki xalqimiz uchun munosib turmush tarzini yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Aynan shunday bunyodkorlik va mehnatsevarlik samarasi oʻlaroq Eng aziz, eng ulugʻ bayram davlatimiz mustaqlligining 34 yilligi munosabati bilan Konimex tumaning Zafarobod shaharchasida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida bayram shodiyonasi koʻtarinki ruhda tashkil etildi. 

“Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyat kasb etuvchi korxonalardan biri sifatida nafaqat milliy miqyosda, balki xalqaro maydonda ham oʻz nufuzini tobora mustahkamlab bormoqda. Soʻnggi yillarda olib borilgan islohotlar, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish natijasida korxona jadal taraqqiyot yoʻlidan bormoqda.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda tizimli islohotlar va transformatsiya jarayonlari orqali oʻz faoliyatini yangi pogʻonaga koʻtardi. 2025-yilning oʻtgan davri natijalariga koʻra, korxona nafaqat ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini sezilarli oshirdi, balki xalqaro maydondagi obroʻyini ham mustahkamladi. Bu jarayonda loyiha ofisining tashkil etilishi, geologiya-qidiruv ishlarining jadallashuvi va ESG tamoyillarining joriy etilishi muhim oʻrin tutadi. Korxonaning har yillik oʻsish surʼatlari – masalan, uran zaxiralari oʻsishida 330% gacha va burgʻilash hajmida 155,5% gacha oʻsayotgani bu sanoatning barqaror rivojlanishining yaqqol isbotidir. Xalqaro hamkorlikning kengayishi esa, dunyoning yirik kompaniyalari bilan birgalikdagi loyihalar orqali, “Navoiyuran”ni global uran bozorida munosib oʻrin egallashga olib kelmoqda. Korxonaning ishlab chiqarish koʻrsatkichlari 2025-yilda oʻtgan yillarga nisbatan sezilarli oʻsishni manoyish etmoqda. Korxonaning asosiy drayver nuqtasi- uran qazib olish va mineral xom-ashyo bazasini rivojlantirish boʻlib, bu sohada amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar oʻsishining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlikda erishilgan natijalar ham sezilarli - loyiha ofisi tashkil etilganidan buyon 50 dan ortiq mamlakatdan 100 ga yaqin kompaniya bilan aloqalar oʻrnatildi. Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik doirasida yirik kompaniyalar bilan qator qoʻshma loyihalar qoʻlga kiritildi. Avstraliya, Yaponiya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlar bilan uran qazib olish va qayta ishlash sohasida qoʻshma dasturlar amalga oshmoqda. Shuningdek, Moʻgʻulistonda korxonamizning rasmiy vakolatxonasi ochildi, joriy yilda esa Avstraliyaning Cauldron Energy kompaniyasi bilan yangi konni oʻzlashtirish boʻyicha muhim kelishuvga erishish rejalashtirilgan.

Bayram dasturi avvalida, korxona bosh direktori Djamal Fayzullayevning korxona jamoasiga hamda Zafarobod ahliga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Tabrikda ham yuqoridagi kabi yutuqlar eʼtirof etildi.

Bugungi yurtimiz boʻylab, Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun gʻoyasini oʻzida mujassam etgan mustaqillik bayramiga bagʻishlangan tantanalar keng miqyosda nishonlanmoqda Shu jumladan “Navoiyuran” davlat korxonasida ham bayramni yuksak saviyada nishonlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, haftalik smenada ishlayotgan ishchi-xodimlarimiz uchun bayram dasturxonlari yozilib, oshlar tashkil qilindi. Ishchi-xodimlar oʻrtasida turli sport musobaqalari oʻtkazildi. Bundan tashqari, kam taʼminlangan oilalar farzandlari uchun oʻquv qurollardan iborat boʻlgan toʻplamlar taqdim etildi. Yolgʻiz pensionerlar xolidan xabar olindi. Ietimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimlarning uylariga oziq-ovqat toʻplamlari yetkazildi. Shuningdek, Navoiy, Zafarobod, Uchquduq, Nurobod maydonlarida katta konsertlar tashkil etildi. Bugungi shodiyonamizga mahalliy ijodkorlar bilan birga, poytaxtdan tashrif buyurgan xushovoz xonanda Bahrom Nazarovning kuy-qoʻshiqlari barchaga birdek xushnudlik ulashdi. Bundan tashqari, bayram davomida oʻzining fidokorona mehnati, qobiliyatlari va barcha mehnatlari uchun bir qator ishchi-xodimlarimiz taqdirlandilar. Oʻylaymanki, bunday taqdirlashlar, mana bunday tashkil etilayotgan tadbirlar yurtimiz mustaqilligini xalqimiz qalbida uzoq kunlar yodda qoladigan tadbirlardan biriga aylantiradi. Shuningdek, oʻz ishiga boʻlgan, oʻz kasbiga boʻlgan faxr iftixor tuygʻularini vujudga keltiradi. Ularni mustahkamlaydi va keyingi korxonamiz oldida qoʻyilgan rejalarni amalga oshirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi, - deydi 6-Birlashgan kasaba uyushmasi Qoʻmitasi raisi Davrbek Temirov.

Har bir bayramga munosib mehnat zafarlari va yutuqlar bilan borayotgan korxona jamoasi bu gal ham belgilangan rejalarni ortigʻi bilan uddaladi. Barcha koʻrsatkich va raqamlar prognozga nisbatan yuqori oʻsish surʼatlarida taʼminlanmoqda. Bayramga yigʻilganlar qalbidagi quvonch va yuzlaridagi xursandchilikda ham ushbu fikrlar oʻz ifodasini topdi.   

Zafarobod aholisi bayramni juda koʻtarinki kayfiyatda kutib olmoqda. Hamma xursand, hamma shod. Bunday shart-sharoitlar yaratib berayotgani uchun avvalambor yurtboshimizga, qolaversa, “Navoiyuran” DKga oʻzimizning minnatdorchiligimizni bildiramiz. Chunki, har doim bizga mana shunday bayramlar, konsert dasturlari tashkil etishadi. Zafarobodda chinakam mehnatkashlar iqtiqomat qiladi. Bu yerda hammaning oʻz sevgan ishi bor va doimiy band, biz bir oiladekmiz. Shuning uchun bunday bayramlar ularning dam olishlari va ishchanlik darajasini oshirishlari uchun judayam muhim. Men oʻzim yosh oʻqituvchiman. Soʻnggi yillardan Zafarobdda boʻlayotgan oʻzgarishlarni koʻrib, toʻgʻrisi koʻzim quvnayapti. Korxona tomonidan maktablarimizning taʼmirlab berildi, zamonaviy oʻyingohlari qurildi, yangi jihozlar va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlandi. Koʻchalarimiz ham, yashab turgan koʻp qavatli uylarimiz ham toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Bunga yarasha oʻquvchilar ham, kattalar ham oʻqish va ishda doimo ilgʻor boʻlishga harakat qilishmoqda, - deydi Ferangiz Ahmedova.

Shodiyona davomida korxonadagi koʻp yillik fidokorona mehnati, jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qoʻshgan munosib hissasi hamda davlatimiz tomonidan belgilab berilgan ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini oʻz vaqtida taʼminlashga qoʻshayotgan hissasini inobatga olgan holda hamda mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan korxona ishchi-xodimlaridan bir guruhiga korxona bosh direktorining Faxriy yorliqlari topshirildi. Shuningdek, soha fidoyilari turli darajadagi “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni hamda “Navoiyuran faxriysi” unvonlari bilan taqdirlandilar. 

Bayram arafasida korxonamiz rahbariyati tomonidan bizni mehnatimizni eʼtirof etilib III darajali “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashdi. Men bunday eʼtibordan judayam mamnunman. Korxonamiz oʻz oldiga qoʻygan rejalarni sifatli va muddatida uddalashiga ishonamiz va bu yoʻlda biz doim kamarbasta boʻlib mehnat qilamiz. Men 17 yillik faoliyatim davomida ikki marotaba faxriy yorliq olgan edim. Bu galgisi meni judayam xursand qildi. Bizning korxonamiz respublikamizdagi oldi qatorlardagi va uran boʻyicha yagona kompaniya sanaladi. Bu yerda ishchi-xodimlar uchun mehnatga haq toʻlash, ijtimoiy himoya va karera uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, - deydi myehnatga haq toʻlash va ragʻbatlantirish boʻlimi boshligʻi Oybek Usanov.

Tantana davomida mahalliy va poytaxt sanʼatkorlarining dilbar qoʻshiq va raqslari, xalqimizning yuksak ruhini, Vatanga boʻlgan muhabbatini tarannum etdi. Xususan, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi Navoiy viloyat boʻlinmasi sozanda va xonandalari hamda “Yoshlik” madaniyat uyining ijodkorlari tomonidan Ona Vatan, mustaqillik va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiq va raqslar bilan davom etdi. Shuningdek, tantanada oʻzbek estradasi yulduzi Bahrom Nazarov ham ishtirok etib, oʻzining diltortar taronalari bilan yigʻilganlarni xushnud etdi.

Mana bir necha yillardan buyon Navoyi viloyatining koʻplab bayramlariga, xususan, Navroʻz, Mustaqillik bayramlariga ishtirok etib kelaman. Navoiy xalqi judayam sanʼatsevar xalq. Ayniqsa, Zafarobod aholisi bizni judayam yaxshi qarshi olishadi. Men bu moʻjaz shaharchada ikkinchi bor boʻlishim. Xalqimizning kayfiyati aʼlo darajada. Tashkilotchilar bayramga katta tayyorgarlik koʻrishgani sezilib turibdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi yurtimizdagi nufuzli yirik korxonalardan biri sanaladi. Men barcha ijodkorlardan nomidan korxona rahbariyatiga va uning mehnat jamoasiga oʻzimning minnatdorchiligimni bildiramiz. Bayram hammaga muborak boʻlsin, yurtimizga bayramlar yarashadi, - deydi “Shuhrat” medali sohibi Bahrom Nazarov

Shodiyona oxirida yorqin mushakbozlik osmonni ravshan qilib, barchaga bayramon kayfiyat ulashdi. Zafarobod aholisi bu bayramni chinakam shodlik va minnatdorlik bilan kutib oldi. Xalqimiz qalbidagi quvonch, yuzlardagi samimiy tabassum, farzandlarimizning nurli koʻzlarida aks etgan orzu va umid – mustaqilligimiz barchasining mevasidir.

Bugungi kun “Navoiyuran”ning mehnatkashlariga, butun xalqimizga yana bir bor yorqin haqiqatni koʻrsatmoqda - Mustaqillikdan kuch olgan korxona – yurtimiz kelajagi va xalqimiz farovonligi uchun xizmat qiladigan buyuk tayanchdir!