Soʻnggi sakkiz yilda xususiy sektor bilan birga bogʻchalardagi oʻrinlar ikki yarim millionga, qamrov 78 foizga yetkazildi. Yangi maktablar qurilgani, borlari kengaytirilgani hisobiga qoʻshimcha 1 millionta oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Zamonaviy darsliklar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida maktab taʼlimiga yangi mazmun, yangi sifat kirib kelmoqda.
Shu davrda oliy taʼlimda ham keskin burilish yasalib, qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazildi. Ayniqsa, talabalarning 53 foizini xotin-qizlarimiz tashkil etayotgani alohida eʼtiborga sazovor.
Hozirgi vaqtda dunyodagi top oliygohlarda 2 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Ulardan 750 nafari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali davlat hisobidan oʻqimoqda.
«Oʻtgan yili yurtimiz yoshlari TOP-500 talik oliygohlarga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egallagani barchamizni albatta quvontiradi. Ayniqsa, farzandlari dunyodagi eng nufuzli universitetlarda taʼlim olayotgan ota-onalarning xursandchiligini soʻz bilan ifoda qilib boʻlmaydi», – dedi Prezident.